21:00 / 31.07.2021
3 593

Eldor Shomurodov Rimga keldi!


O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Jenoa” hujumchisi Eldor Shomurodov Italiya poytaxti Rim shahriga yetib keldi. Bu haqda birinchi bo‘lib Tuttomercatoweb sayti axborot tarqatdi.

31 iyul kuni Eldor Shomurodov Rim shahrida “Roma” uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Tibbiy ko‘rikdan so‘ng o‘zbekistonlik futbolchi “Roma” bilan rasmiy shartnoma imzolaydi.

“Roma” va “Jenoa” rahbariyatlarining Eldor Shomurodov transferi bo‘yicha kelishuviga ko‘ra, hamyurtimiz bir mavsum davomida ijara asosida to‘p suradi. Buning uchun rimliklar Genuya klubiga 2,5 million yevro miqdorida ijara puli to‘laydi. “Roma”da o‘zbekistonlik hujuchining transfer huquqini 17,5 million yevroga sotib olish imkoni bor.

Shomurodov ma’lum miqdordagi o‘yinlarda ishtirok etsa yoki “Roma” yangi mavsum oxirida Yevropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kirita olsa, bu transfer avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Ya’ni, Shomurodov “Roma”ning to‘laqonli a’zosiga aylanadi.

“Jenoa” Shomurodovning keyingi transferidan ham 10 foiz ulush olishi belgilangan.
“Roma” Shomurodov bilan 2026 yilning yozigacha shartnoma tuzishi kutilmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, legionerimiz poytaxt klubida bir mavsum uchun 2 million yevro maosh olishi kelishilgan ekan.

Eldor Shomurodov bugun tibbiy ko‘rikdan o‘tib, rasmiy shartnoma imzolash marosmini yakunlaganidan keyin,  1 avgust kuni Potugaliyaga yo‘l oladi. Doze Mourino jamoani yangi mavsumga o‘z yurtida tayyorlashni ma’qul ko‘rgan va ayni paytda “bo‘rilar” shu mamlakatda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov “Ma’al” futbol akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Iste’dodli futbolchimiz O‘zbekiston chempionatida 2014 yilda debyut qilgan.  “Mash’al” safida o‘nta uchrashuv o‘tkazganidan keyin “Bunyodkor” safiga qo‘shildi.

2015-2017 yillar davomida toshkentliklar sharafini himoya qilgan Eldor milliy chempionat o‘yinlarida 66 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini 18 marotaba aniq nishonga oldi.

Hamyurtimiz 2017 yili Rossiya premer-ligasiga yo‘l oldi va uch mavsum davomida “Rostov”da to‘p tepdi. Rossiya chempionatida to‘purarlik mahoratini namoyish qila olgan Eldor Yevropaning qator klublari e’tiborini qozondi. Unga bir necha klublardan taklif bo‘lishiga qaramay, 2020 yilning kuzida “Rostov” o‘zbekistonlik hujumchisini “Jenoa”ga transfer qildi. Genuyaliklar yuu transfer uchun 7,5 million yevro to‘ladi.

Kuchli beshlik chempionatlari orasida murakkabligi bilan ajralib turadigan A Seriyada Shomurodov debyut mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Iste’dodli hujumchimiz Italiya futboliga tez moslasha oldi va A Seriya hamda mamlakat kubogi doirasida jami 32 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini sakkiz marotaba ishg‘ol qildi va ikki marta jamoadoshlariga golli pas uzatdi.

Eldor Shomurodovga “Yuventus”, “Milan” va “Roma”dan jiddiy qiziqish bo‘ldi. Hamyurtimiz uchun kurashda “Roma”ning harakati samarali yakunlandi va Shomurodov ushbu klub futbolchisiga aylanmoqda.

Transfermarkt portali Eldor Shomurodovning transferini 7 million yevroga baholayotgan bo‘lsa-da, “Roma” o‘zbekistonlik hujumchini qo‘lga kiritish uchun 20 million yevro miqdorida xarajat qilmoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov Rimga keldi!