AGMK klubi nihoyat Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi doirasidagi birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Dastlabki ikkita o‘yinda bir ochkoga ega bo‘lgan AGMK bu safar BAAning “Shabab Al-Ahli” jamoasiga qarshi uchrashuvda uch ochkoni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi.
Biroq bu o‘yin ham juda qiyin kechdi. Muhimi, vakillarimiz iroda kuchini namoyish etishdi. Ayniqsa, o‘yin oxirlarida ikkita gol urib uchrashuvda burilish yasay olganliklari tahsinga loyiq. Bu esa AGMKning ruhiyati bilan bog‘liq.
Mirjalol Qosimov jamoani o‘yinga yaxshi tayyorlay olganini ko‘rsatdi. Ushbu bellashuvdan keyin AGMKning yarim himoyachisi Shoxruh Gadoyev sports.uz muxbiri bilan muloqot qildi.
- Shoxruh, AGMKning ajoyib o‘yini va irodali g‘alabasi bilan tabriklayman. Uchrashuvda nimaning evaziga uch ochko qo‘lga kiritildi?
- O‘tgan o‘yinda juda alamli mag‘lubiyatga uchragandik. Oqibatda muxlislarimiz oldida qarzimiz bor edi. “Shabab Al-Ahli” bilan bahsda o‘zimizda kuch topdik, bir jamoa sifatida oxirigacha kurashdik. To‘g‘ri, birinchi bo‘limdan keyin yutqazayotgandik. Ammo oldinda hali ikkinchi bo‘lim turgandi va biz hammasini o‘zgartirib yuborish qo‘limizdan kelishini tushunib turgandik. Buning uchun butun jamoa sifatida oxirgi daqiqagacha qattiq mehnat qildik. Xudoga shukr, hammasi biz uchun yaxshi yakun topdi.
- Darhaqiqat, AGMK 87-daqiqada hisobni tenglashtirdi va qo‘shimcha daqiqada g‘alaba golini urdi. Muvozanat tiklangan paytda durangga ham rozi bo‘lib turganmidinglar yoki baribir g‘alabaga ishonch kattamidi?
- Biz har bir o‘yinga g‘alaba uchun chiqamiz. O‘tgan turda “Istiqlol”ga yutqazganimizda ham aslida uch ochko uchun kurashgandik. Mana, bu safar ham hisobda ortda borayotib, baribir g‘alaba uchun harakat qildik, oxirigacha. Bu bizning mehnatimiz va shuning evaziga yutdik. Murabbiyimizning to‘g‘ri ko‘rsatmalari ham jamoamizning g‘alabasida katta rol o‘ynadi. AGMKdagi muhit ham ajoyib, har doim jamoaviy o‘yin ko‘rsatamiz.
- O‘tgan o‘yindagi mag‘lubiyat tufayli jamoa ruhiy tushkunlikka tushib qolmadimi? Mazkur uchrashuvga tiklanish qanday kechdi?
- Ha, biz o‘tgan uchrashuvda mag‘lubiyatga uchradik. Biroq bundan fojea yasamadik. Oldimizda jiddiy o‘yinlar bor edi. Biz shularga tayyorgarlikni davom ettirdik. Shuning uchun jamoa sifatida tezroq o‘zimizni qo‘lga olib, yaxshi kayfiyatda o‘yinga yetib kelishimiz kerak edi. Buni uddaladik.
- Umuman olganda, AGMKning “Istiqlol”ga yutqazib qo‘ygani tanqidlarga sabab bo‘ldi. O‘sha mag‘lubiyat tasodifmidi?
- To‘g‘ri, ushbu mag‘lubiyat gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi. Balki bu o‘zimizning xatoimizdir. Gollarni ham xatolarimiz evaziga o‘tkazib yuborgandirmiz. Baribir bundan tushkunlikka tushmadik. O‘yinni unutib, oldimizdagi yangi uchrashuvlarga tayyorgarlikni boshlagandik.
- “Shabab Al-Ahli”da hamyurtimiz Jaloliddin Masharipov to‘p surdi. Uning nimalarga qodirligini barchamiz yaxshi bilardik. Uchrashuv davomida asosiy e’tiborni unga qaratdinglarmi? Masharipovni to‘xtatish yo‘llarini o‘ylab qo‘yganmidinglar?
- Masharipov dastlabki ikkita o‘yinda maydonga tushmadi. Biz “Shabab Al-Ahli”ning o‘yinlarini tahlil qilib chiqqandik. Jaloliddining AGMK bilan bahsda maydonga tushishi aniq edi. Biz maydonda asosan o‘z o‘yinimizni jamoaviy tarzda ko‘rsatishga harakat qildik.
- Guruhdagi barcha raqiblarga qarshi o‘ynadinglar. Eng qiyin o‘yin qaysi bo‘ldi va guruh favoriti sizningcha, kim?
- Har uch kunda o‘yin bo‘lyapti. Bu har bir jamoa uchun qiyinchilik tug‘diradi. Raqiblarda ham albatta charchoq alomatlari bor. Guruhda kimnidir favorit deya olmayman. Hamma harakat qilyapti, barcha klub guruhdan chiqishni xohlayapti. Ko‘rdingiz, dastlabki uchrashuvda “Al-Hilol”ga qarshi maydonga tushdik. Bu Osiyoning eng nomdor klublaridan biri. O‘shanda durang qayd etdik. Hozir shunday vaziyatki, qaysi jamoa o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, ruhiy tomondan tetik bo‘lsa, o‘sha jamoa yutib ketyapti.
- Siz yana Osiyo Chempionlar ligasiga qaytdingiz. Oxirgi marta bu musobaqada qachon o‘ynaganingiz yodingizdami?
- To‘g‘ri, Osiyo Chempionlar ligasi qit’amizdagi eng nufuzli turnirlardan biri. Unda har bir futbolchi to‘p surishni istaydi. Chempionlar ligasida kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q. Bari saralangan klublardir. O‘ylashimcha, bu musobaqada oxirgi marta “Bunyodor” tarkibida ishtirok etgan bo‘lsam kerak. O‘shanda Qatarning “Al-Jayish” jamoasini yutib guruh bosqichiga chiqqandik. Lekin o‘shanda ham guruhda o‘ynamagandim, adashmasam. Chunki “Buxoro”ga ketgandim. Menimcha, bu 2016 yoki 2017 yillar edi.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"