20:45 / 22.05.2021
3 145

Hal qiluvchi «jang» oldidan: kelganlar va kelmaganlar haqida Vadim Abramov bilan ochiq suhbat


O‘zbekiston milliy jamoasi JCH-2022 saralashining ikkinchi bosqichidagi hal qiluvchi bahslarni Saudiyada o‘tkazadi. Avvaliga Bo‘stonliqda, keyinchalik Dubayda milliy jamoa hal qiluvchi bosqichga tayyorgarlik ko‘radi. Hal qiluvchi «janglar» oldidan O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan suhbat uyushtirdik. Murabbiy tarkib haqida barcha savollarga ochiq javob berdi.

Vadim Abramovning aytishicha, yig‘in davomida JCH-2022 saralashining Saudiyada o‘tkaziladigan mini-turniriga boradigan tarkibda o‘zgarish bo‘ladi. Murabbiy Murod Xolmuhammedov «So‘g‘diyona»ga qarshi o‘yinda jarohat olgani, Lutfulla To‘rayev esa oxirgi vaqtlarda uncha yaxshi ko‘rinmayotgani uchun yig‘inga olib ketilmasligini aytdi. Murabbiyning fikricha, Lutfulla To‘rayevning hozirgi holatidan kelib chiqib, undan Saudiyadagi qiyin ob-havo sharoitida foydalanish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Jasur Yaxshiboyev va Oston O‘runov ham jarohat sabab yig‘inga chaqirilmagan.

Milliy jamoa yig‘iniga «Bunyodkor» darvozaboni Ravshan Yagudin va OKMK posboni Valijon Rahimov chaqirilgani ham ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Chunki Yagudin chempionat o‘yinlarida o‘zini aytarli ko‘rsatib ulgurmagan bo‘lsa, OCHLdagi ishtirokini yaxshi boshlagan Valijon Rahimov keyinchalik jamoasining asosiy darvozaboni bo‘lmay qoldi. Murabbiy Rahimovni bo‘yi baland bo‘lgani uchun, Yagudinni esa oyoq bilan yaxshi o‘ynay olishi uchun chaqirganini va ular yakuniy tarkibdan tushib qolishi mumkinligini aytdi.

Milliy jamoa ustozi darvoza va markaziy himoyani ayni damdagi asosiy muammo deb atadi. U «Paxtakor» sardori Yegor Krimetsni nega milliy jamoaga chaqirilmaganini uning oxirgi o‘yinlarda qatnashmayotgani bilan izohladi. Murabbiy yana bir jihatga e’tibor berdi. Milliy jamoaga Koreya chempionatidan futbolchilar jalb etilgan va ular Saudiyada O‘zbekiston vaqti bilan 23:00 da maydonga tushishi kerak bo‘ladi. Bu vaqtda ular hozir ko‘nikib yurgan Koreyada tungi soat 03:00 bo‘ladi. Bunday vaqt o‘zgarishiga moslashish uchun esa vaqt ketadi. Shu sabab Abramov barcha futbolchiga alohida yondashish kerakligini aytdi.

Vadim Abramov suhbat davomida qiziq ma’lumotni aytdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Dubayda Avstraliyaga qarshi 30 daqiqadan uchta taymdan iborat o‘yin o‘tkazadi. Murabbiy avstraliyalik hamkasbi bilan shunday kelishganini aytdi. Kelishuvga ko‘ra, Avstraliya barcha taymlarda har xil tarkib bilan o‘ynaydi. Abramov ham bu o‘yinlarda har xil tarkibni tushirish orqali futbolchilarning kuchini sinab oladi.

Abramov Odil Ahmedov qovurg‘asida jarohat bo‘lishiga qaramay milliy jamoaga chaqirilganini ayti. Uning fikricha, Ahmedovning jamoada bo‘lganining o‘zi ko‘p narsani anglatadi. Murabbiy hujum chizig‘idan va undagi raqobatdan ko‘ngli to‘layotganini aytib, xususan, Temurxo‘ja Abduxoliqov yaxshi formaga kirib borayotganini ta’kidladi. Farrux Ikromovga esa murabbiy shunday ta’rif berdi: «Bu futbolchi kerak bo‘lsa, hammani hayratda qoldirishi mumkin, biroq o‘yini chiqmay, yo‘qolib qolishi ham hech gap emas. Bir so‘z bilan aytganda, nostandart futbolchi».

Suhbatdoshimiz Belarusda yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan Shahboz Umarovning o‘yinlarini ko‘rib kelganini, u orqaga qaytmasligi uchun bosh jamoaga chaqirilmaganini aytdi. «Balki Umarovning o‘yinlarini oldinroq ko‘rganimda boshqacha bo‘lardi», deydi murabbiy va bu futbolchini o‘zbek futbolining kelajagi deb atadi. Abramovning hujumda paydo bo‘lishi kutilgan yana bir futbolchi – Dragan Cheran haqida gapirar ekan, uning pasporti tayyorligi, biroq futbolchi O‘zbekiston safida 15 iyundan keyin o‘ynay olishini ma’lum qildi.

Abramovning fikricha, 2-bosqichning oldinda turgan eng muhim o‘yini Singapurga qarshi o‘tadi, chunki bu birinchi o‘yin. Murabbiy Saudiyaga qarshi o‘yin asosiy ekanini inkor qilmagan holda, dastlabki ikki o‘yinda ochko yo‘qotilsa, Saudiya bilan bahsning ahamiyati kamayishini ta’kidladi. Uning fikricha, milliy jamoa ikkinchi bo‘limda yaxshi o‘ynash ustida ishlashi kerak. Abramov Saudiyaga qarshi Toshkentdagi bahsda O‘zbekiston uzoq vaqt hisobda oldinda borganini eslatdi. Murabbiy Saudiyani katta ishtiyoq va tartibli o‘yin hisobiga mag‘lub etish mumkinligini aytib, bu juda katta jismoniy kuch talab qilishini ta’kidladi.

Murabbiy Bobur Abduxoliqovning Ukrainada o‘ynamay qaytib kelganidan, shuningdek, Jasur Jaloliddinovning faoliyati o‘xshamaganidan afsuslanishini bildirdi. Abramovning fikricha, chet elga ketadigan futbolchi Ahmedov, Jeparov va Haydarov kabi tajribali yigitlardan maslahat olish kerak.

Abramov ham milliy jamoada, ham klubda ishlash haqida gapirar ekan, milliy jamoaga foyda keltiradigan yo‘lni tanlashini aytdi: «2010 yil milliy jamoaga kelganimda menga «Lokomotiv»dan ketishimni aytishmadi va men o‘zim ketdim. O‘shanda chempionatda «Paxtakor», «Lokomotiv», «Bunyodkor», «Nasaf», «Neftchi» kabi raqobatbardosh jamoalar bor edi va men ketdim.

Hozir esa «Paxtakor»ga raqobatchi yo‘q-ku? O‘tgan yillarni olaylik. Masalan, bir jamoani Arveladze boshqaradi, ikki kundan keyin men boshqa bo‘yinbog‘da xuddi o‘sha futbolchilardan iborat jamoani qabul qilib olaman. Masalan, «Bunyodkor» murabbiyi sifatida maydonda boshqa futbolchilarni ko‘rishim mumkin. Tribunadan o‘yinni kuzatish bilan murabbiy sifatida o‘yinni kuzatish farqli narsalar», deydi murabbiy.

Bobur Akmalov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hal qiluvchi «jang» oldidan: kelganlar va kelmaganlar haqida Vadim Abramov bilan ochiq suhbat