12:00 / 12.12.2020
3 336

Ronaldu bilan uchrashuvga tayyorlanayotgan Shomurodov haqida tanqidchilar fikrini o‘zgartiradigan 11 fakt

Ronaldu bilan uchrashuvga tayyorlanayotgan Shomurodov haqida tanqidchilar fikrini o‘zgartiradigan 11 fakt
“Jenoa” hujumchisi Eldor Shomurodov tobora Yevropaning eng kuchli chempionatlaridan biriga moslashib bormoqda. Albatta, futbolchimizga yangi muhitga ko‘nikishi uchun biroz vaqt kerak. Legionerimizning A Seriyadagi o‘yinini maqtayotganlar ham, uni tanqid qilayotganlar ham yetarlicha topiladi. Biz e’tiboringizga Shomurodov haqidagi ijobiy fikrlar jamlangan faktlar va ma’lumotlarni havola qilamiz.

Eldorning orzusi kuchli beshlik chempionatlarida o‘ynash va doimiy o‘sishga erishish. Demak, uni ortga qaytadi, deganlar xato qiladi. Agar Shomurodov oson yo‘lni tanlaganida Rossiya premer-ligasida o‘ynab yuraverardi. Unga xaridor bo‘lgan rus grandlariga o‘tib, “Jenoa” to‘layotganidan ko‘p maoshga ham erishishi mumkin edi. Lekin u maqsadi sari dadil odimlamoqda.
* * *
Shomurodov 25 yoshda. U hali yanada ko‘proq o‘sishga erishadi. Agar salohiyati bo‘lmaganida xarajatlar masalasida saxiy bo‘lmagan italiyaliklar uning transferi uchun 9 million yevro tikmasdi.
* * *
Shomurodov shakllangan, kuchli futbolchi. U “Rostov”dan tashqari O‘zbekiston terma jamoasida ham nimalarga qodirligini ko‘rsatib kelgan. Nafaqat o‘z yurtining, balki Osiyoning eng zo‘r futbolchilari safiga kiradi. Yevropada esa osiyolik charm to‘p ustalarining nufuzi oshib bormoqda.
* * *
“Jenoa” bosh murabbiyi Rolando Maran Eldor Shomurodovning dastlabki mashg‘ulotidayoq uning ishtiyoqi, intilishi, harakatlariga tan bergan edi. O‘zbek futbolchisi mehnatsiz rohat yo‘qligini yaxshi biladi. Unda yaxshi futbolchi bo‘lish uchun barcha sifatlar yetarli darajada shakllangan. Eldordan faqat mehnat va yangi chempionatga tezroq moslashish talab qilinadi. Har bir o‘zini hurmat qilgan murabbiy yangi futbolchiga moslashib olish uchun vaqt va imkoniyat beradi. Ayniqsa, o‘yinchi boshqa darajadagi chempionatdan kelgan bo‘lsa.

* * *
“Jenoa”ning uslubi Eldorga mos emas, deganlarga javob shuki, kuchli futbolchiga o‘zini ko‘rsatish uchun jamoa saviyasi va darajasi xalaqit qilmaydi. Shomurodov tezkorlik, pas berish, texnika, ikkinchi qavatdagi kurash, aniq zarba, bosh bilan o‘ynash, hujum tashkil qilish kabi o‘zining ustun tomonlarini ko‘rsata boshladi.
* * *
Shomurodov jamoa o‘yiniga tobora kirishib bormoqda. Buni futbolchining jamoadoshlarini qulay pozitsiyaga chiqarayotganidan bilib olish ham mumkin. A Seriyada Shomurodov va Skamakka hujum juftligi paydo bo‘lgani aytilmoqda.
* * *
Eldor “Jenoa”ning asosiy yulduzi Goran Pandevni raqobatda ortga qoldirdi. O‘zbekistonlik legioner ketma-ket uchta uchrashuvdan beri boshlang‘ich tarkibda maydonga tushmoqda.
* * *
Shomurodovning futbolchi sifatidagi ustunliklarini kamtarlik, mehnatsevarlik, iroda, maqsad sari intilish kabi insoniy xususiyatlari mustahkamlab turadi.

* * *
“Jenoa”da Goran Pandev, Alberto Jilardino, Diyego Milito, Rodrigo Palasio, Marko di Vayo, Chiro Immobile, Kaxa Kaladze, Muhammad Kallon, Marko Borrello, Aldair, Esekel Lavessi , Vinchenso Montella, Tiagu Motta, Lukas Okampos, Kshishtof Pyontek, Rafinya, Djovanni Simeone, Luka Toni, Sebastyan Frey, Stefan Karim El-Shaaravi kabi mashhur futbolchilar porlagan. Shomurodovda ham ular qatoriga qo‘shilish imkoni bor.
* * *
Shomurodov bittadan golli pas va gol bilan A Seriyadagi samarali harakatlar hisobini ochdi. Shu tariqa, Eldor kuchli beshlik chempionatlari yuqori ligasida gol urgan birinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi.
* * *
Eldor Shomurodovga nafaqat hamyurtlarimiz, balki Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlaridagi futbol ishqibozlari ham muxlislik qilmoqda.

Italiya A Seriyasining 11-turida Eldor Shomurodovni yana bir tarixiy uchrashuv kutib turibdi. 13 dekabr kuni genuyaliklar mamlakatning amaldagi chempioni “Yuventus”ni qabul qiladi. Demak, Eldor Shomurodov bugungi kunda jahon futbolida eng ko‘p gol urgan hujumchi Krishtianu Ronaldu bilan bevosita raqobatlashish imkoniga ega.

“Jenoa” va “Yuventus” o‘yini Toshkent vaqti bilan 22:00da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ronaldu bilan uchrashuvga tayyorlanayotgan Shomurodov haqida tanqidchilar fikrini o‘zgartiradigan 11 fakt