21:21 / 16.01.2021
4 268

«Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit» — Jismoniy tarbiya va sport vazirligi antiqa bayonot berdi

«Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit» — Jismoniy tarbiya va sport vazirligi antiqa bayonot berdi
Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati
O‘zbekiston o‘zining eng iqtidorli va mohir shaxmatchilarini yo‘qotmoqda. Gulruhbegim Tohirjonova AQSH nomidan xalqaro musobaqalarda qatnashayotgan bo‘lsa, uning opalari — O‘zbekiston tarixida ayollar o‘rtasida birinchi xalqaro grossmeyster maqomini olgan Nafisa Mo‘minova va Hulkar Tohirjonovalar terma jamoadan chetlatilgan. Federatsiyani yana bir iqtidor egasi, turli yosh toifalarida 6 karra jahon chempioni Javohir Sindorov tark etishi mumkin.

Javohirning aytishicha, xuddi shunday muammolar sabab kuchli shaxmatchi va grossmeysterlar — Temur Gareyev, Anton Filippov (Filippov federatsiya e’tiborsizligi sabab Qozog‘istonga ketgan), Temur Ko‘ybakorov va boshqalar o‘z federatsiyasini almashtirishga majbur bo‘lgan.

Muammolar yillar davomida yig‘ilib (Anton Filippovning uch yil avval tushgan holatini o‘qing), oxiri «portlagan» bir vaziyatda, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi antiqa bayonot bilan chiqdi.

Emishki, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamda mamlakatimizning eng iqtidorli shaxmatchilari o‘rtasida yuzaga kelayotgan ushbu muammoli vaziyatga vazirlik befarq qarab turmaydi. Shu maqsadda «Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati mavjud vaziyatni xolisona o‘rganish va muammoga adolatli yechim topish maqsadida G.Tohirjonovaning otasi Alisher Mo‘minov bilan uchrashgan. Unda Gulruhbegimning bunday qaror qabul qilishiga nima sabab bo‘lganligi, iste’dodli shaxmatchi O‘zbekiston terma jamoasiga qaytarilishi, xalqaro maydonlarda jonajon Vatanimiz bayrog‘ini himoya qilishga tayyorligi kabi masalalar ham muhokama qilingan».

«Shuningdek, yosh va umidli shaxmatchimiz J.Sindorovning bobosi Komil Sindorov va yana bir qancha shaxmat mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning dardi tinglandi. Shaxmatchilarning oilasi va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bilan o‘zaro munosabatlari o‘rganildi. Ta’kidlash kerak, Gulruhbegim Tohirjonova, Javohir Sindorov kabi umidli sportchi yoshlar Hukumatimiz va xalqimizning doimiy e’tiborida», — qayd etiladi bayonotda.

Bu — vazirlikning shaxmat federatsiyasida yuzaga kelgan jiddiy masala yuzasidan bayonotimi yoki mahalla raisining bir-biri bilan chiqisha olmaydigan er-xotinni majburlab yarashtirish majlisidagi bayonnomasimi?!

Fakt shuki, iqtidorli va taniqli shaxmatchilar bekordan-bekorga federatsiyani tark etmaydi. Ularning soni bir emas, bir nechta! Bu hali biz bilganlarimiz. Ochiqlanmagan holatlar bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas. Shunday vaziyatda O‘zbekistonda sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi (vazirlik o‘ziga shunday izoh bergan) «qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit» qabilidagi bayonot bilan cheklanishi muammo aslida tizimda ekanini o‘z-o‘zidan fosh etib qo‘yadi.

Sport — professionallikni talab etadi. Ishini professional yo‘lga qo‘ygan vazirlik masalaga aniq yechim topadi, zo‘rma-zo‘raki «yarashtirishlar» bilan shug‘ullanmaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit» — Jismoniy tarbiya va sport vazirligi antiqa bayonot berdi