21:31 / 19.10.2020
943

Vadim Abramov: Hakamlarimiz Yevropa futbolini ko‘rmaydimi?

Vadim Abramov: Hakamlarimiz Yevropa futbolini ko‘rmaydimi?
O‘zbekiston Coca Cola Superligasi 19-turidan o‘rin olgan "Lokomotiv" va "Bunyodkor" jamoalari o‘rtasidagi Toshkent derbisi "temiryo‘lchilarning" 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Vadim Abramov quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:

"Men nima ham deya olaman?! Barchangiz o‘yinni ko‘rdingiz. "Lokomotiv"ni g‘alaba bilan tabriklayman. Faqat, bir narsa haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Raqib o‘yin tempini buzish uchun ko‘p ishlar qildi. Buni tushunish mumkin: futboldagi oddiy ayyorlik. Ammo hakamlar nima uchun kerak? Biz - murabbiylar, futbolchilar g‘arb futbolidan o‘zimizga kerakli narsalarni o‘rganamiz. Nahotki, hakamlar futbol ko‘rmaydi?!

Ular ochiqchasiga vaqt cho‘zmoqda. Jami 10 ta o‘zgarish bo‘lgan o‘yin uchun 4 daqiqa qo‘shib berilmoqda. Angliya futbolini ko‘ring, 8-10 daqiqagacha qo‘shib berishadi. Men o‘yin davomida ham ularga shuncha to‘xtalishga qaramay, 3-4 daqiqa qo‘shib berishlarini aytgandim. Mana, shunday ham bo‘ldi.

Gollarni personal xatolar evaziga qo‘yib yubordik. Birinchi golda ofsayd bordek tuyuldi. Ikkinchi golda esa himoyachilar joy tanlashda adashdi.

"Lokomotiv" darvozabonini eng yaxshi o‘yinchi, deb atagan bo‘lardim. Kerakli vaziyatlarda kerakli ishlarni amalga oshirdi.

Nuriyevda kam o‘yin amaliyoti bo‘lmoqda. Aksariyat o‘yinlarda 10-15 daqiqa o‘ynamoqda. Bir o‘yinda penalti ham ishlab bergandi. Ha, hujumchining vazifasi gol urish. Ammo unda kam vaqt bo‘lmoqda. Shunga qaramay, aytib o‘tishim kerakki, bugun maydonga tushirgan futbolchilarimizning hech biri o‘yinni kuchaytira olmadi. Xurshid G‘iyosov bilan bog‘liq vaziyatda hech qanday muammo yo‘q edi. U qizil kartochka ishlab olishi mumkin edi. Shuning uchun, uni birinchi bo‘limdayoq almashtirdim", - dedi Vadim Karlenovich.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)