16:16 / 16.03.2021
2 369

Hakamning xatosi bilan qo‘lga kiritilgan g‘alaba "So‘g‘diyona"ga noqulaylik tug‘dirmayaptimi?

Hakamning xatosi bilan qo‘lga kiritilgan g‘alaba "So‘g‘diyona"ga noqulaylik tug‘dirmayaptimi?
“So‘g‘diyona” – “Turon” o‘rtasidagi bellashuv hali ham qizg‘in munozaralar jarayonida desak adashmaymiz. Kecha O‘FA tomonidan hakamlarga qo‘llanilgan jazo e’lon qilindi. “Turon” vakillarining ehtiroslarga boy fikrlarini hamma ko‘rdi. Ammo hali bu borada “So‘g‘diyona” tomonidan biror-bir munosabat bildirilmayotgandi.

To‘g‘ri, bu vaziyatda mezbonlarning hech qanday aybi yo‘q, chunki qarorni hakam qabul qildi. Ammo o‘sha uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida ham negadir mahalliy hamkamsblarimiz jizzaxliklar ustozi Ulug‘bek Baqoyevdan hakamning yo‘l qo‘ygan xatosi haqidagi fikri bilan qiziqishmadi.

Sports.uz muxbiri “So‘g‘diyona” sardori Elyor Orifov bilan bog‘lanib o‘sha o‘yindagi holat va yana boshqa masalalar bo‘yicha fikrlariga quloq soldi.

“So‘g‘diyona”ning faqat natija uchun o‘ynayotgani xususida
- Chempionatda ikkita turt ortda qoldi. O‘ylashimcha, hozirda hamma jamoani darajasi bir xil deb o‘ylayman. Hamma jamoa ham tezroq optimal formasiga kirishga harakat qiladi. Asosan ikkita turda ham natija uchun harakat qildik. Bundan keyingi uchrashuvlarda yanada yaxshiroq o‘yinlarimizni ko‘rsatib, optimal formaga kirishga harakat qilamiz. Futbolda baribir natija muhim hisoblanadi. Chempionat endi boshlandi, jamoalar hali to‘liq o‘yin uslubiga kirib olishmagan. Shu sababli ham biz ko‘proq natija uchun kurashyapmiz. Yana muxlislarimizni xursand qilamiz, degan umiddaman.

“Turon” bilan uchrashuv haqida
- “Turon” bilan yaxshi o‘yin bo‘ldi. Ikkala jamoa ham hujumkor o‘yin ko‘rsatdi. “Turon”ni ajoyib jamoa deb hisoblayman. Superligaga ilk bor chiqqaniga qaramay, ko‘plab klublarga syurpriz tayyorlab qo‘ygan deb o‘ylayman. Bahsli munozaraga keladigan bo‘lsak, o‘yindan keyin o‘zim o‘sha holatni videoda ko‘rdim. Uchrashuv chog‘ida ko‘rmagandim. Hamma ham xato qilishi mumkin. Balki hakam o‘sha vaziyatni yaxshiroq ko‘rmagandir. Nima deyishni ham bilmayman.

Nima bo‘lgan taqdirda ham barcha qarorlarni hakamlar qabul qilishgan. Biz bir nima deya olmaymiz. Albatta, O‘FA tomonidan hakamlarga xatolari uchun jazo qo‘llanildi. Ammo bizning ishimiz maydonga chiqib futbol o‘ynash. Kimnidir ayblab, nohaq deb ayta olmayman. Hakamning qarori bizning foydamizga chiqqan taqdirda ham bu – futbol, kimdir yutadi, kimdir yutqazadi. Boya aytdim, inson borki, hamma ham xato qiladi.

Hakamning xatosi bilan qozonilgan g‘alaba noqulaylik tug‘dirmayaptimi?
- To‘g‘ri, o‘yindan keyin o‘sha vaziyatni ko‘rdik, haqiqatan ham hakamlarning xatosi tufayli bo‘lgan ekan. Endi buni o‘ylagandan foyda yo‘q. Chunki o‘yin tugab bo‘lgan. Muhimi, biz uch ochkoni qo‘lga kiritdik. To‘g‘ri, o‘shanda hakam aniq qaror chiqarganida o‘yin boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Baribir yuz bergan holat noqulaylik tug‘diradi. Oldindan nima bo‘lishini hech kim aytib bera olmaydi. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. G‘alaba bilan mag‘lubiyat doim yonma-yon yuradi.

Endi yana yuz bergan holat haqida gapirishning foydasi yo‘q, hakam qarorini qabul qilib bo‘ldi. Boya aytganimdek, bizning ishimiz maydonga chiqib futbol o‘ynash va har bir o‘yinda g‘alaba qozonish. To‘g‘ri, ortiqcha gap-so‘zlar ko‘paydi. Bunday vaziyatda kimdir to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri tushungan. Ochig‘i, bir nima deyishga hayronman.

Jamoaning asosiy vazifasi nima?
- Bu yilgi jamoamizning vazifasi har yilgidan ham ko‘ra, yaxshiroq o‘yinlar ko‘rsatib, yanada yuqori o‘rinni egallamoqchimiz. Jamoamiz bilan bitta maqsad yo‘lida birlashib harakat qilamiz. Hammasi yaxshi bo‘ladi, deb umid qilaman. “So‘g‘diyona” katta vazifalar uchun kurashadi. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar har bir uchrashuvga g‘alaba uchun chiqamiz.

Elyor Orifovni faqat “So‘g‘diyona” uchun o‘ynayotgani to‘g‘risida
- Katta futbolga qadam qo‘yganimdan beri “So‘g‘diyona” jamoasida to‘p surib kelyapman. Bu ona shahrimning jamoasi. “So‘g‘diyona”ni uchun har doim borimni beraman. Klubni rivojlantirish uchun qo‘limdan kelganicha harakat qilib kelyapman. Ochig‘i, boshqa jamoalardan ham takliflar bo‘ldi va ko‘rib chiqdim. Ammo yana “So‘g‘diyona”da qolishga qaror qildim. Balki kelajakda yangi bosqichga qadam qo‘yarman. Lekin hozir emas. O‘z o‘rnimni “So‘g‘diyona”da deb bilaman.

“Navbahor”ni qanday mag‘lub etishdi?
- “Navbahor” maydonida to‘p surish har bir jamoa uchun juda qiyin. Chunki bu klubni yaxshi bilamiz. Ayniqsa, muxlislarining jamoasini qanday qo‘llab-quvvatlashidan xabarimiz bor, buni butun O‘zbekiston biladi. O‘sha o‘yinga kelsak, faqat g‘alaba uchun kurashdik. Yakunda jamoaviy o‘yinning evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Murabbiyimiz ta’kidlaganidek, asosan g‘alabani ko‘zlab maydonga tushgandik. “So‘g‘diyona” necha yillardirki, Namanganda g‘alaba qozona olmayotgandi. Mana shu yoqimsiz an’anani buzish maqsadida ham maydonga uch ochko uchun chiqqandik.

Yuqorida aytdim, Superliga bahslari yaqindagina boshlandi. Barcha jamoalarning darajasi bir xil. Hozir kim jismonan tayyor bo‘lsa, o‘sha jamoa yutadi deb o‘ylayman. “Navbahor”ga omad tilayman. Yaxshi tarkibga ega. Hattoki, uchrashuvdan so‘ng, namanganlik ishqibozlar bizni g‘alaba bilan olqishlab qo‘yishdi. Buning uchun rahmat.

“So‘g‘diyona”ning ikkita o‘yinidagi turli fikrlar xususida
- To‘g‘ri, ikkita o‘yinda yutdik. Namangandagi uchrashuvdan keyin ko‘plab muxlislar va futbol mutaxassislari bizga tabriklar jo‘natishdi. Ularga katta rahmat. “Turon” bilan uchrashuvdan ham keyin tabriklashdi. Yuqorida aytdim, bizning ishimiz futbol o‘ynash va g‘alaba qozonish. Muxlislarimiz va murabbiylarning ishonchni oqlamoqchimiz. Hozirgi jarayonda biz uchun asosan natija muhim. Ha, har xil gaplar bo‘ldi. Hakamning noto‘g‘ri qarori bilan g‘alaba qozondi, degan gaplar ham bor. Ammo bu qarorni hakam qabul qildi. Balki o‘sha holatni u ko‘rgandir yoki ko‘rmagandir. Hakamning ishiga aralasha olmaymiz. Bundan boshqa hech nima deya olmayman. Futbolda kimdir yutadi, kimdir yutqazadi. Bizni quvontirgani uch ochkoni qo‘lga kiritdik.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hakamning xatosi bilan qo‘lga kiritilgan g‘alaba "So‘g‘diyona"ga noqulaylik tug‘dirmayaptimi?