21:12 / 31.08.2021
3 556

"Muvaffaqiyatsizlikning sababini topdim" - Anvar G‘ofurov terma jamoani katta kemaga o‘xshatdi va...

"Muvaffaqiyatsizlikning sababini topdim" - Anvar G‘ofurov terma jamoani katta kemaga o‘xshatdi va...
Foto: Sports.uz
Ayni paytda “Bunyodkor” klubi murabbiylar shtabida mehnat qilayotgan Anvar G‘ofurov milliy terma jamoada Vadim Abramov bilan ham birga ishlaganidan xabardorsiz. Murabbiylikka yaqinda qadam qo‘ygan G‘ofurov uchun ham milliy termadagi muvaffaqiyatsizlik og‘ir botdi. Quyida uning bildirgan fikrlarini o‘qishingiz mumkin.

Katanes haqida qanday fikrda?
- Avvalambor, yangi murabbiyga omad tilayman. Katanetsni juda tajribali va ko‘p narsani ko‘rgan murabbiy deb bilaman. O‘zbekiston milliy terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqishini tilayman. Qolaversa, Osiyo Kubogi saralash bahslarida muvaffaqiyatli qatnashish, yaxshi natijalar ko‘rsatishini istayman. Muxlislarimiz terma jamoa o‘yinlaridan xursand bo‘lishlarini xohlayman.

Terma jamoada ko‘rgan-kechirganlari
- Terma jamoadagi faoliyatim men uchun katta dars bo‘ldi deb o‘ylayman. Terma jamoa ichida bo‘lish, futbolchilar va murabbiylar nimani o‘ylayotganini ichidan ko‘rish menga ulkan maktab bo‘ldi. Kelajakda ko‘rganlarim menga yordam beradi deb o‘ylayman. O‘zimga kelish va tiklanishim oson bo‘lmadi. Nimaga shunaqa bo‘ldi deb ko‘p o‘yladim. Bu haqda o‘z fikrlarim bor. Ammo ushbu fikrlarimni o‘zimda qoldiraman. Yana qaytaraman, men uchun yaxshi dars bo‘ldi. Terma jamoa bilan ko‘p vaqt birga bo‘lmagan bo‘lsam ham uning ichida bo‘lganimdan xursandman.

Muvaffaqiyatsizlik nima bilan bog‘liq edi?
- Sabablar ko‘p. Terma jamoani katta kema deb hisoblasak, unda kimdir xato qilgan bo‘lsa, hammani aybi bor deb o‘ylayman. Ya’ni, o‘sha kemadagilarning barchasi mag‘lubiyatga o‘z hissasini qo‘shdi. Murabbiylarda ham, futbolchilarda ham, balki tashkillashtiradigan odamlarda ham ozmi-ko‘pmi kamchiliklarimiz bor ekan. Shu tufaylimi yoki boshqa sabab bilanmi, shunaqa bo‘ldi. Afsuski, kerakli natija qo‘lga kiritilmadi. Lekin aynan kimnidir alohida aybdor qilib ko‘rsatish noto‘g‘ri. Barchamiz vaziyat shunday tus olishiga aybdormiz deb o‘ylayman.

Termadagi omadsizlik qanchalik ta’sir ko‘rsatgani haqida
- Albatta, bu mag‘lubiyat menga ham, umuman hammaga ta’sir qildi. Men shu mag‘lubiyatdan sababini qidirgandim. Nima sababdan bunday bo‘lgani haqida ancha o‘ylandim. Sabablarning oxiriga yetganimdan keyin menga biroz yengilroq bo‘ldi. Chunki buning sabablarini topdim deb o‘ylayman. Bu bir yoki ikki kunda bo‘lib qolgani yo‘q. Kamida uch hafta davomida shu haqda o‘ylanib yurdim. Barchasini o‘yladim, tahlil qildim.

G‘ofurov uchun namunali murabbiylar kim?
- Albatta, men futbolchi sifatida ko‘p yaxshi mutaxassislar bilan ishlaganman. Murabbiylarning eng yaxshi tomonlarini o‘zim uchun o‘zlashtirganman. Kelajakda esa men ham shunday ishlayman deb umid qilib yuribman. Yevropada juda ko‘p o‘rnak olsa bo‘ladigan mutaxassislar bor. Taqqoslaydigan murabbiylar ko‘p. Shu bois har birini aytib o‘tish oson emas. Baribir ulardan yaxshi tomonlarini olishga harakat qilaman. Murabbiylikning mayda detallarigacha e’tibor qaratishga harakat qilaman. Shunda futbol ko‘p narsani yutadi. Chunki har bir detal o‘z o‘rniga ega.

Tanqidlarga qanday qaraydi?
- Har bir insonni o‘z fikri bor. Siz uni gaplariga qo‘shilasizmi-yo‘qmi, bu o‘zingizga bog‘liq. Tanqidlardan qaysidirlarini qabul qilaman. Lekin ular jamoa ichida bo‘lmagan, nimalarni talab qilinganini bilmaydilar. Turli gap-so‘zlarga ahamiyat bermaslikka harakat qilaman. Lekin o‘zimga kerakli, to‘g‘ri keladigan fikrlarni qabul qilaman. Murabbiylar talab qilishadi, futbolchilar esa ijro etishi kerak. Bu – futbol, unda kimdir yutadi, kimdir yutqazadi. Har bir o‘yinni yutadigan yoki doim chempion bo‘ladigan jamoaning o‘zi yo‘q. Kuchli klublarda ham mag‘lubiyatlar bo‘ladi.

Afsuslandimi?
- Mag‘lubiyat va tushkun holatga tushib qolish futbolda bo‘ladigan holat. Xususan, men uchun katta dars bo‘ldi deb bejizga aytmadim. Terma jamoa bilan bormasdan uydan turib qaraganimda boshqacha fikrda bo‘lardim. Lekin men jamoa ichida bo‘lganim bois ko‘pchilik bilmagan narsani men bilganman. Shuning uchun vaziyatni tushunish menga osonroq bo‘ldi. Lekin o‘sha jamoada bo‘lganim uchun afsuslanmayman. Shu o‘rinda rahbariyat va murabbiylarga menga imkoniyat berilgani va terma jamoa murabbiylar shtabida bo‘lganim uchun minnatdorchilik bildiraman. O‘zim uchun kerakli xulosalarni chiqardim.

Mustaqil ishlashga tayyormi?
- Men hozir "Bunyodkor" murabbiylar shtabida yordam beryapman. “A” litsenziyasiga o‘qib oldim. Xudo xohlasa, shu litsenziyani qo‘lga kiritaman. Lekin menga imkoniyat berilsa, nimaga qodirligimni ko‘rsatib berishga tayyorman. Hamma klubni o‘z murabbiylari bor. Agar menda variant paydo bo‘lsa, buni qabul qilishga harakat qilaman, nimaga erishishim mumkinligini ko‘rsatish o‘zimga ham qiziq. Shuning uchun murabbiylik salohiyatimni isbotlashga harakat qilardim. Bilaman va tushunamanki, bu oson yo‘l emas. Biroq murabbiy bo‘lishga o‘zimni tayyorman deb o‘ylayman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Muvaffaqiyatsizlikning sababini topdim" - Anvar G‘ofurov terma jamoani katta kemaga o‘xshatdi va...