
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va "Roma" klubi hujumchisi Eldor Shomurodov Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahrida championat.asia saytiga intervyu berdi. Quyida ushbu suhbatning ma’lum qismini e’tiboringizga havola etamiz. Suhbat jarayonida futbolchi Srechko Katanes, Shvetsiya bilan o‘yin, "Roma" va Joze Mourino haqidagi savollarga batafsil javob berdi.
- Terma jamoa ixtiyoriga yetib kelganingizga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Shunday ekan, ertangi bahsga qay darajada tayyorsiz?
- "Roma" bilan so‘nggi uchrashuvdan so‘ng ikki kun dam olish imkoni ham bo‘ldi. Shvetsiya bilan kechadigan uchrashuvga har tomonlama tayyorman. Hozirda chempionatimiz davom etayotganligi bois futbolchilar yaxshi sport formasida. Terma jamoaga kelganda kayfiyat doim yuqori bo‘ladi.
- Ko‘pchilikning e’tiborini tortayotgan jihat – Shvetsiyaning iqlimi va havosidir. Nima deb o‘ylaysiz, mashg‘ulot o‘tkazish, to‘p tepish uchun ob-havo qulaymi?
- Ob-havo ajoyib. Bu yer ko‘proq Genuyaning havosiga o‘xshar ekan. Rim biroz issiqroq. Futbol o‘ynash uchun qulay.
- Ertangi bahs shaxsan siz uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega?
- Juda ham muhim. Yangi murabbiy qo‘l ostida o‘yinimizni shakllantirish uchun ham kerakli o‘yin.
- Srechko Katanetsning bu boradagi fikri qanday?
- O‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lgani uchun o‘yin tomonlama o‘zimizni ko‘rsatishimiz lozim. Chunki natija ko‘proq rasmiy uchrashuvlarda asqatadi. Birinchi navbatda o‘yinimizni shakllantirib olishimiz darkor.
- Ikki kundan beri mashg‘ulotlarda ishtirok etib kelyapsiz. Srechko Katanetsning mashg‘ulotlarida yangilik bormi siz uchun? Oldingi murabbiylarda yo‘q jihatlarni sezdingizmi?
- Eng yomon ko‘rganim murabbiylarni taqqoslash. Lekin boshqa murabbiylarga nisbatan mashg‘ulotlar intensiv o‘tmoqda.
- Srechko Katanes mashg‘ulotlarda ayniqsa, hujum zonasidagi mashqlarda har bir xatodan so‘ng to‘xtatib o‘zi o‘rgatmoqda. Oldinlari bunday uslub futzalda Xose Mariya Mendes paytida bo‘lardi. Sizning mazkur jarayonga munosabatingiz qanday?
- Futbolchilar uchun bu foydali, deb bilaman. O‘yinda turli vaziyatlar yuzaga keladi. Bunda qanday yo‘l tutish kerakligini murabbiy yaxshi biladi. Murabbiy ko‘proq tushuntirsa, o‘rgatsa, futbolchining ishonchi ortadi.
- Sloveniyalik murabbiy boshchiligida terma jamoamizda qanday o‘yin ko‘ramiz? Himoyaviy yoki hujumkor?
- Hali to‘liq fikr bildirish qiyin. Boisi mashg‘ulotlarda ikki kun ishtirok etdim. Biroq kechagi mashg‘ulotlarni olib qaraganda, hujumkor futbol ko‘rsatamiz. Muxlislarga O‘zbekiston hujumkor o‘ynasa yoqadi. Kuchli jamoalarga qarshi himoyaviy o‘ynash kerak bo‘ladi. Himoyasiz futbol o‘ynash qiyin.
- Shvetsiya bir necha kun oldin rasmiy o‘yinda Ispaniyani mag‘lub etdi. Qaysidir ma’noda O‘zbekiston bilan o‘yinda yetakchilarga dam berishi ham mumkin. Bu bizning foydamizga ishlaydimi yoki zararimizga? Mahorati yuqori bo‘lgan futbolchilarga qarshi o‘ynash foydaliroq bo‘ladi, nazarimizda...
- Yangi murabbiy qo‘l ostidagi ilk o‘yinimiz bo‘lgani uchun raqibning qanday tarkib bilan maydonga tushishi muhim emas. O‘ylashimcha, Shvetsiyaning ikki tarkibida ham yaxshi saviyadagi futbolchilar bor. Birinchi navbatda, futbolchilar murabbiyning ko‘rsatmalarini tushunib olishi zarur. Shundoq ham terma jamoada ko‘p bo‘lmaymiz. Asosiysi, Katanetsning yangi taktikasiga ko‘nikib olishimiz.
O‘zbekiston Milliy Terma JamoasiEldor ShomurodovShvetsiya PoytaxtiRoma KlubiHujumkor FutbolSrechko Katanes O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar