21:30 / 04.07.2021
4 874

Nima uchun Isroil Madrimov, Iqboljon Xoldorov va Saidjamshid Jafarov Olimpiadada ishtirok eta olmaydi?


Olimpiada o‘yinlari start olishiga ham oz muddat qolmoqda. Tabiiyki O‘zbekiston boks terma jamoasi a’zolaridan ham yuqori probali medallar kutilmoqda. Ular quyidagi tarkib bilan ishtirok etadi:
-52 kg: Shahobiddin Zoirov
-56 kg: Mirazizbek Mirzahalilov
-63 kg: Elnur Abduraimov
-69 kg: Bobousmon Boturov
-75 kg: Fanat Qahramonov
-81 kg: Dilshodbek Ro‘zmetov
-91 kg: Sanjar Tursunov
+91 kg: Bahodir Jalolov

Ko‘pchilikda "Nima uchun Iqboljon Xoldorov, Isroil Madrimov yoki Saidjamshid Jafarov Olimpiadada ishtirok eta olmaydi?" degan savol tug‘ilishi tabiiy hol.

Buning sababi ular Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi litsenzion turnirga bormagan. Boshqacha aytganda, ular tarkibda tanlanmagan.
-63 kg vaznda bu turnirga borish uchun Elnur Abduraimov va Iqboljon Xoldorov o‘rtasida, -69 kg vaznda Bobousmon Baturov va Shahram G‘iyosov o‘rtasida sparring janglari bo‘lib o‘tgan. Bu janglardan so‘ng Elnur Abduraimov va Bobousmon Baturov asosiy tarkibda musobaqada ishtirok etadigan bo‘ldi. 2020 yil mart oyida Iordaniyada bo‘lib o‘tgan litsenziya beruvchi kvalifikatsion turnirda ikkala bokschi ham yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Abduraimov o‘z vaznida finalga qadar yetib borib, qozog‘istonlik Zakir Sayfulinni mag‘lub etgan holda chempion bo‘lgan bo‘lsa, Bobousmon Boturuv yarim finalda mezbonlar vakili Zeyad Eshaishga imkoniyatni boy berib, bronza medaliga sazovor bo‘lgan edi.

-75 kg vaznda Fanat Qahramonovning borishi ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Lekin bu yerda shunday vaziyat bo‘ldiki, u har qanday holatda Olimpiadaga borishga majbur. Bizda -75 kgda hech kim ishtirok etmaydi. Aslida turnir oldidan bu vaznda Bektemir Meliqo‘ziyev terma jamoaga jalb qilingan edi. Terma jamoaning birinchi va ikkinchi raqamli a’zolari Iordaniyaga bir necha kun oldin borib, mashg‘ulotlarni u yerda davom ettirishdi.

Lekin musobaqaga 3 kun muddat qolganda Meliqo‘ziyev bilan bog‘liq doping muammosi yechilmagani sabab, u musobaqada ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi. Fanat Qahramonov esa Istambuldan O‘zbekistonga qaytayotgan yo‘lidan qaytarib chaqirib olingan. Musobaqada u chorak finalga qadar borib qozog‘istonlik Abilayhan Amankulga mag‘lub bo‘ldi. Keyinchalik joriy yilning may oyida Fransiyada yakuniy jahon kvalifikatsion turniri bo‘lishi va bizdan -75 kg vaznda boshqa bokschiga imkoniyat berilishi ko‘zlangandi.

Ammo bu musobaqa pandemiya sababli bekor qilingach, BTF reytingi o‘rniga ko‘ra yo‘llanma beriladigan bo‘ldi. U vaqtda Jafarov hali katta musobaqada natija qilmagan, Madrimov esa havaskordan ketib, professional boksda faoliyat olib borayotgan edi va tabiiyki ularda yetarlicha reyting ochkolari ham yo‘q bo‘lgan. Shunday qilib, Osiyo mintaqasi bo‘yicha -75 kgda Fanat Qahramonov va -81 kgda Dilshodbek Ro‘zmetov yo‘llanmaga ega chiqdi. Qahramonovning o‘rniga boshqa biron bokschini olib ketish mumkin emas. Litsenziya aynan Qahramonov nomiga berilgan. Yoki u boradi, yoki hech kim. Biz esa barcha bokschilarimizga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.

Jalol Axmedov tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Nima uchun Isroil Madrimov, Iqboljon Xoldorov va Saidjamshid Jafarov Olimpiadada ishtirok eta olmaydi?