15:30 / 27.09.2020
3 021

“Arsenal” Shomurodovni unutgani yo‘q!

“Arsenal” Shomurodovni unutgani yo‘q!
Rossiya premer-ligasining 9-turida Tulaning “Arsenal” klubi o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida “Rostov” jamoasini qabul qiladi.

Eldor Shomurodov to‘p surayotgan “Rostov” Yevropa Ligasini ilk uchrashuvdayoq tark etganidan keyin, Valeriy Karpin shogirdlarining bor e’tiborini milliy chempionat o‘yinlari va Rossiya kubogi musobaqasiga qaratishdan boshqa yo‘li qolmadi. Shunday bo‘lsa-da, rostovliklar kelasi mavsum ham “ko‘hna qit’a” miqyosidagi turnirlardan biriga yo‘llanma olish uchun kurashadi.

Chunki Yevropa futboli havosidan bahramand bo‘lgan har qanday klub yana bu turnirlarni qo‘msayveradi. Qit’aning nufuzli musobaqalari moddiy tomondan ham, futbolchilarning g‘alabaga ishtiyoqini uyg‘otish va oshirish jihatidan ham har bir klub uchun o‘ta manfaatli va muhim omil hisoblanadi.

“Arsenal” keyingi yillarda Rossiya chempionatining o‘rtamiyona jamoalaridan biriga aylanib qolgan. Joriy chempionatda ham tulaliklar yuqori o‘rinlarga da’vogarlik qila olmasligi tobora oydinlashib bormoqda. Lekin “Arsenal” o‘z maydonida o‘tkazilgan uchrashuvlarda musobaqa jadvalida o‘zidan ancha yuqorida turgan “Dinamo” va “Sochi”ni yer tishlatdi. Muxlislari guvohligida “Axmat” va “Ximki”dan bittadan ochko oldi. Sakkiz ochko jamg‘argan bu jamoa hozircha 12-o‘rinda bormoqda.

“Rostov”ning milliy chempionatdagi ishlari mezbonlarnikidan yaxshiroq. Karpin shogirdlari “Tambov”, “Ufa”, “Ural”, “Rotor”ni yengib, “Krasnodar” va “Lokomotiv” jamoalari bilan durang o‘ynadi. Biroq, mamlakat chempioni “Zenit” va yuqori o‘rinlarga da’vogarlik qilayotgan “Dinamo”ga rostovliklarning kuchi yetmadi. Ayni paytda “Rostov” 14 ochko bilan yettinchi pog‘onadan joy olgan.

“Arsenal” va “Rostov” Rossiya premer-ligasi doirasida jami 10 marotaba o‘zaro kuch sinashgan. Ustunlik rostovliklar tomonida. Shomurodovning jamoasi to‘rttadan g‘alaba va durang qayd etgan, ikkita uchrashuvda “Arsenal” o‘z nomiga yarasha natija ko‘rsatgan.

O‘tgan mavsumdagi “Rostov” tulaliklardan olti ochko olishga muvaffaq bo‘lgan. Ayniqsa, Tuladagi bahs keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tib, darvozalarga beshta to‘p kiritilgan. Tulaliklar 2:3 hisobida yakunlangan bellashuvda raqibning uchinchi golini Eldor Shomurodov urib, rostovliklarning g‘alabasini ta’minlab berganini hali unutgani yo‘q.

Bugungi uchrashuv ham muxlisu mutaxassislar diqqat markazida. Qolaversa, biz uchun muhimi, “Rostov”ning asosiy hujumchisi vazifasini bajarayotgan Eldor Shomurodov Yevropa Ligasida “Makkabi Xayfa” darvozasini ishg‘ol qilib, 208 kun davom etgan golsiz seriyasiga barham berdi. Endi Eldorning muxlislari haqli ravishda undan o‘tgan yildagi kabi gollar shodasini kuta boshladi.

“Arsenal” – “Rostov” uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 16:00da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Arsenal” Shomurodovni unutgani yo‘q!