23:20 / 28.09.2020
2 378

Shota Arveladze: "Istiqlol"ga qarshi o‘yin, Eronning eng kuchli klubi va koronavirus haqida"

Shota Arveladze: "Istiqlol"ga qarshi o‘yin, Eronning eng kuchli klubi va koronavirus haqida"
"Paxtakor" klubi bosh murabbiyi Shota Arveladze championat.asia sayti yordamida Eronning IRNA axborot agentligiga intervyu berdi.
Quyida ushbu intervyuni taqdim etamiz.

- "Istiqlol"ga qarshi o‘yin haqida nima deya olasiz?
- Agar statistikaga qarasangiz to‘pni nazorat qilishda raqibdan katta ustunlikka ega bo‘ldik - 70:30. Darvozaga aniq zarbalar va burchak to‘plari bo‘yicha ham raqibdan ustun edik. "Istiqlol" qolgan Eron klublari singari jismonan juda ham yaxshi tayyorgarlikka ega. O‘yini yaxshi tashkil etilgan, himoya chizig‘i va hujumchilari juda kuchli. "Istiqlol" ko‘proq urg‘uni himoyaga qaratdi. Ammo biz shu kuni g‘alabaga loyiq edik. O‘yinni nazorat qildik, faqat ba’zi vaziyatlarda raqib hujumlarini o‘tkazib yubordik xolos. Raqib oddiy emasdi, kurashdi, hujum qildi, ammo g‘alabaga haqli jamoa g‘olib bo‘ldi.

- "Paxtakor" so‘nggi bor 16 yil yarim finalga chiqqan. Bu yil ushbu natijani takrorlay olasizlarmi?
- Qaysi bosqichga qadar yetib borishimizni bilmayman. Ammo so‘nggi 3 yilda bu jamoani "qurdik". Klubda ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshirdik, masalan, akademiyadagi tayyorgarlik, o‘yin falsafasi, texnologiyalar va bu jamoa poydevorini o‘zgartiradi, ammo "Paxtakor"ning chiroyli va tomoshabop o‘yin namoyish etish uslubini o‘zgartirmaydi. Bundan tashqari biz o‘zbekistonlik yosh futbolchilarga e’tibor qaratishga urinyapmiz, ko‘ramiz bundan nima kelib chiqar ekan.

- So‘nggi yillarda Eron klublari "Paxtakor"ni hatto Eronda ham mag‘lub eta olmayapti.
- Bu futbol va unda keyingi safar kim g‘olib bo‘lishini bilmaymiz. Sizning klublar OCHLda muntazam ishtirok etishadi, ushbu musobaqa finallariga ham chiqishgan. Eron terma jamoasi Osiyo Kubogida doimiy ishtirok etadi va oxirgi yillarda Jahon chempionati final bosqichlariga muntazam chiqmoqda. So‘nggi ikkita mundialda yaxshi o‘yin namoyish etdinglar, ammo mamlakatingizda ko‘plab muammolar bor. Eronda kurash borligiga qaramay futbol birinchi raqamli sport turi. Men gruziyalikman va Gruziya hamda Eron kurashda doim jiddiy raqobatchi ekanini bilaman. Ammo futbol juda ham ommabop va o‘yinlarga 100 minglab odam keladi. Ko‘p muammolar bor, biroq vaqt o‘tishi bilan barchasi yaxshi bo‘lishi kerak.

- Eron klublari orasida eng kuchlisi qaysi deb hisoblaysiz?
- Men Eronning ko‘plab klublari o‘yinini ko‘rganman. Balki boshqa jamoa muxlislari menining fikrimga qo‘shilishmas, ammo menimcha "Persepolis" eng kuchlisi.

- Siz murabbiylikni Niderlandiyada boshlagansiz. "Paxtakor" ham golland uslubini singdirasizmi?
- Biz Niderlandiya, Ispaniya yoki Germaniya o‘yin uslubini ko‘chirmasligimiz kerak. Biz futbol instikti bo‘yicha davom etishimiz darkor. Jamoaviy o‘yin, tartib, tezkor pas, ortga qaytishdan ko‘ra oldinga ko‘proq harakat qilish va gollar urish.

- Sizda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Hozir holatingiz qanday? Keyingi o‘yinda zaxira o‘rindig‘ida bo‘lasizmi?
- Yo‘q afsuski men zaxira o‘rindig‘ida bo‘la olmayman. Kasallik hamon mavjud, menda biroz holsizlik va bosh og‘rig‘i bor. Ammo umuman olganda xudoga shukurki vaziyat bir ma’romda. Har kuni tuzalishimni va oilam hamda jamoaga qaytishni so‘rab duo qilayapman. Umid qilamanki barchasi yaxshi bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shota Arveladze: "Istiqlol"ga qarshi o‘yin, Eronning eng kuchli klubi va koronavirus haqida"