17:12 / 09.06.2021
2 386

Arab sayti Saudiya Arabistoni haqida iliq fikr bildirib, Yaman bilan o‘yinning 5 jihatiga e’tibor qaratdi


Saudiya Arabistoni milliy terma jamoasi JCH-2022 saralash bosqichida Yaman termasi ustidan 3:0 hisobida zafar quchdi.
Ayni paytda saudiyaliklar "D" guruhida 14 ochko bilan birinchi o‘rinda borishyapti. Jamoa 4 bor g‘alaba qozonib, ikki marta durang o‘ynadi. To‘plar nisbati 16-4. Arabnews.com sayti ushbu uchrashuv haqida maqola yozib, Saudiya Arabistoni ishtirokiga yuqori baho berdi va 5ta jihatga e’tibor qaratdi.

1. Erve Renarning ta’siri bilinyapti
Navbatdagi jahon chempionatiga chiqish uchun Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi yangi murabbiyni taklif etdi. Fransiyalik mutaxassis Erve Renar JCH-2018da Marokash termasi bilan ishtirok etgan. Albatta, har qanday yangi murabbiyga vaqt kerak. Erve Renar uchun ham boshida oson bo‘lmadi. Masalan, Bahraynda o‘tkazilgan Yamanga qarshi birinchi o‘yinda saudiyaliklar 2:2 hisobini qayd etishdi. Bu o‘ziga xos sensatsiya bo‘lgandi. Lekin ikkinchi bahsda uning jamoasi 3:0 hisobida zafar quchdi. Aytish mumkinki, saudiyaliklar Renar qo‘l ostida o‘yindan o‘yinga yaxshi harakat qilishmoqda. Bu esa murabbiyning ham yaxshi ishlayotganini ko‘rsatadi.

2. Fahad Al Muvalladning goli
"Al Ittihod" futbolchisi Fahad Al Muvallad bir necha oylik tanaffusdan so‘ng yana bosh jamoaga chaqirildi. Aytish mumkinki, 26 yoshli futbolchi hatto doping tufayli ma’lum muddat diskvalifikatsiyani boshdan o‘tkazdi. Uning Yaman termasiga kiritgan goli juda chiroyli ko‘rinish oldi. O‘yindan keyin yamanlik darvozabon Muhammad Ali Ayash gol haqiqatan chiroyli bo‘lganini va o‘sha payt raqib o‘yinchisi darvozaga zarba berishini umuman kutmaganini aytib o‘tdi.

3. O‘zbekistondan bo‘layotgan bosim
Saudiya Arabistoni terma jamoasi o‘z o‘yinlarini yutyapti, lekin ikkinchi o‘rindagi O‘zbekiston ham g‘alaba qozonib peshqadamni tinmay ta’qib qilmoqda. O‘zbekiston terma jamoasida iste’dodli futbolchilar ko‘p, lekin muammo shundaki, ular hali jahon chempionatiga chiqmagan. Saudiya Arabistoni esa bu borada tajribaga ega va bu narsa o‘zaro o‘yinlarda ham ko‘rinsa kerak.

4. Terma jamoaning o‘ng qanoti yaxshi ko‘rinyapti
Saudiya Arabistoni terma jamoasining aksar hujumlari o‘ng qanotdan yuzaga keldi. Bu o‘rinda Sultan Al Gannamning harakatlari alohida e’tirofga loyiq. 27 yoshli himoyachi jarohat olgan Muhammad Al Buraykning o‘rnini munosib yopa olyapti. Yaman bilan bahsda Sultan Al Gannam o‘ng qanotda tinmay harakat qildi, bu esa raqib futbolchilariga ancha boshog‘riq tug‘dirdi.

5. Yaman ham anoyi emas 
Garchi 0:3 hisobida yutqazgan bo‘lsa-da, Yaman terma jamoasini o‘ta kuchsiz deb bo‘lmaydi. Bu jamoa guruhda oxirgi o‘rinda bo‘lgani bilan keyingi ikki uchrashuvda g‘alaba qozonishga urinib ko‘radi. Yaman termasining navbatdagi ikkita uchrashuvi O‘zbekiston va Falastinga qarshi bo‘lib o‘tadi. Yamanliklar guruh o‘yinlarini Falastindan yuqorida tugatishni maqsad qilgan, shunday ekan jamoa qolgan ikkita o‘yinda borini beradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Arab sayti Saudiya Arabistoni haqida iliq fikr bildirib, Yaman bilan o‘yinning 5 jihatiga e’tibor qaratdi