2 141
"Biz uchun har bir o‘yinchi g‘animat, rahbariyatga yangi futbolchilar kerakligini tushuntiryapmiz" - Ro‘ziqul Berdiyev
“Nasaf” klubi OFK Kubogi guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tganidan keyin jamoa a’zolariga biroz tanaffus berilgandi. Endilikda Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi mashg‘ulotlarga kirishdi. Sports.uz muxbiri “Nasaf” ustozi bilan bog‘lanib, bir qator mavzularda suhbatlashdi.
- Ro‘ziqul Sa’dullayevich, milliy terma jamoamiz yig‘ini va rasmiy o‘yinlari tufayli Superligada yuzaga kelgan tanaffus klublarga qanchalik ta’sir qilishi mumkin?
- Minus taraflari ko‘p bo‘ladi, chempionatimiz cho‘zilib ketadi. Yozning issiq kunlarida ko‘p o‘yinlar o‘tkazishga to‘g‘ri kelib qoladi. Bunday paytda futbolchilarga og‘irroq bo‘ladi va klublarga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Lekin shunga majbur bo‘lyapmiz, pandemiya sabab saralash o‘yinlari shu vaqtga qo‘yilgan. Natijada chempionatimiz ham shunga qarab moslashishiga to‘g‘ri keladi. Biroz noqulaylik bo‘lsa ham futbolimiz davom etishi kerak. O‘ylaymanki, kerakli vaqtlarga o‘yinlar belgilanib, chempionatimiz davom ettiriladi. Albatta, bu uzilish biz tomondan qilingan qaror emas. Bu qanchalik noqulay bo‘lmasin, to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak.
- Jamoangizning tayyorgarlik rejalari qanday? “Andijon” bilan uchrashuvgacha o‘rtoqlik bellashuvlari tashkil qilinadimi?
- Bo‘ladi. 20 mayda OFK Kubogi guruh bosqich o‘yinlarini tugatgach, yigitlarga 25 maygacha dam berdik. 26 maydan yig‘ildik. Chempionat o‘yinigacha ikki bosqichda tayyorgarlik olib boramiz. Futbolchilarni 8 kundan ikki marta yig‘amiz. Shu payt oralig‘ida ikkita o‘yin rejalashtiramiz.
- Hali raqiblar kimligi aniq emasmi?
- Yo‘q, hozircha ma’lum emas. Lekin bu borada ish olib boryapmiz.
- Iyun oyida milliy terma jamoamiz Saudiya Arabistonida muhim o‘yinlarini o‘tkazadi. Mutaxassis sifatida vakillarimizning imkoniyati qanday ko‘rinyapti?
- Saudiya o‘z maydonida o‘ynaydi, bu ularga qaysidir ma’noda qulaylik tug‘dirishi mumkin. Lekin o‘ylashimcha, terma jamoamizdagi futbolchilarning holati yaxshi. Chunki o‘zimizni chempionat ham, legionerlarimiz o‘ynayotgan boshqa chempionatlar ham davom etyapti. Albatta, yaxshi natijalardan umid qilamiz. Jamoamizga, yigitlarga ishonamiz. Asosiy maqsadimiz keyingi bosqichga chiqish. Murabbiylar ham, futbolchilar ham bor mahoratini berishadi, muxlislarni xursand qilish uchun. O‘ylaymanki, barcha imkoniyatlarimiz bor. Futbolchilarimizning darajasi Saudiyanikidan baland bo‘lsa balandki, aslo past emas. Terma jamoamizga ishonamiz va yaxshi natija kutyapman.
- Milliy terma jamoamiz yig‘inida “Nasaf”dan Umar Eshmurodov, Oybek Bozorov, Xusniddin Aliqulov singari o‘yinchilar ham chaqirilgan. Bu klubingizning yig‘iniga o‘z ta’sirini o‘tkazmaydimi?
- Agar terma jamoamizga kamroq futbolchimiz chaqirilganida balki chempionatda qoldirilgan o‘yinlarni o‘tkazib olishimiz mumkin edi. Lekin to‘rtta o‘yinchimiz terma jamoalarda, bittasi Timur Kapadze jamoasiga chaqirilgan. Shu bois qoldirilgan o‘yinlarni o‘tkazmay turamiz. Albatta, ularning yo‘qligi jamoaning umumiy holatiga ta’sir qiladi. Lekin imkon qadar yigitlarni bo‘lajak uchrashuvlarga tayyorlashga harakat qilamiz.
- “Nasaf”ning OFK Kubogi guruh bosqichidagi o‘yinlarini diqqat bilan kuzatdik. Raqiblardan bir necha barobar ustun ekanligi yaqqol sezildi. Murabbiy sifatida o‘yinlar o‘zingiz kutganingizdan ko‘ra, yengilroq o‘tdi, deb o‘ylaysizmi?
- O‘yinlarga, raqiblarga jiddiy yondashdik. Imkoniyatingiz qanchalik yuqori bo‘lmasin baribir raqiblarga jiddiy yondashmasangiz muammolar olib kelishi mumkin. O‘z ishimizga professional tarzda munosabatda bo‘ldik. Kichkina bo‘lsa ham O‘zbekistondagi muxlislarimizni xursand qila oldik. Bu katta yutuq emasdir, ammo Superligadagi eng yosh jamoa sifatida darajamizni ko‘rsatib berdik. O‘zimiz ham buni juda xohlagandik.
- Musobaqadan oldin sun’iy maydon bo‘yicha xavotirlar yo‘q emasdi. Bu sizlarga qo‘shimcha muammolar tug‘dirmadi-a?
- Bunday maydonga tezroq ko‘nikish uchun ertaroq shug‘ullandik. Dushanbega besh kun oldin borib o‘sha maydonda mashg‘ulotlar o‘tkazdik. Qanchalik noqulay bo‘lsa ham maydonning tekis va sifatligi yaxshi futbol ko‘rsatish uchun ma’qul edi, buni futbolchilarga ham ta’kidladik. Maydon yaxshi edi va biz bunga ko‘nikib, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qildik.
- OFK Kubogidagi dastlabki vazifa bajarildi va endi bu boradagi keyingi rejalar qanday?
- Ungacha vaqt bor. Hozir chempionatimizdagi o‘yinlarga e’tibor qaratamiz. Keyinchalik Turkmanistonning “Axal” jamoasi bilan bahsga jiddiy ahamiyat beramiz. O‘sha o‘yin qanday o‘tishi hali aniq emas. Bitta uchrashuvdan iboratmi yoki bordi-keldi bo‘ladimi, barchasi aniq bo‘lgach, o‘sha muddatga jamoamizni yaxshilab tayyorlaymiz.
- Adashmasam, “Axal”da sobiq shogirdingiz – Artur Gevorkyan o‘ynayotgandi...
- O‘sha jamoa safida edi. Qirg‘izistondagi guruh bosqichi o‘yinlarida uni ko‘rmadim. Bu klubda bizga tanish bo‘lgan yana boshqa o‘yinchilar ham bor. Elman Tagayevni bilamiz, oldin “Navbahor” va “Andijon”da ham o‘ynagan. O‘tgan yili “Qizilqum”ga markaziy himoyachi kelgandi, o‘sha futbolchi ham hozir “Axal”da ekan. Ular haqida ozgina bo‘lsa ham ma’lumotga egaman.
- “Nasaf”ning 2011 yili OFK Kubogini yutganida siz ham jamoa bilan birga edingiz. Barchamiz yana o‘sha holat takrorlanishini istaymiz. Vaziyatga real qarasak, jamoangiz OFK Kubogida g‘olib chiqishga qanchalik qodir?
- O‘sha yilgi bilan hozirgi jamoani taqqoslab bo‘lmaydi. Tajribali futbolchilarimiz bilan hattoki ikkitadan ham ko‘p tarkibga ega edik. Tashkiliy masalalar ham yuqori darajada edi. Hozirgi tarkibimiz bilan ham jamoa o‘yinini yaxshi shakllantirishga harakat qilyapmiz. Bu savol Dushanbeda ham berildi. Agar jamoaning maqsadi yuqori bo‘lsa, yanada kuchaytirish kerak bo‘ladi. O‘zimiz bilamiz, ayrim chiziqlarimizda muammolarimiz bor.
OFK Kubogi haqida gapirsak, boshqa jamoalar, masalan, Iordaniya, Quvayt klublarini hali o‘rganganimiz yo‘q. Misol uchun Iordaniya klubining bir o‘yinini ko‘rsam, tarkibida Fransiya chempionatida o‘ynagan legioner va yana boshqa saviyali o‘yinchilar bor ekan. Ozgina bo‘lsa ham qiziqib ko‘rdim. Ammo to‘liq ma’lumotga ega emasmiz. Lekin futbolimiz darajasi yomon emas. Jamoamizning saviyasini ham ko‘tarishga harakat qilamiz. O‘zimizni ham maqsadimiz – shu turnirda g‘alaba qozonish. OFK Kubogida g‘olib chiqish uchun o‘yinimiz yaxshi bo‘lishi va tarkibimizdagi kamchiliklarimizni ham bartaraf qilishimiz kerak.
- Chempionatimizda transfer oynasi ochilgan paytda yangi futbolchilar paydo bo‘ladimi va bu borada ish olib borilyaptimi?
- Bu haqda klub rahbarlari bilan gaplashganmiz. Keyingi bosqichga chiqdik va endi kerakli futbolchilar bilan kuchaytirish lozim. O‘ylaymanki, gapimiz e’tiborga olinadi. Rahbariyatimiz ham tushunib turibdi va ular ham turnirda yaxshi qatnashishimizni istashyapti.
- Jamoangizda Marko Stanoyevichga o‘xshash yaxshi legioner ham ko‘rishimiz mumkinmi? Yoki mahalliy futbolchilar hisobiga tarkibni kuchaytirasizmi?
- Ikki-uchta pozitsiyamiz bor. Ularga mahalliy yoki legioner o‘yinchilardan munosiblari bo‘lsa, albatta to‘ldirishimiz kerak. Pozitsiya bo‘yicha mahalliy va xorijlik o‘yinchilarni imkon qadar izlayapmiz.
- Bosh murabbiy sifatida rahbariyatdan endi yangi futbolchilar olish zarurligini talab qila olyapsizmi?
- Albatta, buni tushuntirib, talab qilyapmiz. Biroq imkoniyatimizdan kelib chiqib ish ko‘ramiz-da. Hammasini hisobga olamiz. Ertaga chaqirib, pul to‘lay olmasak yoki imkoniyatimiz bo‘la turib, chaqirmasak bu ham noto‘g‘ri. Barchasini inobatga olgan holda rahbariyat bilan kelishib hal qilamiz.
- Bobur Abduholiqov va Islom Kenjaboyevning bugungi holati haqida ko‘pchilik qayg‘uryapti. Ular “Nasaf”da qanday futbolchilar edi-a? Bobur “Rux”ga ketib asosiy tarkibga kira olmasdan qaytib keldi. Kenjaboyev ham Janubiy Koreyada hali o‘z o‘yinini topgani yo‘q. Ushbu o‘yinchilarga achinyapsizmi?
- Albatta. Chetga tayyor holatda ketish kerak. O‘ylaymanki, ular hali kuchli chempionatda o‘zini ko‘rsatishi uchun tajribasiz edi. Ketayotganida futbolchilarga qiyinchiliklar bo‘lishi to‘g‘risida ta’kidlagandik. Shuni ko‘tarish, chidash va to‘siqlarga bardosh berish kerak bo‘lardi. Klub yoki murabbiylarni ayblamaslik kerak. Futbolchilarning o‘zlarida ayb bordir. Chunki ular tayyor bo‘lishlari va kurashga bardosh berishlari lozim. Birinchi navbatda futbolchi chetga o‘z vaqtida, tayyor holatda ketishi darkor. Balki ularni ketishi xato bo‘lgandir. Albatta, shoshilishgan. Ularning jamoalarida o‘ynab keta olmaganidan xursand emasmiz. Chetga borib o‘ynashni ham o‘zi bo‘lmaydi. Hammasiga bardosh berishi talab qilinadi. Ruhan va jismonan ham kuchli bo‘lmog‘i kerak. Axir bu o‘zingning chinakam jamoang emas-ku! Shu sababdan har jihatdan tayyor bo‘lgachgina chetga ketishi kerak.
- Boburni yana “Nasaf”ga qaytarishni xohlayapsizmi?
- Hali qayerda to‘p surishini aniqlashtirgani yo‘q. Uni yaxshi bilardik va jamoamizga qaytsa mamnun bo‘lardik. Uning va jamoamizning qarori bo‘ladi. U qaysi klub bilan muzokara olib borayotganini bilmaymiz. Jamoamiz ham Abduholiqovni qaytib kelganini biladi. Balki bizda, balki boshqa klubda to‘p surar, hamma narsa bo‘lishi mumkin. Intervyusini o‘qidim, aytishicha yana chetga ketmoqchi ekan. Bu qanchalik haqiqatligini bilmadim. Hali o‘zi bilan gaplashmadim.
- Endilikda Oybek Bozorov hammaning e’tiborida. Unga rostdan ham chetdan aniq taklif bo‘ldimi?
- Bilmadim. Bizga har bir o‘yinchimiz g‘animat. Hech birini yo‘qotishni xohlamaymiz. Oldimizda chempionat, Kubok va OFK Kubogidagi o‘yinlar turibdi. Balki Bozorov bo‘yicha klubimizga taklif bilan chiqishgandir, o‘zim esa aniq taklif haqida eshitmadim. Lekin ko‘cha-kuyda taklif bo‘layotgani haqida eshitib turaman. Ammo aniq taklif haqida hech kimdan eshitmadim.
- Bu yilgi Superligamizning saviyasi, mavqei qanday ko‘rinyapti, sizga?
- Menimcha, har yilgidan ko‘ra, bu yil keskinroq o‘tyapti. Aniq aytishimiz mumkinki, o‘rinlar uchun kurashadigan jamoa ko‘payadi. Nazarimda, teng kuchli klublar ko‘payib qoldi. Yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan 6-7 ta jamoa bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Isroil HAMAS va “Hizbulloh” raketalarini lazer quroli bilan urib tushirmoqchi. U qanday ishlaydi?
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi