2 137
"Al-Hilol"ga qarshi o‘yin, raqibning kuchi va qayd etilgan durang haqida AGMK futbolchisi nima deydi?
AGMK klubi ilk bor Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichiga chiqqan holda birinchi uchrashuvini ham o‘tkazdi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, vakillarimiz Osiyoning yetakchilaridan biri – “Al-Hilol”ga qarshi to‘p surishdi.
Mezbonlarga qarshi bahs oldidan to‘g‘risi, bizda biroz xavotir yo‘q emasdi. Har holda raqib jiddiy, AGMK esa ilk bor bu turnirda qatnashayotgandi. Ammo Mirjalol Qosimov jamoasi kuchli raqibiga munosib qarshilik ko‘rsata oldi. Qayd etilgan 2:2 hisobi shuni ko‘rsatib turibdiki, AGMK bejizga guruh bosqichiga chiqmagan.
“Al-Hilol”dek raqib bilan o‘yindagi durang natija yomon emas-a? Biz uchrashuvdan keyin AGMKning ishonchli himoyachilaridan biri Bobur Yo‘ldoshev bilan aloqaga chiqdik.
- Avvalo, o‘yin haqida so‘ramoqchiman. “Al-“Hilol”ga qarshi uchrashuv qanday taassurot qoldirdi?
- Bellashuv haqida nima derdim? Bu o‘yin yaxshi va qiyin bo‘lishini bilardik. “Al-Hilol” ham o‘ziga yarasha Osiyodagi eng kuchli klublardan biri. O‘yindan oldin bizda qo‘rquv bo‘lmadi, yaxshi tayyorlangandik. Allohga tavakkal qilib chiqqandik. Mana, harakatimizga yarasha natijaga erishdik, deb o‘ylayman. Ha, yutsak ham bo‘lardi...
- Qayd etilgan durang qoniqarli natijami, nima deb o‘ylaysiz?
- Menimcha, bu natija yomon emas. Bir ochko ham guruhda hali kerak bo‘lib qoladi. Hozir aytdim, biz g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Hisob 2:2 bo‘lganidan keyin jamoamizda ham yetarlicha imkoniyatlar bo‘ldi, deb o‘ylayman.
- O‘yindan avval raqibni qanchalik o‘rganib chiqqangdinglar? Uchrashuv mobaynida mezbonlar sizlar o‘ylagandek qarshilik ko‘rsatdimi?
- Ha, uchrashuvdan oldin raqibni o‘rgandik, “Al-Hilol”ning qanday kuchga egaligini ham, qanday o‘ynashini ham bilardik. Qolaversa, raqib o‘z uyida o‘ynadi. O‘zim ham bu uchrashuv oson bo‘lmasligini taxmin qilgandim. Ko‘rgan bo‘lsangiz, dastlabki 15 daqiqacha biz yaxshi harakat qildik. O‘tkazib yuborilgan goldan keyin “Al-Hilol” o‘yiniga ancha qo‘shdi. Afsuski, keyin darvozamizdan ikkita gol o‘tkazib yubordik. Birinchi taymdan keyin murabbiy bizga kerakli ko‘rsatmalarni berdi. Yigitlar bilan gaplashdik va o‘zimizga ishonishimiz kerakligini angladik. Ikkinchi taymda kurashdik va o‘ylaymanki, yomon natijaga erishmadik.
- Sizningcha, durangni g‘alabaga tenglashtirsa bo‘ladimi?
- G‘alabaga uch ochko, durangga bir ochko beriladi. Ishtaha ovqat paytida keladi deganlaridek, yutsak yanada yaxshi bo‘lardi. Buning uchun bizda imkoniyatlar ham bo‘ldi. Lekin yuqorida ta’kidlaganimdek, durang ham yomon natija emas. Navbatdagi bahslarda g‘alaba qozonib, o‘zimizga kerakli ochkolarni to‘plashga harakat qilamiz.
- Umuman olganda, “Al-Hilol”dagi qaysi futbolchi shaxsan sizga katta xavf tug‘dirdi?
- “Al-Hilol”dagi qaysidir futbolchi xavf tug‘dirdi, demagan bo‘lardim. Barchasi asosan jamoaviy o‘yin ko‘rsatishdi. Albatta, ularda yaxshi saviyadagi legionerlar borligidan xabardor edik. Masalan, o‘sha Gomisni ham o‘rgangandik. Lekin umumiy holatda o‘yin yomon kechmadi. “Al-Hilol” bilan Saudiyada durang qayd etish chakki emas.
- Faoliyatingiz mobaynida juda ko‘plab uchrashuvlarda qatnashgansiz. Sizga qarshi to‘p surgan jamoalar orasida “Al-Hilol” eng kuchlisimi?
- “Lokomotiv” tarkibida o‘ynab yurgan paytlarimda ham “Al-Hilol”ni ko‘rganman. O‘sha aytganimdek, bu Osiyoning eng nomdor jamoalardan bittasi.
- O‘yinlarning markazlashgan holda Saudiyada o‘tkazilayotgani jamoaga qanday ta’sir ko‘rsatyapti? Noqulaylik jihatlari yo‘qmi?
- Noqulayliklar yo‘q. Xudoga shukr, hammasi joyida. Sharoitlar yaxshi. Saudiyada markazlashgan holda o‘tishi aniq edi. Shuning uchun qandaydir buning noqulaylik taraflari bor deb o‘ylamagan bo‘lardim. To‘g‘ri, bu yerdagi ob-havo bizga qaraganda boshqacharoq. Lekin bu yerga kelganimizga besh kuncha bo‘ldi, birinchi o‘yinni ham o‘tkazdik. Moslashish jarayonidan o‘tib bo‘ldik, deb o‘ylayman. Umid qilamanki, keyingi o‘yinlarda ham hammasi yaxshi bo‘ladi.
- AGMKning asosiy vazifasi nima?
- Guruhdan chiqish. U yog‘ini vaqt ko‘rsatadi.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Britaniya muzeyi mamlakat tarixidagi eng qimmat sovg‘aga ega bo‘ladi