19:28 / 01.08.2020
2 130

Angliya Kubogi finali haqida: Bugun London qaysi rangga burkanadi?

Angliya Kubogi finali haqida: Bugun London qaysi rangga burkanadi?
Foto: SI
Angliya Kubogi final uchrashuvida 1 avgust, shanba kuni Londonning ikki klubi «Chelsi» hamda «Arsenal» o‘zaro kuch sinashadi. Mazkur uchrashuv final maqomida o‘tayotgani va jamoalar bir-biri uchun prinsipial raqib hisoblanishidan tashqari, har ikkala jamoa uchun ushbu o‘yindagi g‘alaba alohida ahamiyat kasb etadi.

«Chelsi» Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, endi esa Frenk Lempard ilk sovrinini qo‘lga kiritishni rejalashtirmoqda. «Arsenal»ni esa Angliya Kubogi finalidagi g‘alaba Yevropa Ligasiga olib chiqishi mumkin. Londonning qaysi rangga burkanishini hal qilib beradigan o‘yin ushbu shaharda joylashgan «Uembli» stadionida bo‘lib o‘tadi. Afsuski, bellashuv «odatiy» tarzda muxlislarsiz o‘tkazildi, biroq maydonda haqiqiy kurash kechishi taxmin qilinmoqda.

Ikkala jamoa uchun ham g‘alaba qozonish juda muhim, ammo Mikel Arteta boshchiligidagi «kanonirlar» uchun g‘alaba ko‘proq zarur. Boisi «Arsenal» Premer Ligani sakkizinchi o‘rinda yakunlab, Yevrokuboklardan quruq qoldi. «To‘pchilar» uchun bu dahshatli natija hisoblanadi, Kubok finalidagi g‘alaba esa ularga Yevropa Ligasiga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun so‘nggi imkoniyat.

«Chelsi» haqida nima deyish mumkin? Angliya Kubogi birinchi navbatda Frenk Lempard uchun katta ahamiyat kasb etadi. U «ko‘klar» bosh murabbiyi sifatida o‘zining ilk sovrinini qo‘lga kiritishni xohlamoqda. «Chelsi» qo‘shnilariga qaraganda, mavsumni yaxshiroq o‘tkazdi: APLda top-4 lik, Angliya Kubogi finali, shuningdek, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi.

2019/20 yilgi mavsumda jamoalar Premer Liga doirasida ikki marotaba to‘qnash keldi: birinchi o‘yinda «Chelsi» ustun kelgan bo‘lsa (2:1), ikkinchi uchrashuvda 2:2 hisobida durang qayd etildi.

Jamoalarning finalgacha bosib o‘tgan yo‘li
Dastlabki ikki bosqichda «Chelsi» Chempionship vakillari «Nottingem Forest» (2:0) va «Hall Siti»dan (2:1) ustun kelgan bo‘lsa, keyingi bosqichlarda ancha ter to‘kishga to‘g‘ri keldi: «Liverpul» (2:0), «Lester» (1:0) va «Manchester Yunayted» (3:1). Ushbu mavsumda Premer Ligada ajoyib o‘yin ko‘rsatgan uch jamoani musobaqadan chiqarib yuborilganidan, Frenk Lempard jamoasining qanchalik kuchli ekanini chamalasa bo‘ladi.

«Arsenal» esa nisbatan «kamtarroq» raqiblar bilan kuch sinashdi. Avvaliga Premer Liga yo‘llanmasini naqd qilgan «Lids» (1:0), so‘ngra «Bornmut» (2:1), «Porsmut» (2:0) va «Sheffild Yunayted» (2:1) mag‘lub etildi. Yarim final bosqichida esa ko‘pchilik uchun kutilmaganda, «to‘pchilar» «Manchester Siti»ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi.

O‘yinga oid qiziq faktlar:
- «Arsenal» Angliya Kubogi doirasidagi so‘nggi 31 ta o‘yinning 28 tasida mag‘lubiyatga uchramagan.
- «Chelsi» Angliya Kubogi doirasidagi so‘nggi 10 ta uchrashuvning 9 tasida g‘alaba qozongan.
- «Arsenal» Angliya Kubogi doirasidagi 4 ta o‘yinda kamida 2 tadan gol urgan.
- «Chelsi» barcha musobaqalarda «to‘pchilar»ga qarshi so‘nggi 3 ta o‘yinda kamida 2 tadan gol urgan.

Taxminiy tarkiblar:
«Arsenal»: Martinelli — Holding, Luis, Tirni — Belerin, Sebalos, Jaka, Saka — Pepe, Lyakazett, Obameyang.
«Chelsi»: Kabalero — Ryudiger, Zuma, Aspilikueta — Alonso, Kovachich, Kante, Jeyms — Pulishich, Jiru, Maunt.

Murabbiylar o‘yin oldidan qanday fikrda?

«Lempard futbolchilik faoliyati davomida eng yaxshi o‘yinchilardan biri bo‘lgan. U uzoq yillar davomida katta klubda bunday barqarorlikni namoyish eta olganligiga aql bovar qilmaydi. Bu juda katta yutuq. Murabbiy sifatida u «Derbi Kaunti»ni boshqarganida o‘z abmitsiya va ishtiyoqini ko‘rsata oldi. Ikkalamiz ham yoshmiz va yangi narsalarni o‘rganishga harakat qilyapmiz», - deydi «Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta.

- "Agar Angliya Kubogida g‘alaba qozonsak, bu yosh futbolchilar uchun juda yaxshi tajriba bo‘ladi. Final tajribasi o‘zgacha bo‘ladi. Finallarda qancha ko‘p o‘ynasangiz, shuncha yaxshi, biroq men o‘z jamoamga bosim o‘tkazishni xohlamayman", - deydi «Chelsi» ustozi Frenk Lempard.

Angliya Kubogi finali
1 avgust, shanba
21:30 «Arsenal» — «Chelsi»

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Angliya Kubogi finali haqida: Bugun London qaysi rangga burkanadi?