13:40 / 24.04.2021
2 525

Ramzan Qodirovning o‘g‘li nohalol g‘alabada ayblangach, revansh jangini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi


Foto: «Grozniy-inform»
Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning o‘g‘li Adam Qodirov adolatsiz g‘alabada ayblanganidan so‘ng raqibi Aslan Bittirov bilan revansh jangini o‘tkazishga tayyorligini aytdi. Bu haqda «RBK» xabar berdi.

«Men birinchi va ikkinchi raundlarda raqibni yaqindan o‘rganishni, uchinchisida hujum qilishni istagandim, ammo ular to‘xtatib qo‘yishdi. Men bundan mamnun emasman», — dedi kichik Qodirov. U Bittirov bilan qayta bellashishga tayyorligini aytdi: «Kim shubha qilayotgan bo‘lsa, garov bog‘lasin, men sizga ko‘rsataman».

13 yoshli Qodirov 8 aprel kuni Chechenistonning birinchi prezidenti Ahmat Qodirov xotirasiga bag‘ishlangan professional boks bo‘yicha xalqaro turnirda Bittirovni mag‘lubiyatga uchratgan edi.

Jang davomida ikkinchi raundda Bittirov bir nechta zarbani o‘tkazib yubordi, shundan so‘ng hakam raqibi Qodirov foydasiga o‘n soniya sanay boshladi. Shu bilan birga, Qodirovning raqibi o‘zini dadil tutib turgan edi va jangni davom ettirishga tayyor edi, ammo hakam baribir nokdaun qayd etdi va Bittirovning sekundanti ringga sochiqni tashladi.

Keyinchalik Checheniston parlamenti raisi Magomed Daudov kim eng kuchli ekanini aniqlash uchun kichik Qodirovning qayta jang o‘tkazishga tayyorligini e’lon qildi: «Adam istalgan vaqtda qayta jang qilishga tayyorligini aytdi. Men uning so‘zlari havoyi emasligini bilaman».

Bundan tashqari, Daudov jangdagi hakam haqida ham gapirdi. Daudovning so‘zlariga ko‘ra, «hurmatli va taniqli hakamlar» tomonidan musobaqadagi hakam o‘zini professional tarzda tutgani aytilgan. «Eng muhimi, ushbu yosh toifasidagi bolalarning sog‘lig‘i», — deya ta’kidladi u.

Avvalroq Ramzan Qodirov o‘g‘lining boks jangida halol g‘alaba qilmagani haqidagi gaplarni «qora piar» deb atagan edi. «Agar hakam zarba ko‘zga tekkanini ko‘rsa, u holda jangni to‘xtatishi kerak. Bu mening o‘g‘limmi yoki boshqami, farqi yo‘q», — dedi Checheniston rahbari Instagram’da jonli efirda.

2016 yilda aralash yakkakurashlar jangchisi Fyodor Yemelyanenko Grozniydagi bolalarning janglarini qoralab, ular voyaga yetmaganlarning jismoniy va psixologik holatiga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazishi mumkinligini aytgan. Bunga javoban Qodirov musobaqa «o‘yin ko‘rinishidagi duel» ekanini aytgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ramzan Qodirovning o‘g‘li nohalol g‘alabada ayblangach, revansh jangini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi