Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichida ishtirok etgan “Paxtakor” hamda AGMK klublaridan umidimiz katta edi. Afsuski, ikkala jamoamiz ham muddatidan avval guruhda qolib ketishdi.
Masalan, O‘zbekistonning amaldagi chempioni hisoblangan “Paxtakor” ishonchni oqlay olmadi. G‘alabasiz o‘yinlari tufayli guruhdan nariga o‘ta olmadi. O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoyev klublarimizning OCHLdagi omadsiz ishtiroki haqida munosabat bildirdi.
“Paxtakor”ning ishtiroki haqida
- Bizning futbolimiz uchun “Paxtakor”ning guruhda qolib ketishini ayanchli holat deb baholagan bo‘lardim. Umumiy oladigan bo‘lsak, birinchi uchrashuvda “Paxtakor” yomon boshlamagandi. Lekin Jaloliddin Masharipov, Doston Hamdamov va yana boshqa yetakchilari, shuningdek, bir necha yillar davomida jamoani ichki chempionatda gegemonga aylantirgan murabbiyning ketishi ham klubga ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Lekin yana bir tomondan qarasak, o‘zimizning mahalliy yoshlarimizni mana shunday o‘yinlarda sinovdan o‘tkazilayotgani yomon natija emas. Chempion sifatida “Paxtakor”dan hammamiz yuqori natijani istagandik. Lekin omad ham yetishmadi, deb aytsak bo‘ladi.
Xyuistra xususida
- Ochig‘ini aytsam, hali bu murabbiy bilan ishlamaganmiz va uni endi yaqindan bilyapmiz. To‘g‘risi, o‘zim tomonimdan u haqida fikr bildirishim noto‘g‘ri deb bilaman. Albatta, murabbiyni Osiyo Chempionlar ligasidagi natijasiga qarab baholaydigan bo‘lsak, tabiiyki, undan ko‘proq natijani xohlagandik. Ammo boya aytganimdek, uning yoshlarga berayotgan imkoniyatiga qaraydigan bo‘lsak, murabbiylik salohiyati va futbolchilarning iqtidorini ko‘ra bilish qobiliyati borligini ko‘rsatib berdi. To‘g‘ri, futbolimizda yorqin natijalarni kutib sog‘inib qolganmiz. Shu tomonlama biz yutqazdik va ko‘pchilikning kayfiyati tushgani ham shundan iborat.
“Paxtakor”ning OCHLdagi muvaffaqiyatsizligi ichki chempionatdagi ishtirokiga ta’sir qiladimi?
- O‘zingiz bilasiz, futbol bir joyda hech qachon turib qolmagan. E’tibor bersak, Yevropa gigantlari ham biror natijaga erishgandan so‘ng, uni saqlab qolish uchun katta sarmoyalar kiritishadi. “Paxtakor”ning bugungi mavqeiga qadar katta hissa qo‘shgan yigitlar bor edi va jamoani tark etganlarning o‘rni qoplagani yo‘q. Jamoa o‘zining asosiy figuralaridan ayrilgan. Ko‘p o‘yinlarda e’tibor berdikki, Dragan Cheranga bog‘lanib qolgani yaqqol bilinib qoldi. “Paxtakor” OCHLdagi muvaffaqiyatsizlikdan ichki chempionatga tushkun holatda keladi deb o‘ylamayman. Chempionlik uchun kurashda har doimgidek favoritligicha qoladi. Qaytanga yosh futbolchilariga o‘zlariga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Jamoani qiyin vaziyatda o‘sha yoshlari olib chiqib ketishi mumkin.
Yana chempionlar ligasiga qaytadigan bo‘lsak, ishtirokchi jamoalarning tarkiblari kuchli o‘yinchilardan tashkil topgan. “Paxtakor” safida oxirgi marta terma jamoada to‘p surgan futbolchilardan faqatgina Ibrohimxalil Yo‘ldoshev va Sardor Rashidovni ko‘rdik. Ularni ham terma jamoaning asosiy o‘yinchilari deya olmaymiz. “Paxtakor” bugungi kunda o‘sha biz bilgan o‘yinchilari terma jamoaning o‘zagini tashkil etgan jamoa emas. Shu tomonlama ham “Paxtakor”ga qiyin bo‘ldi. Mana, Tojikistonning “Istiqlol”ini ko‘p gapiryapmiz. Uning o‘zagini terma jamoa futbolchilari tashkil qiladi. Boshqa klublardagi legionerlar ham “Paxtakor” o‘yinchilarining mavqelaridan ancha yuqoriligi sezilib qoldi.
AGMK to‘g‘risida
- Albatta, o‘zbek klublari uchun yaxshi emas va biz kutgan natijalar yuz bermadi. AGMKning guruhini eshitganimizdayoq keyingi bosqichga chiqishi qiyin bo‘lishini oldindan sezgandik. Saudiya va BAAning kuchli jamoalari bor edi. Shunday bo‘lsa-da, AGMKning birinchi va ikkinchi turda ko‘rsatgan jasoratli o‘yinlari iliq taassurot qoldirib, guruhdan chiqishiga najot borligini bildirgandi. Albatta, ko‘pchilik tomonidan bosim qilinayotgani bu “Istiqlol”ning keyingi bosqichga chiqqani bo‘ldi. Buni to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak. Hozirgi kunda hamma joyda futbol o‘ynashni bilishadi. O‘sish bo‘lyapti. Agar “Istiqlol” chiqmasdan BAA klubi yo‘l olganida AGMKning guruhda qolgani ayanchli ahvol deb qabul qilinmagan bo‘lardi. Bilasiz, AGMK birinchi marta bunday musobaqada qatnashdi. O‘ziga yarasha hammaga maktab vazifasini o‘tab beradi. “Istiqlol”ning o‘yiniga e’tibor qaratsak, yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. Himoyaviy o‘ynab o‘z maqsadiga erishgani tahsinga loyiq. “Istiqlol”ning tarixiga qarasak, bugun paydo bo‘lgan jamoa emas.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"