21:12 / 07.12.2020
3 161

Bugungi muhim o‘yinda “Jenoa” Shomurodovga tayanadi, raqib esa Riberiga

Bugungi muhim o‘yinda “Jenoa” Shomurodovga tayanadi, raqib esa Riberiga
Italiya A Seriyasining 10-turidan o‘rin olgan oxirgi uchrashuvda chempionat autsayderlari “Fiorentina” va “Jenoa” o‘zaro kuch sinashadi.

To‘qqiz tur yakuniga ko‘ra, bo‘lajak uchrashuv mezboni hisoblangan “Fiorentina” sakkiz ochko bilan 17-pog‘onani egallab turibdi. Chezare Prandelli shogirdlari so‘nggi to‘rtta turda faqat bir ochkoni qo‘lga kiritdi. Florensiyaliklar bu uchrashuvlarda raqib darvozasini biror marotaba ishg‘ol qila olmadi.

“Jenoa” ham oxirgi to‘rtta o‘yinning barini raqiblarga boy berdi. Lekin genuyaliklar bu galgi raqobatchidan farqli ravishda to‘rtta uchrashuvdan uchtasida raqib darvozasiga to‘p kirita oldi. Jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa-da, Rolando Maran shogirdlari ketma-ket yutqazmoqda va qimmatli ochkolar raqiblarga nasib qilyapti. Keyingi paytda bosh murabbiyning kursisi qimirlab qolgani haqida ham xabarlar chiqa boshlashdi.

Tarkib borasida “Fiorentina” anchagina kuchli ekanini ta’kidlash lozim. Florensiyaliklar himoyasida Kristiano Biragi, Nikola Milenkovich singari katta klublar nishonida turgan futbolchilar yetakchilik qilmoqda. Maydon markazida Frank Reberi, Jakomo Bonaventura, Borxa Valero, Sofyan Amrabat kabi mashhur yarim himoyachilar to‘p tepadi.

Yozgi transferlar mavsumida Eldor Shomurodovga xaridor bo‘lgan “Fiorentina” hujumida katta jamoalar maktabini ko‘rgan tajriba forvardlar Xose Kalexon va Patrik Kutrone bilan birga serbiyalik Dushan Vlaxovich va ivuarlik Kristian Kuame kabi legionerlar o‘ynayapti.

“Jenoa”da kadrlar muammoasi ko‘zga tashlanmoqda. Asosiy darvozabon Mattia Perin, yetakchi himoyachilar Domeniko Krishito, Davide Biraski, Davide Dzappakosta, mohir yarim himoyachilar Filippo Melegoni, Franchesko Kassata jarohati bois maydonga tusha olmaydi. Serbiyalik Ivan Lakisevich va daniyalik Lasse Shyone diskvalifikatsiya qilingan.

Mutaxassislar “Fiorentina” va “Jenoa” bahsida mezbonlarning ustunligini aytayotgan bo‘lsa-da, bu uchrashuv natijasini oldindan taxmin qilib bo‘lmaydi. Chunki har ikki jamoa ham hali o‘z o‘yinini topib ulgurgani yo‘q.

Florensiyaliklarning asosiy ustunligi tarkibda ko‘pni ko‘rgan tajribali futbolchilarning borligi bilan izohlanmoqda. Qolaversa, ketma-ket to‘rtta uchrashuvda ochko yo‘qotgan jamoa o‘z uyida autsayderlardan biriga qarshi o‘yinda bu noxush seriyani to‘xtatishi kerakligi ularga qo‘shimcha motivatsiya berishi lozim.

Mutaxassislarning fikricha, “Jenoa” tarkib muammosiga duch kelgan ayni vaziyatda genuyaliklarning asosiy tayanchi Eldor Shomurodov va Janluka Skamakka hisoblanadi. Genuyaliklar tarkibiga yozgi transferlar vaqtida birga kelgan har ikki hujumchi bugungi kunda asosiy tarkibga kira oldi.


Italiya yoshlar terma jamoasi to‘purari Skamakkaga italyan futboliga moslashish uchun vaqt sarflagani yo‘q. Eldor Shomurodov esa jamoa yulduzi Goran Pandev bilan raqobatda ustunligini ko‘rsata oldi va “Jenoa”ning oxirgi ikki o‘yinidan buyon boshlang‘ich tarkibdan joy olmoqda.

A Seriyadagi joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan jamoalar o‘rtasidagi bahs keskin va murosasiz o‘tishi kutilmoqda. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 7 dekabrdan 8 dekabrga o‘tar kechasi 00:45da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bugungi muhim o‘yinda “Jenoa” Shomurodovga tayanadi, raqib esa Riberiga