12:59 / 17.02.2015
6 445

Vadim Abramov: «Indoneziya Birinchi ligasini O‘zbekiston Oliy ligasidan ustun qo‘yadigan futbolchilarni shifokorga ko‘rsatish kerak»

Vadim Abramov: «Indoneziya Birinchi ligasini O‘zbekiston Oliy ligasidan ustun qo‘yadigan futbolchilarni shifokorga ko‘rsatish kerak»

Bugun Toshkentning "Lokomotiv" jamoasi yangi mavsum boshlanishi oldidan o‘z safiga qo‘shib olgan futbolchilarning taqdimot marosimini o‘tkazdi hamda murabbiylar shtabi va klub rahbariyati o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashishdi. Marosimda klub bosh murabbiyi Vadim Abramov va klub rahbariyati ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanini klub bosh direktori o‘rinbosari To‘labek Akromov kirish so‘zi bilan ochdi.
— Barchani yangi mavsum boshlanishi bilan tabriklayman. Chempionatimiz qiziqarli o‘tadi degan umiddaman. Jamoamiz o‘tgan mavsumda chempionatda kumush medallarni qo‘lga kiritdi va O‘zbekiston kubogi sohibiga aylandi. Bu natija rahbariyat tomonidan qoniqarli deb topildi. Kelayotgan mavsumda esa Kubokni o‘zimizda olib qolish va chempionlikni qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan. Chempionlar ligasida esa finalgacha etib brishni maqsad qilganmiz. Bugungi holatimiz bilan kamida yarim finalgacha etib borishimiz kerak.

Dubay va Turkiyadagi olib borilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari davomida bir necha nafar legionerlar ko‘rikdan o‘tishdi. Ulardan faqat rossiyalik Ruslan Koryan va Nemanya Yanichich murabbiylar shtabi tomonidan klubda olib qolindi. Shuningdek, Qozog‘istonning "Astana" jamoasidan chernogoriyalik Damir Kayashovich shu kunlarda safimizga kelib qo‘shilishi kerak. Qolgan legionerlar talabga javob bermagani uchun ularga javob berildi. Ulardan tashqari, tarkibimizga bir necha mahalliy ftubolchilarni qo‘shib oldik. Barcha harakatlarning barchasi oldimizda turgan yangi mavsumda yaxshi ishtirok etishga qaratilgan.

Geynrix nima uchun jamoadan ketdi?
V.Abramov: — Geynrixning holati hozirgi kunda "Lokomotiv" tomonidan qo‘yilgan talablarga javob bermaydi. Shuning uchun u bilan xayrlashishga qaror qildik.

OChLdagi raqiblar o‘rganilyaptimi?
— Zamonaviy futbolda har qanday raqibni o‘rganish mumkin. "Al-Hilol" va "Fulad" jamoalarini to‘liq o‘rganib boryapmiz. Ular haqida ma’lumotlar bor.

Hujum chizig‘i to‘liq yangilandi. Ular jamoa o‘yiniga moslashib keta olishadimi?
— Albatta, yig‘inlar davomida hujumchilarning jamoamizga moslashib ketishlari uchun harakat qildik. Ular mas’uliyatni his qilib turishibdi. O‘ylaymanki, bu borada muammo bo‘lmaydi.

Jamoa oldiga har yili yuksak vazifalarni qo‘yishiga qaramay, tarkib har yili keskin yangilanadi. Bu murabbiylarga noqulaylilk tug‘dirmaydimi? Masalan,"Paxtakor", "Bunyodkor" va "Nasaf" jamoalar barqaror tarkib evaziga yaxshi o‘yinlar ko‘rsatib kelishmoqda.
T.Akromov
: — To‘g‘ri, har yili jamoada katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Masalan, bu yil jamoani tark etgan futbolchilarga ahamiyat beradigan bo‘lsak, Farhod Tojiev va Sadriddin Abdullaev o‘z xohishiga ko‘ra Indoneziya chempionatiga yo‘l olishdi. Fozil Musaev va Ivan Nagaev Eron va Kuvayt chemponatlarida o‘ynashni istashdi. Ilhom Suyunov va Karpenkoning jismoniy holati talabga javob bermagani uchun ular bilan xayrlashdik. Yangi qabul qilingan futbolchilar borasida aytishim mumkinki, biz murabbiyning istagidan kelib chiqib transfer siyosatini amalga oshiramiz.
Abramov: — Shu savolga qo‘shimcha qilmoqchiman. Jamoadan ketgan va klubga kelgan o‘yinchilarga ahamiyat qaratsak, ularning saviyasi orasida katta farq yo‘q. Lekin futbol hayoti shunqaqa. Doimo yangilanib turish kerak. Tushunaman, "Paxtakor" uzoq muddatli shartnoma tuzadi va o‘z futbolchilarini ijaraga berib turadi. "Lokomotiv" esa ish yuritish uslubi boshqacha. Biz o‘ynashni istamagan futbolchini majburlab olib qolmaymiz, boisi, bundan foyda yo‘q. Agar futbolchilar Indoneziya chempionatining Birinchi ligasini O‘zbekiston Oliy ligasidan ustun hisoblashsa, bunday futbolchilarni shifokorga ko‘rsatish kerak. Bu ularning xohishi. Albatta, tarkib har yili yangilanishi men uchun ham yoqimli emas. Tarkib qanchalik barqaror bo‘lsa, murabbiyga shuncha yaxshi. Bu yil jamoadan ketgan futbolchilardan bir-ikki nafarining holati bizga to‘g‘ri kelmaydi, qolganlari asosiy tarkibdagi o‘z o‘rnini saqlab qolishi mumkin edi. O‘ylaymanki, Nagaev va Musaev vaqti kelib jamoaga yana qaytishadi.

Jamoaga taklif etilgan futbolchilar Nesterovning o‘rnini bosa olishadimi?
V.Abramov: — Bu katta yo‘qotish. Albatta, bu bizni xavotirga solmoqda. Tarkibga jalb qilingan darvozabonlarga imkoniyat beramiz. Hammasi o‘zlariga bog‘liq. Ular o‘zlarini ko‘rsatishga harakat qilishlari lozim. Bunday imkoniyat har doim ham bo‘lmaydi. Ular yaxshi o‘ynashsa, butun jamoa yaxshi o‘ynadi. Jamoaga taklif etilgan darvozabonlarning imkoniyatlari menga ma’lum.

Bilishimizcha, jamoa OChLdagi o‘yinlarni "Jar" stadionda o‘tkazar ekan. O‘tgan yillarda jamoaning Oliy liga o‘yinlarida jurnalistlar sharoitlar yaratilmagandi. Bu yil ushbu muammo bartaraf etiladimi?
— OChLning barcha o‘yinlari "Lokomotiv" stadionida o‘tadi. Oliy liga o‘yinlari esa "Lokomotiv" va TTYMI stadionlarida o‘tkaziladi. Hozirda jurnalistlarga barcha sharoitlar yaratilmoqda. 4 martda bo‘ladigan o‘yinimizgacha barcha sharoitlarni yaratamiz.

"Lokomotiv" o‘z akademiyasini qachon ochadi? Jamoa mablag‘ borligida bu yo‘nalishga ham e’tibor qaratsa, keyinchalik o‘z tarbiyalanuvchilari xizmatlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
— So‘nggi 2 yil ichida klubimizda bolalar futboliga e’tibor oshdi. Yoshlarimiz Rossiya va Turkiyadagi xalqaro musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallashdi. Hozirda yoshlarga e’tibor qaratishni boshladik. Jamoamiz tarbiyalanuvchilari Quvondiq Ro‘ziev, Ikrom Aliboyev, Xurshid Muxtorov, Sardor Rahmonov hozirda O‘zbekistonning turli terma jamoalariga nomzod futbolchilar hisoblanishadi. Akademiya bo‘yicha loyiha va reja ishlab chiqqanmiz. Bu tomonlama ish olib borilyapti. Yaqin bir yil ichida akademiya qurilishlarini boshlaymiz.

Taqdimot marosimi so‘ngida yangi qabul qilingan futbolchilarga futbolkalar topshirildi. Unga ko‘ra o‘yinchilar quyidagi raqamlarni olishdi:

Ruslan Koryan — 7
Temurxo‘ja Abduxoliqov — 11
Ma’mur Ikromov — 12
Temur Kapadze — 18
Sanjar Shoahmedov — 22
Sardor Qobuljonov — 30
Nemanya Yanichich — 31
Oleg Zoteev — 33
Abrorjon Karimov — 44

Manba: www.stadion.uz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov: «Indoneziya Birinchi ligasini O‘zbekiston Oliy ligasidan ustun qo‘yadigan futbolchilarni shifokorga ko‘rsatish kerak»