08:43 / 02.05.2021
3 131

"Andijon" rahbari: "Yuriy Syomin bilan muzokara boshlangan, shu oyning oxirida Moskvada uchrashamiz"


So‘nggi kunlarda “Andijon” klubidagi o‘zgarishlar ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga qaratgani tabiiy. Mavsumdagi navbatdagi murabbiy iste’fosi ushbu klubda yuz berdi.
Hozircha “Andijon” beshta o‘yinda bittadan g‘alab va durang, shuningdek, uch marta mag‘lubiyatga uchrab 12-o‘rinda boryapti. Hozircha Yorqin Nazarov bosh murabbiylik vazifasini bajarib turadi. Lekin klub rahbariyatining rejasi bo‘yicha keyinchalik xorijlik tajribali mutaxassisni olib kelmoqchi.
Kuni kecha sports.uz muxbiri “Andijon” klubi xo‘jayini Jur’atbek Quvvatov bilan uchrashdi va bir qancha savollarga javob oldi.

- Dastlabki savol o‘z-o‘zidan bosh murabbiy o‘zgarishi bilan bog‘liq. G‘ulomxo‘jayevni iste’foga chiqarish sizning tashabbusingizmi?
- Albatta, bu o‘zimizning tashabbusimiz. O‘yinlarni ko‘ryapsiz, nazarimda nimadir yetmayotgandek. To‘g‘ri, jamoamiz hali yosh, biroz vaqt kerakligini ham tushunaman. Ammo bizningcha, jamoa aniq bir yo‘nalish va taktikaga tusha olmagandek tuyuldi. Ko‘p sonli muxlislarning e’tirozi ham bo‘ldi. Futbol – bu millionlar o‘yini. Klubning egasi men bo‘lganim bilan baribir ishqibozlarning ham fikrlariga quloq solib turamiz. Ular bizga yomonlikni xohlashmaydi. Ko‘p sabablarga ko‘ra, Otabek G‘ulomxo‘jayev bilan shartnomani bekor qilishga kelishib oldik. Bu murabbiyga minnatdorchilik bildiraman, jamoamizdagi ishi uchun. Chunki qiyin paytda “Andijon”ga yordam berdi. Lekin futbolning ichiga qanchalik kirib borganingiz sari yaxshi o‘yinlar va yuqori natijalar ko‘rsatgingiz kelaverar ekan.

- Yil boshidagi taqdimot marosimida bir yil davomida qanday natija bo‘lishidan qat’iy nazar murabbiyga imkoniyat beriladi, unga tegmaymiz, degan gapni aytgandingiz...
- Bizni o‘qiyotganlar bu ikki xil gapirar ekan, deb tushunishmasin. Biz bu sohada yangimiz. Agar farmatsevtika bo‘yicha bo‘lsa, bu borada adashmaymiz. Futbolda ish boshlaganimizga endi bir yil bo‘ladi. Hali ham bu sohaning ichiga to‘liq kirganimiz yo‘q deb o‘ylayman. O‘rganish jarayonidamiz. Qayerdadir xatoga yo‘l qo‘yganimizni bilsak to‘xtayapmiz va to‘g‘ri yo‘lga tushib olishga harakat qilyapmiz. Adashganimizni his qilib, xatolarni to‘g‘rilash ham katta narsa.

- Yorqin Nazarov vaqtincha bosh murabbiy etib tayinlandi. Keyinchalik jamoaning boshqaruvini kimga topshirish mo‘ljallanyapti?
- Bu masalada shoshilmaymiz, yaxshilab o‘rganamiz. O‘zbekistondan murabbiy olmoqchi emasmiz, xorijdan olib kelamiz. Bor e’tiborimizni shunga qaratganmiz. Ammo hozircha Yorqin Nazarovga ishonib topshirdik. Uni ham tajribasi bor. Yaxshi natijalarga erishsa, boshqa mutaxassisni ko‘rib chiqishimiz cho‘zilishi mumkin. O‘zingiz bilgandek, bu natijalarga bog‘liq. Ammo biz xorijlik murabbiylar bilan muzokaralarni boshlaganmiz. Masalan, rossiyalik taniqli mutaxassis Yuriy Pavlovich Syominni aytishim mumkin. Biz bu murabbiy bilan gaplashib turibmiz. May oyining oxirida Moskvada uchrashishni rejalashtirganmiz. Hozirda telefon orqali suhbatlashib turibmiz. Qolaversa, Braziliyadan ikki nafar nomzodimiz bor. Turkiyadan bitta va Ispaniyadan ham ikkita nomzodlarimiz mavjud. Bulardan tashqari, Polsha va Ukrainadan ham ko‘rib chiqayotgan variantlarimiz bor. Hammasini o‘rganib chiqamiz. Bu Yorqin Nazarov bilan tez orada xayrlashamiz degani emas. Kerak bo‘lsa, keladigan xorijlik murabbiy bilan hamjihatlikda ishlaydi, tajribasini orttiradi.

- Rahbar sifatida jamoaning hozirgi tarkibidan qoniqish hosil qilyapsizmi?
- Realistman. Cho‘ntagimga qarab qadam bosaman yoki bo‘lmasa bizda ko‘rpangga qarab oyoq uzat, degan gap bor. O‘ylaymanki, bizni tikayotgan pulimizga yarasha jamoamiz bor. O‘ta past yoki baland deya olmayman. Ko‘pchiligi yosh futbolchilardan iborat. To‘g‘ri, muxlislarimiz katta talablar qo‘yishyapti. Bu bir yillik jamoa emas. Oldimizda turli yo‘llar bor edi. Bu yil iqtidorli yoshlarni olib, ularni tarbiyalash bo‘yicha reja qildik. Yillar davomida infrastrukturamiz yaxshi ishlamagan. Futbolchilarga safrlanadigan ortiqcha pullarni biz stadionga ham sarflayapmiz. Avtobus oldik va yoki boshqa kamchiliklarni hal qilyapmiz. Biz bu yil katta pul sarflab bir yillik jamoa tuzmoqchi emasmiz. Katta tajribaga ega futbolchilarni olib kelishimiz mumkin, ammo bu kutilgan natijani bermasa, ular bir yildan keyin ketaverishadi. Biz esa hech narsasiz qolamiz. Birdaniga hamma narsani yaxshilab yuborishning imkoni yo‘q. Bizning tanlagan yo‘limiz yillar davomida o‘z natijasini beradi, deb umid qilaman.

- Shuningdek, muxlislarga uch yilda chempionlikni va’da berdingiz. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, aytgan gapingiz to‘g‘riligiga ishonch hosil qilyapsizmi?
- Bu yil Superligada qolsak, uch yilda chempionlikka qattiq harakat qilamiz. Avvalo jamoaning o‘zagini shakllantirishga intilyapmiz. Keyingi yili yanada iqtidorli ijrochilarni olib kelamiz. Keyin uchinchi yilga katta kuchni sarflamoqchimiz. Biz bu maqsadimizga bosqichma-bosqich tayyorlanib boramiz. Agar bunga birdaniga erishamiz deb o‘ylasak, unda pulimizga kuyib qolamiz. Messini olib kelsang, Chempionlar ligasini yutib beraman, deb hech kim va’da bera olmas ekan-da! Biz vaziyatga aql bilan yondashyapmiz.

Shuningdek, ko‘pchilikka aytgandim, aslida biz hali Superliga jamoasini olishga tayyor emasdik. Viloyat rahbarlarining bizga bo‘lgan ishonchi tufayli bu vaziyat tezlashib ketdi. Endi buni oqlashimiz kerak. Muxlislar bilan uchrashganda ham aytgandim, bizni futboldan tashqari ikki yil ichida qilayotgan katta loyihalarimiz bor. Hammasi moliyaviy imkoniyatga borib taqaladi. Bu yil qurilayotgan obektlarimizni tugatish arafasidamiz. Ana shundan keyin bor e’tiborimizni futbolga qaratamiz. Biz chempionlikka erishish uchun bejizga uch yil deb aytmadik, hammasi hisobga olingan. Xudo bizni qo‘llab tursa, albatta niyatimizga erishamiz.

- Tarkibdagi legionerlar borasida fikringiz qanday?
- Sport direktorimizga katta rahmat aytaman, negaki, Plamen Dimov masalasida adashmabmiz. U mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olyapti. Tajribasi bor. Inson sifatida yaxshi taassurot qoldiryapti. To‘g‘risi, Dimov bilan oshna bo‘lib qolganmiz. Oilasini ham olib kelgan. Edgar Bernxardt bo‘yicha esa adashibmiz, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shaxsiy muammolari borligi uchun u bilan shartnomani bekor qilish arafasidamiz. O‘zi bilan kelishib bo‘lganmiz, moliyaviy masalalarni hal qilib bersak bo‘ldi. Martin Boakega kelsak, ha, u hozircha gol ura olmayapti. Biroq jamoaga foydasi tegyapti, deb o‘ylayman. Agar oldingi chiziqda unga yaxshi sherik topsak yoki o‘yin uslubimizni unga moslashtirsak gollar uradi. Boake bo‘yicha adashdik, deyishdan yiroqman. O‘tgan yili butun mavsum davomida 26 ta uchrashuvda 3 ta g‘alaba qozonilgan. Bu yil hozircha beshta turda bitta g‘alaba va bitta durang...Solishtirsak yomon emas, oldinda hali ko‘plab o‘yinlar turibdi. Bundan tashqari, bizda hujumlar va imkoniyatlar bor. Faqat yakuniga yeta olmayapmiz. O‘tgan yili shu narsa ham yo‘q edi.

- Shuningdek, jamoada darvozabon muammosi bilinyapti. Yaqinda Nizomiddin Ziyovutdinovga javob berildi. Endi ikki nafar posbon qoldi. Ularda ham hali tajriba yetarli emas...
- Ziyovutdinov bilan xayrlashish mening tashabbusim. O‘zim ham o‘yinlarni tahlil qilaman. Futbol jamoaviy o‘yin bo‘lgani sababli bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun harakat qilish lozim. Agar adashayotgan bo‘lsam uzr so‘rayman, biroq ortda qolgan o‘yinlarimizni o‘rganib chiqqanimizda 99 foiz xatolar darvozabon bilan bog‘liq. Oxirgi o‘yinlardan oldin ham aytgandim, ogohlantirgandim.

Darvozabonlar murabbiyiga ham tanbeh bergandik. Qarasak, baribir o‘zgarish bo‘lmadi. Natijada u bilan xayrlashdik va darvozabonlar murabbiyiga ham javob berdik. Tojikistonning “Istiqlol” klubida murabbiylik qilgan Aleksandr Kitni olib keldik. Osiyo Chempionlar ligasida bu jamoa nimalar qilayotganini ko‘ryapmiz. “Istiqlol”nnig asosiy darvozaboni ham Kitning shogirdi. Boshida u bilan oylik maosh masalasida biroz tortishgandik. Sizga qimmat narxga qayerdandir darvozabon olib kelgan yaxshimi yoki menga pul to‘lab, o‘zim yaxshi darvozabonlarni yetishtirganim yaxshimi, degan aniq savolni qo‘ydi. Xullas, shunday qilib u bilan kelishib oldik. Lekin darvozabon ham istayapmiz.

- Ikkinchi davraga baribir tajribali o‘yinchilar kerakligi bilinib qolyapti. Bu borada reja qanday?
- Seleksiya ishlari boshlangan. 3-4 nafar darvozabonlar bilan gaplashyapmiz. Himoya, yarim himoya va hujum chizig‘iga ham o‘yinchi istayapmiz. To‘g‘risi, o‘zimizdan emas, ko‘proq legionerlarni taklif qilmoqchimiz. Edgar ketsa, yana bitta joyimiz bo‘shaydi. 2-3 ta legioner olib kelish imkoniyatimiz bor. Adashmasdan yaxshisini olib kelamiz, deb umid qilaman. Yuqorida Braziliyadan nomzod murabbiylar borligi haqida aytdim. Shuni ham qo‘shimcha qilmoqchimanki, biz braziliyalik taniqli mutaxassis Ziko bilan ham aloqa o‘rnatganmiz. Bilasiz, u o‘z vaqtida “Bunyodkor” klubini boshqargan. Ushbu mutaxassis jamoamizga yordam qo‘lini cho‘zgan holda murabbiy va futbolchilar borasida ham o‘z tavsiyalarini bermoqda. Zikoning ukasi futbol agenti sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Shu sababli ular bizga nomzodlarni tavsiya qilishyapti. Keyinchalik bu masala bo‘yicha Braziliyaga ham borib kelishimiz mumkin.

- Shuningdek, o‘yinlar chog‘ida muxlislar uchun lotereya tashkil qilinyapti, turli qimmatbaho sovg‘alar egalariga topshirilyapti, “Spark” mashinasi ham yutuq egalariga berilyapti. Shuncha harakatga yarasha foydasi bilinyaptimi?
- Men tadbirkorman. Biror ishni boshlashdan avval birinchi navbatda sarmoya kiritiladi. Lekin bu birdaniga o‘zini oqlamaydi, vaqt kerak bo‘ladi. Hattoki, sarmoyangiz besh yilgacha o‘zini oqlamasligi mumkin. Biz Allohga tavakkal qilganmiz. Hozircha bu ishimiz o‘zini oqlagani yo‘q. Lekin umidimiz bor. Jamoaning o‘yiniga ham ko‘p narsa bog‘liq. G‘alabalar bo‘lib tursa, stadionga muxlislarning tashrifi ham ortadi.
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Andijon" rahbari: "Yuriy Syomin bilan muzokara boshlangan, shu oyning oxirida Moskvada uchrashamiz"