16:30 / 10.07.2021
23 923

Shomurodov mutaxassislar fikrini o‘zgartirdi!


Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan moliyaviy muammolar Yevropa kuchli beshlik chempionatlari klublarining transfer siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda.

Bugungi kunga kelib, ilgari bir futbolchi uchun bir necha o‘n millionlab pul sarflagan  qudratli klublar ham transfer summasi yuqori bo‘lmagan va o‘zi katta maosh talab qilmaydigan charm to‘p ustalarini qidirmoqda.

Kuchli beshlik chempionatlari orasida o‘ziga xos murakkabligi bilan ajralib turadigan Italiya chempionati ishtirokchilari keyingi paytda sobiq Ittifoq hududidan yetishib chiqqan o‘yinchilarga e’tibor qaratayotgani ahamiyatli.

Yakunlangan mavsumda A seriyaning o‘zida MDH mamlakatlarining bir necha vakillari to‘p tepdi va ularning aksariyati boshqa qit’a vakillari bilan raqobatga qodir ekanini ko‘rsata oldi. Xususan, bugungi kunda “Roma”da armanistonlik Genrix Mxitaryan, “Atalanta”da ukrainalik Ruslan Malinovskiy va Viktor Kovalenko, rossiyalik Aleksey Miranchuk, “Fiorentina”da Aleksandr Kokorin va “Jenoa”da hamyurtimiz Eldor Shomurodov o‘ynamoqda. O‘tgan mavsumda Kokorindan tashqari ularning bari o‘z salohiyatini namoyon etib, muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozona oldi.

Biz uchun ahamiyatlisi, Eldor Shomurodov debyut mavsumida barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tib, o‘z iste’dodini namoyish eta oldi. Keyingi paytda “Jenoa” transferlar masalasida hamdo‘stlik mamlakatlari futbolchilariga e’tibor qarata boshlaganida Eldorning hissasi va xizmati katta ekani ko‘rinib turibdi.

“Jenoa” nishonida turgan futbolchilar orasida “Paxtakor” o‘yinchisi Ibrohimxalil Yo‘doshev borligi va tomonlar muzokara o‘tkazayotgani haqida saytimiz orqali xabar bergan edik.

Endi genuyaliklar Kiyevning “Dinamo” jamoasi hujumchisi Vladislav Supryaga bilan 5 yillik shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida ma’lumotlar tarqatildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 21 yoshli ukrainalik hujumchi boshqa klublardan taklif kela boshlagan Eldor Shomurodovga o‘rinbosar sifatida olingan ekan. Chunki, “Jenoa” rahbariyati o‘zbek legionerini uzoq ushlab turmaydi. Ular Italiya futboliga moslashib bo‘lgan Shomurodov kelasi mavsum ham to‘purarlik mahoratini namoyish etishiga va uning transfer summasi yanada ko‘tarilishiga ishonmoqda. Demak, Eldor qishda yoki kelasi yil yozda boshqa klubga sotib yuborilishi mumkin.

“Jenoa” nishonida Yevropa chempionati qahramonlaridan biri Artyom Dovbik ham bor. Ukraina terma jamoasiga Shvetsiya ustidan g‘alaba keltirgan “Dnepr” futbolchisi genuyaliklarning tashqari “Fiorentina”, “Torino”, “Marsel” va “Real Sosedad” kabi jamoalardan ham taklif oldi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Jenoa” rossiyalik darvozabon Andrey Lunevga ham xaridor bo‘layotgan edi. Biroq, Lunev “Bayer”dan bo‘lgan chorlovni qabul qildi.
- Biz uchun “Bayer”ning taklifi qiziqarliroq tuyuldi. Aslida u Rossiya terma jamoasidagi darvozabonlardan ancha kuchli. Darvozani u qo‘riqlaganida termani guruhdan olib chiqardi. Lunevga Ispaniya, Turkiya va Angliyadan qiziqish bo‘ldi. Kuni kecha, “Jenoa” mutasaddilari aloqaga chiqdi. Lekin biz Bundesliga vakilini tanlab bo‘ldik, - dedi darvozabonning agenti Denis Sarsaniya.

Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodovning o‘zi O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2022 yilgi jahon chempionatiga chiqa olmaganidan keyin bor e’tiborini “Jenoa”ga qaratadi. Ayni paytda genuyaliklar yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlab yubordi.

Yangi mavsumda Shomurodov oldida asosiy tarkibdagi joyini saqlab qolish, ko‘proq gol urish, ichki raqobatda ustunligini isbotlash kabi muhim vazifalar turibdi. Zero, hamyurtimiz “Yuventus”, “Roma” kabi jamoalar e’tiboriga tushgan va yangi mavsumda ko‘plab mutaxassislar va agentlar Yevropa futbolida o‘zini ko‘rsata boshlagan o‘zbek legionerining o‘yinlarini sinchkovlik bilan kuzatib boradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov mutaxassislar fikrini o‘zgartirdi!