09:35 / 14.05.2021
2 224

Usmon Toshev: Tojikiston termasidagi taqdiri, "Buxoro"ga qaytishiga nima turtki bergani haqida


Yaqinda “Buxoro” klubida o‘zgarish sodir bo‘ldi. Barchamizga yaxshi tanish bo‘lgan Usmon Toshev yana sobiq jamoasiga qaytdi.
Bilasiz, u Tojikiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiylik qilib kelmoqda. Ammo tez orada mutaxassis u yerdagi faoliyatini yakunlab, bor e’tiborini Buxoro futboliga qaratadi. Kuni kecha Usmon Qudratovich sports.uz muxbiriga intervyu berdi.

- Usmon Qudratovich, Tojikiston termasini boshqarayotgan bir paytda “Buxoro”ga qaytishingiz ayni mavridimidi?
- Bilasizmi, rahbariyat bilan ko‘rishdik. E’tibor bergan bo‘lsangiz, klubda juda ko‘p almashuvlar yuz berdi. Mana shunday o‘zgarishlarga chek qo‘yish uchun rahbariyat meni chaqirib, avval ishlaganingizni bilamiz, jamoada tartib-intizomni yo‘lga qo‘yish kerak, biz o‘zgarishlardan charchadik, degan fikrni aytdilar va menga ishonch bildirdilar. Lekin mening Tojikiston terma jamoasi bilan amaldagi shartnomam bor edi va ishimni oxirigacha tugatib qo‘yishim lozimligini ham unutganim yo‘q. Tez orada jahon chempionati saralash bahslari yakuniga yetgach, shartnomam ham tugaydi. Shu bois Tojikistonda oxirigacha ishlab qo‘yaman.

- Demak, Tojikiston terma jamoasidagi faoliyatingizni yakunlaysizmi?
- Ha. U yerga borib hammasini tushuntiraman. Men juda yaxshi odamlar bilan ishladim. Shartnomam tugayapti, bu normal holat, hamma joyda ham shunaqa. Men biror joyga qochib ketmayapman. Nasib bo‘lsa, endi ishimni “Buxoro”da davom ettiraman. Yana qaytaraman: shartnomam tugayapti, vazifamni oxirigacha yetkazib, ularga rahmat aytib kelaman. O‘ylaymanki, hamma meni tushunadi. O‘ylaymanki, endi “Buxoro”da tartib o‘rnatishga va futbol haqida o‘ylashga vaqt keldi. 13 yildan beri klubda emasdim. Shu vaqt oralig‘ida 20 dan ziyod insonlar kelib-ketdilar. Endi viloyat rahbarlari bilan birgalikda hammasini joy-joyiga qo‘yamiz. Ular menga ishonishgani uchun katta rahmat. Chunki ishim ularning yodlarida ekan. Endi 100 foiz borimni beraman. Bu taklifga yo‘q deya olmadim. Bu mening uyim. Endi oilamga ham yaqin bo‘laman.

Ammo Tojikiston ham mening ikkinchi uyim bo‘ldi. Bilaman, u yerdan ketishim oson bo‘lmaydi, vaziyatni tushuntirishimga to‘g‘ri keladi. Ko‘plari bilan do‘stlashdim, aka-uka bo‘ldik. Tojikistonda ishlayotganimga uch yil bo‘lyapti va shu vaqt ichidagi hayotim o‘sha yerda o‘tdi. Juda ajoyib odamlar bilan birgalikda mehnat qildim. Ko‘p narsalarni o‘rgandim va yana ko‘plab jabhalarda meni qo‘llab-quvvatlashdi. O‘tgan davr mobaynida Tojikistonda futbol o‘sdi va bunda ozgina bo‘lsa ham mening hissam bor. O‘tgan uch yil aslo zoye ketmadi. Kelgusida futbol federatsiyasi va klublari bilan hamkorlikni davom ettirib, o‘zaro o‘yinlar ham o‘tkazamiz.

- “Buxoro”dagi ishingizni nimadan boshlaysiz? Qanday o‘zgarishlarni qilmoqchisiz?
- Mutaxassislarni jalb qilishdan. Futbolni yaxshi tushunadigan, fidoyi insonlarni taklif qilaman. Chunki tashkiliy masalalarni ham joy-joyiga keltirishimiz lozim. O‘zgarish bitta – futbol o‘ynashni boshlaymiz. Buning ma’nosi katta. Uning mazmun-mohiyati haqida ko‘p gapirishimga to‘g‘ri keladi. Lekin men kimnidir xafa qilmoqchi emasman. Futbol mutaxassislari ishlaydi, klubda. Kerak bo‘lmagan narsalarni olib tashlaymiz va butun e’tiborimizni futbolga qaratamiz. Chunki men nima uchun rozi bo‘ldim? Rahbariyatni ko‘rganimda, ular haqiqatan noto‘g‘ri ishlardan charchashgan.

Qarasam, rahbarlarning ko‘zlari “yonyapti”. Buxoro futbolini ko‘tarish uchun ishtiyoqlari va shijoatlari yuqori. Demak, men bunday jarayondan chetda qolmasligim kerak, deb o‘yladim. Ular Buxoro futbolini ko‘tarishni istayotganliklarini yurakdan gapirishyapti. Viloyat hokimi va o‘rinbosarlari bizni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Biz birgalikda muvaffaqiyatli ishlay olamiz. Buxoro futbolini qaytaramiz va raqobatbardosh jamoani shakllantiramiz.

- Sizni murabbiy sifatida yaxshi bilamiz. Tarqalgan ma’lumotga ko‘ra, “Buxoro” klubi bosh direktori etib tayinlangansiz. Bundan chiqdi, murabbiylikdan ketasizmi?
- Menejerman. Birorta klublarimizda menejer bormi yoki yo‘qmi, bilmadim. Yevropa, Osiyo klublarida shundayki, bosh murabbiy jamoa rahbariyatini ham boshqaradi. Agar bilimingiz, tajribangiz bo‘lsa, klub menejeri bo‘lib ishlaysiz. Siz turli lavozimlarga insonlarni jalb qilasiz, ammo ushbu yo‘nalishlarda qanday ishlash kerakligini yaxshi bilasiz. Faqat ularni boshqarib turasiz. Dunyo futbolida hozir shunday. Ko‘p joylarda bo‘ldim, o‘rgandim. Tojikiston futboliga ham hissamni qo‘shdim. Umumiy ma’noda aytsam, qanday ishlashni bilaman.

Shundan kelib chiqib, “Buxoro”da menejer bo‘ldim. Klubda har bir mutaxassis o‘z ishini qiladi. Lekin ish qanday ketayotgani, futbolchilar to‘g‘ri yo‘nalishda o‘sishini ta’minlash va boshqa jihatlar bo‘yicha nazorat qilamiz. Jamoada keraksiz ishlar bo‘lmaydi. Avvallari “Buxoro”da faoliyat ko‘rsatgan chog‘imizda qanchadan-qancha futbolchilar chiqqandi?! Hozir esa Buxorodan birorta o‘yinchi chiqmayapti. Rahbarlar ham yana o‘zimizdan yaxshi-yaxshi futbolchilar yetishib chiqishini istashyapti. Ularning bunday istagi ham juda o‘rinli. Demak, o‘zimiz tashkil qilgan, o‘zimiz ishlab, futbolchilarni tarbiyalagan jamoani yana har jihatdan mavqeini ko‘tarish uchun bor bilimimizni beramiz.

- “Buxoro”ning natijalariga o‘zingiz javob berasizmi?
- Albatta. Natija uchun hali vaqtliroq, ammo jamoa Superligaga chiqishi kerak. Shuning uchun men bu yerga keldim. Umid qilaman, bir-bir yarim yildan keyin Buxorodan yana yaxshi futbolchilar chiqishni boshlaydi. Terma jamoalarimizga ham munosib nomzodlar yetkazishni unutmaymiz. Bir so‘z bilan aytganda, foydamiz tegadi.

- “Buxoro”da bosh murabbiy masalasini nima qilasiz? Anvar Berdiyevga ishonch bildiraverasizmi yoki o‘zgartirasizmi?
- Yo‘q, u ishlayapti. ”Xorazm”ga qarshi o‘yinga tayyorlanishyapti. Keyin “Dinamo” va “Neftchi” bilan muhim uchrashuvlar bor. Sergey Lebedev va Suhrob Qobilov yordam berishyapti. Tarkib o‘sha-o‘sha. Murabbiyga nima kerakligini tushunaman, ularni qo‘llab-quvvatlaymiz.

- Tojikiston terma jamoasida ikkita rasmiy o‘yin turibdi va bu ham juda muhim. Mabodo, keyingi bosqichga chiqadigan bo‘lsa, rejalaringizga yana o‘zgarish kiritmaydimi?
- Albatta, men tushaman, terma jamoada sharoitlar va talab boshqacha. Saviya ham shunga yarasha boshqacha. Masalaning yana bir tomoni borki, men shuncha yil oilamsiz yashadim. Bu ham menga ta’sir qildi va “Buxoro” taklifini qabul qilishimda rol o‘ynadi. Tojikiston futboli rahbarlari meni tushunadilar. Bundan keyin ham ular bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolamiz.

- Darvoqe, “Buxoro” qachon o‘z stadioniga qaytadi?
- Hozir ta’mirlanyapti. 3-4 kun stadiondan chiqmadim. Kamchiliklarni ko‘rdik. Ta’mirlash ishlarida maslahatlashdik. Nasib bo‘lsa, yaqin 20 kunda hammasi tayyor bo‘ladi. Rahbariyat bilan butun stadionni aylanib chiqdik. Hattoki, men “Buxoro” stadionining barcha nuqtalarigacha bilaman. Boisi, stadion qurilayotgan paytda shaxsan o‘zim ishtirok etganman. O‘yingohni yanada yaxshi qilamiz. Shunday qilib, men uyga qaytyapman. Menga yana bir yoqimli tomoni shu bo‘lyaptiki, kimni ko‘rsam qaytganim bilan tabriklayaptilar. O‘FA va PFLdan, klublardan ham qo‘ng‘iroq qilib meni qutlashyapti. Yuragim xuddi 200 ga urayotgandek (kuladi). Lekin ikkinchi tarafdan qaraganda, Tojikiston termasidan ketayotganim ham og‘ir. Hayot shunaqa ekan. Kim menga ishonsa va uni oqlasam, bu ham o‘ziga yarasha yaxshi va savobli ish, bizdan qoladigani shu. Boylik o‘tkinchi. Butun hayotimizda biror narsani isbotlashimiz kerak, o‘zimizga. Bizdan qoladigani faqat yaxshi nom, xolos.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Usmon Toshev: Tojikiston termasidagi taqdiri, "Buxoro"ga qaytishiga nima turtki bergani haqida