22:44 / 30.04.2021
2 743

Temur Kapadze "Navbahor"ga qarshi o‘yindan so‘ng nimalar dedi?


"Navbahor" va "Olimpik" jamoalari o‘rtasida kechgan uchrashuvdan so‘ng o‘tkaziladigan matbuot anjumanining dastlabki qismida mehmonlar bosh murabbiyi Temur Kapadze o‘yin haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

- Albatta, birinchi navbatda, "Navbahor"ni g‘alaba bilan tabriklayman, jamoaga keyingi o‘yinlarda omad tilayman. Kuchli raqibga qarshi o‘ynaganda, kamchiliklarni ko‘rib olish mumkin. Bugun futbolchilarimiz ancha yaxshi to‘p surishdi. Superliga jamoasiga qarshi bahsda yigitlarimiz yomon to‘p tepishmadi. Bunday o‘yinlar futbolchilarimizga ham, o‘zimga ham tajriba vazifasini o‘taydi.

Oldimda katta vazifa turibdi, Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyiman. Kelajak uchun poydevorni shu yoshlar bilan quramiz. Hozirgi vazifam shu yoshlarni yanada rivojlantirish, kuchaytirish, bundan barcha klublarimiz va terma jamoalarimiz yutadi. 

Hozir o‘zimning tanlagan yo‘lim bor, Xudo xohlasa, Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritmoqchimiz. Boshqa jamoalarda ham termamiz vakillari o‘ynashmoqda. Termaga nomzodlar qancha ko‘p bo‘lsa, bundan jamoamiz yutadi, albatta. Shu bois, klublardan turli takliflar bo‘lishiga qaramay, bunga e’tibor qaratmayapman. Chunki maqsadim mutlaqo boshqa.

Fevral oyigacha futbolchilarni kuzatdim, jamoasiz yigitlarni "Olimpik" tarkibiga taklif qildik. Uch oy o‘tdi, futbolchilar ancha o‘sishdi. Superligadan ham o‘yinchilarimizga takliflar bor. Bundan xursand bo‘laman, ularning oliy divizionda to‘p tepishlaridan mamnun bo‘lishim aniq.

Uch oy mobaynida futbolchilarning fe’l-atvoridan boshlab, boshqa jihatlarigacha ancha xabardor bo‘ldim. Ularning kamchiliklarini aniqlab, bu borada ishlayapmiz, ovqatlanish jarayoni, professionallik borasida alohida ishlayapmiz. Taomnomalarni ham zarur tartiblar asosida tuzib chiqyapmiz. Rahbariyat bizga har tomonlama shart-sharoit yaratib bermoqda. 

Albatta, Olimpiya termasi futbolchilarining bir tarkibda bo‘lishlari men uchun qulay bo‘lardi. Lekin ayrim o‘yinchilarning Superliga jamoalarida o‘ynashayotgani ham biz uchun foydali. Birinchi davradan keyin jamoasida o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotganlarni yana tarkibga jalb qilishimiz mumkin.

Jamoamizga homiylik qilish istagida bo‘lganlar ko‘p. Asosiy homiy albatta, Milliy Olimpiya qo‘mitasi.
"Navbahor" gol urib, g‘alaba qozondimi, demak jamoa g‘alabaga haqli ekan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Temur Kapadze "Navbahor"ga qarshi o‘yindan so‘ng nimalar dedi?