Tailand qirolichasi Gripen qiruvchi samolyotida ilk mustaqil parvozini amalga oshirdi (video)

Tailand qirolichasi Gripen qiruvchi samolyotida ilk mustaqil parvozini amalga oshirdi (video)

Tailand qirolichasi Sutxida 8 oktyabr kuni JAS 39C Gripen qiruvchi samolyotida ilk mustaqil parvozini amalga oshirdi. Parvoz mamlakat janubidagi Surattxani provinsiyasida joylashgan Wing 7 harbiy aviabazasida bo‘lib o‘tdi. Ushbu voqeani qirol Maxa Vachiralongkorn shaxsan kuzatib bordi.

Qirolicha parvozdan oldin samolyotning texnik holatini tekshirdi, parvoz rejasini ko‘rib chiqdi va belgilangan mashg‘ulot dasturini bajardi. U havoda 41 daqiqa bo‘lib, samolyotni muvaffaqiyatli qo‘ndirdi. Parvoz yakunlangach, qirol uni tabriklab, guldasta va Gripen samolyotida parvoz qilgan uchuvchilarga beriladigan faxriy oltin nishonni topshirdi.

Sutxida ushbu parvozga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan. U 2026 yilning iyun va iyul oylarida nazariy mashg‘ulotlar hamda favqulodda vaziyatlarga oid tayyorgarlikdan o‘tgan, shuningdek, parvoz simulyatorida 20 ta mashg‘ulot bajargan. Birinchi mustaqil parvozidan oldin ikki o‘rinli JAS 39D Gripen samolyotida ham 10 soatdan ortiq uchgan.

Qirolichaning turli rusumdagi havo kemalarida to‘plagan umumiy parvoz tajribasi 1 188 soatdan oshadi. U Boeing 737 yo‘lovchi samolyotlarida ham uchgan va ayrim rasmiy safarlarda qirolga ikkinchi uchuvchi sifatida hamrohlik qilgan.

Bu voqea Sutxidaning aviatsiya sohasidagi tayyorgarligida muhim bosqich bo‘ldi. U Tailandda Gripen qiruvchi samolyotini boshqargan ilk ayol uchuvchi sifatida ham qayd etildi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar