14:13 / 15.03.2021
2 917

Serazetdinov "Turon" darvozasiga nega nohaq penalti belgiladi? U adashganmidi yoki...

Serazetdinov "Turon" darvozasiga nega nohaq penalti belgiladi? U adashganmidi yoki...
“So‘g‘diyona” – “Turon” o‘rtasidagi o‘yin, undagi hakamlik ishi va uchrashuvdan keyingi raqib jamoa murabbiyining keskin fikrlari hali anchagacha mulohaza yuritishga sabab bo‘ladi. Bu barchada katta reaksiya keltirib chiqarayotgani rost. “So‘g‘diyona” shunchaki nohaq belgilangan penalti orqali uch ochkoni qo‘lga kiritdi. “Turon” esa jabrdiyda jamoaga aylandi. Ular bunday mag‘lubiyatni xazm qila olmayaptilar.

Albatta, ularni tushunish mumkin. O‘sha vaziyatda “Turon”ning o‘rnida boshqa jamoa bo‘lishi ham mumkin edi. Ammo hammasiga sababchi Viktor Serazetdinov. Hayronmiz, o‘sha vaziyatda u qaysi aqli bilan 11 metrli nuqtani ko‘rsatdi ekan? Bu borada o‘sha vaziyatning o‘zidayoq PFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev o‘zining telegramdagi kanali orqali “Afsuski, oramizda bosh bilan qo‘lning farqiga bormaydigan professionallar ham bor”, degan fikrni yozib qoldirdi.

Albatta, bu ish shundayligicha qolib ketmaydi va tez orada chora ko‘rilishi aniq. Lekin hakamning o‘sha vaziyatda o‘ta qo‘pol xatosini muxlis va mutaxassislar turlicha talqin qilmoqdalar. U atayin qildimi yoki aksinchami? Baribir mana shunday paytda o‘sha VAR tizimi bo‘lganida bunday salbiy vaziyatning oldi olingan bo‘lardi.

Mazkur holat bo‘yicha o‘z fikrini bildirayotgan mutaxassislar bisyor. Yurtimizdagi tajribali sobiq hakamlardan biri Hasan Ro‘ziyevni ham Serazetdinovning ishi befarq qoldirmadi.

- Hamma inson xato qilishga haqqi bor. Allohni bandasi borki, xato qiladi. Chunki inson robot emas. Shuning uchun har bir uchrashuvga VARni tezlatib, ishga tushirish kerak. Albatta, kechagi uchrashuvdan keyin “Turon” murabbiylari va o‘yinchilarini yaxshi tushunib turibman. Ular juda qiyin holatga tushishdi. Chunki buning tagida mashaqqatli mehnat yotibdi. Penalti noto‘g‘ri qo‘yildi, buni hamma ko‘rdi. Hakamni chalg‘itgan holat futbolchini qo‘li biroz ko‘tarilgandi. Shu bois u aldanib qoldi. Lekin bir narsani aytaman: hakam bu vaziyatda atayin qilmadi. Bu – futbol. Balki bunday holatga boshqa jamoalar ham tushishi mumkin. Hozircha VAR ishlamas ekan, bunday vaziyatlar har turda ro‘y berishi 70 foizga yaqin, - deydi Ro‘ziyev.

Uchrashuvdan keyin ayniqsa, “Turon” bosh murabbiyi Islom Ismoilovning gapirgan achchiq haqiqatlari yanada shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. U o‘zining faoliyatini o‘rtaga qo‘yib hammasini ochiq-oydin aytib yubordi. Bunga o‘sha nohaq belgilangan penalti sabab. Axir tan olaylik, Serazetdinovning o‘sha xatosi yakunda o‘yin taqdirini hal qildi. Shu bois Islom Ismoilov hakamlikda ham adolatni talab qilib chiqdi.

Bilamizki, o‘tgan yili O‘FA bu borada ishlar olib borgan holda bir qator hakamlarni chetlatgandi. Aftidan, bu holat ushbu mavsumda ham davom etadiganga o‘xshaydi. Shu o‘rinda Hasan Ro‘ziyevning mazkur masala bo‘yicha fikrlariga quloq soldik.

- “Turon” murabbiyining o‘yindan keyingi holatini hamma yaxshi tushunib turibdi. Hakam xato qilgan, gap bo‘lishi mumkin emas. Hozir oqni oq, qorani qora deydigan payt. Negaki, O‘FA hakamlar bilan juda qattiq ishlayapti. Faqat hakamlar emas, futbolchilar ham xato qilishdi. Bunday paytda ularniki o‘zlariga bilinmaydi. Kuchli bo‘lsa, ikkita gol urib, hakamga Alloh guvoh deb maydondan chiqib ketsa, har qanday hakamni yuragiga pichoq urib ketgandek bo‘ladi. Keyingi safar extiyot bo‘lib hakamlik qiladi. Serazetdinovga qanday chora ko‘rilishini men emas, komissiya hal qiladi.

Chetlatilgan hakamlarga kelsak, hammasini O‘FA rahbarlari bir narsaga asoslanib chiqarishgan qaror deb bilaman. Ular Superligani eng oldi hakamlari edi. Ularni o‘rni ikkinchi davrada bilinib qoladi, qiyin uchrashuvlarda, ayniqsa, Temur To‘xtasinov bilan Sherzod Qosimov
, - deya fikr bildirdi, Hasan Ro‘ziyev.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Serazetdinov "Turon" darvozasiga nega nohaq penalti belgiladi? U adashganmidi yoki...