23:53 / 31.01.2021
3 864

Shomurodov Destroning soyasida qolib ketyaptimi? Mutaxassis qanday javob berdi?

Shomurodov Destroning soyasida qolib ketyaptimi? Mutaxassis qanday javob berdi?
Bugun Italiya A seriyasining 20-turida hamyurtimiz Eldor Shomurodov to‘p surayotgan “Jenoa” klubi safarda “Krotone” mehmoni bo‘ldi va ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Mezbonlar darvozasiga kiritilgan javobsiz uchta gol evaziga “Jenoa” muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.

Shomurodov ushbu uchrashuvda ham asosiy tarkibda o‘yinni boshladi va o‘yin taqdiri hal bo‘lgach, 61-daqiqada zaxiraga olindi. Ko‘rinib turibdiki, bosh murabbiy Davide Ballardini unga ishonyapti va hujumda Destro-Shomurodov tandemi ancha samaraliroq ekanligini ko‘rsata olyapti. Bizni birinchi navbatda qiziqtirayotgan narsa nima?

Albatta, Eldorning o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgani yaxshi, ammo shu bilan birga undan gol ham kutayotganimiz tabiiy. Chunki u hujumchi va tabiiyki, jamoasiga ham uning gollari kerak. Hozirgacha hamyurtimiz o‘z hisobiga ikkita gol yozib qo‘ydi. “Parma” hamda “Sassuolo” darvozalarini ishg‘ol qilgani albatta yodimizda turibdi. “Krotone”ga qarshi uchrashuv esa hamyurtimizning “Jenoa”dagi 14-o‘yiniga aylandi. Bugungi uchrashuvda ham Shomurodov golli hujumning boshlanishida ishtirok etdi. Mattia Destro esa dubl qayd etdi va gollari sonini 9 ta yetkazdi. 16 ta uchrashuvda 9 ta gol yaxshi natija-a?

Agar “Jenoa”ning o‘yinini ko‘rayotgan bo‘lsak, xuddi Eldor Destroning soyasida qolib ketayotgandek ham tasavvur uyg‘onmoqda. Chunki Mattia asosan hujum markazida gavdalanyapti. Shuning uchun jamoasining to‘purari bo‘lib turibdi. Qolaversa, bugungi o‘yindagi ishtiroki uchun Shomurodovga 6,7 ball qo‘yilgan. Boshlang‘ich tarkibda to‘p surgan o‘yinchilar orasida eng past ball unga tegishli bo‘ldi. Aslida Shomurodovni Destroning soyasida qolib ketayotgani haqidagi fikrimiz qanchalik to‘g‘ri? Bu borada taniqli mutaxassis Islom Ahmedovga murojaat qildik va u hamyurtimizning “Jenoa”dagi ishtiroki borasida o‘zining mulohazalarini bildirdi.

- Birinchi navbatda bizning o‘yinchimiz Italiyada to‘p suryapti. U yerning futboli esa boshqa saviyada. Ko‘ryapsiz, Eldor Shomurodov o‘z jamoasining asosiy tarkibida o‘ynayapti. Shunga yarasha hamyurtimiz mehnat qilyapti. Uning maydondagi harakatlari yaxshi, albatta. Shuni alohida aytmoqchiman, birdaniga kelib to‘purar bo‘lish juda qiyin, ayniqsa Italiya chempionatida. Moslashishga, bir-birini tushunishga vaqt kerak bo‘ladi. Nimagaki, Italiyada talablari ham, odamlari ham, umuman hamma narsa boshqacha.

Ozgina sabr qilishimiz lozim. Bizning futbolchimiz juda iste’dodli. Yevropa futboli saviyasida bemalol o‘ynab keta oladi. Bunga 100 foiz ishonaman. Unga vaqt kerak. Italiya chempionati texnik yoki kreativlik tomonidan pastroq. U yerda ko‘proq himoyaviy va jismoniy futbolga urg‘u qaratiladi. Biznikilar texnik futbolga o‘rganishgan. Italiyada esa faqat ishlash talab etiladi. Esingizdami, Andrey Shevchenko “Milan”da rosa porlagandi. Keyin “Chelsi”ga o‘tdi. U yerda o‘yin uslubi umuman boshqacha edi. Natijada Shevchenko yo‘qolib qolgandi. Chunki Angliyada boshqa talab va boshqa o‘yin edi. To‘g‘ri, Shomurodovga Italiyada qiyin, ammo o‘ynab ketishiga ishonaman. Unda jismoniy tomondan tabiiy kuch bor. Ruhiy tarafdan ham Eldor kuchli bola. Darvozani yaxshi his qiladi.

Unga bekordan-bekorga “Yuventus” qiziqmaydi-ku! Bularning hammasi rost. Xorijlik skautlar futbolchining o‘sha klubda o‘ynay oladimi-yo‘qmi, hammasini yaxshilab tahlil qilgach, keyin taklif qilishadi. Demak, Shomurodovda imkoniyat bo‘ladi. U ularning o‘yin uslubiga kerak. Eldorning yaxshi jihatlaridan biri shuki, unda tezlikdagi texnikasi bor. “Yuventus”ga esa shu narsa kerak. Eldorning hozirgi vazifasi esa “Jenoa”da o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsatish. Gol ursa undan-da yaxshi. Lekin asosiysi, u jamoaviy o‘yinda yaxshimi-yo‘qmi? Ko‘pchilik shuni kuzatyapti.

Fransiya terma jamoasi Rossiyadagi jahon chempionatida chempion bo‘ldi-a? O‘shanda markaziy hujumchisi Olive Jiru mundialda birorta ham gol ura olmagan. Lekin bosh murabbiy Jiru to‘g‘risida nima dedi? Agar u shu joyda o‘ynamaganida biz chempion bo‘la olmasdik, deb aytgan. Ko‘ryapsizmi, albatta jamoaviy o‘yinchi ham bo‘lishi kerak, ayniqsa, Italiya chempionatida. Qarang, u yerda himoyaviy o‘yin shakllangan. Bejizga Shomurodovga biroz vaqt kerak deb aytmayapman. U juda iste’dodli, tabiiy kuchi bor. Shomurodovda Xudo tomonidan berilgan iqtidor bor. Bugungi kundagi bizning yulduzimiz, - deya munosabat bildirdi Islom Ahmedov.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov Destroning soyasida qolib ketyaptimi? Mutaxassis qanday javob berdi?