date
views 2 467

Usik-Joshua jangida kim g‘olib chiqadi? O‘zbekistonlik boks olami vakillaridan javob

Usik-Joshua jangida kim g‘olib chiqadi? O‘zbekistonlik boks olami vakillaridan javob
25 sentabr kuni professional boks olamining eng og‘ir vazn toifasida super to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi. Ukrainalik Aleksandr Usik britan bokschisi Entoni Joshuaga qarshi ringga ko‘tariladi. Mazkur jang WBA, WBO, IBF hamda IBO chempionlik kamarlari uchun o‘tkaziladi. Ma’lumki, mazkur titullarning amaldagi sohibi Joshua hisoblanadi. Usik esa ushbu kamarlarga da’vogar sifatida jang qiladi.

Xullas, ajoyib qarama-qarshilik. Albatta, jangdan avval bokschilarning imkoniyatlari borasida bir-biriga zid bo‘lgan fikrlar ko‘plab yangramoqda. Biz ham an’anamizga muvofiq o‘zbek boks olami vakillarining ushbu jang borasidagi fikrlariga quloq tutdik.

Zufar Sulaymonov – murabbiy
- Usik juda tezkor va texnikasi yuqori bokschi sanaladi. Qolaversa, 12 raund mobaynida kuchini teng taqsimlay ham oladi. Umuman olganda aqlli bokschi. Joshua ham bekorga chempion emas. Unda ham kuchli zarba va ajoyib gabarit bor. Ya’ni, jismonan kuchli, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Biroq, zarbani u qadar ko‘tara olmasligini so‘ngi janglarda guvohiga aylandik. Bir so‘z bilan aytganda, bu jangda Usikni imkoniyati yuqoriroq.

Rahmatjon Ro‘zioxunov – murabbiy
- Har ikkisi tajribali va kuchli bokschilar. Ukraina va Angliya maktabining to‘qnashuvi bo‘ladi. Joshuaning zarbalari kuchli va u jismonan baquvvat. Vladimir Klichkoni sparring sherigi bo‘lgan va bundan u juda yaxshi saboq olgan, desak bo‘ladi. Minus tomonlari ham yo‘q emas. Ya’ni, unda maktab yaxshi emas, deb o‘ylayman. Janglarini ko‘rib, shunday xulosaga kelganman. Agar, kuchli zarba o‘tkazib yuborsa, tez taslim bo‘ladi. Ammo o‘zining kuchli zarbasini o‘tkaza olsa, raqibini qo‘yib yubormay jang taqdirini hal qiladi.

Usikka keladigan bo‘lsak, u juda kuchli boks maktabini o‘tagan. Oyoq harakatlari, rang-baranglik, himoya unda juda yaxshi shakllangan. Jismoniy holati ham xavas qilgulik darajada. Qolaversa, ringda aql bilan harakat qiladi. Yakuniy xulosani aytadigan bo‘lsam, jangni borishini kim o‘zining maktabiga, taktikasiga yurgiza olsa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Albatta, bu shaxsiy fikrim!

To‘lqin Qilichev – murabbiy
- Bu yerda juda ko‘p faktorlar bor. Usikda maktab juda yaxshi qo‘yilgan. Haqiqiy, klassik maktab, “stoyka”da turishi, harakatlari , umuman chiroyli boks tushadi. Joshuada esa maktab juda zo‘r qo‘yilgan, deb ayta olmayman. U urg‘uni jismoniy holatga qaratadi. Uning “stoyka”da turishi va harakatlaridan yoshligida maktab yaxshi qo‘yilmaganligini ko‘rish mumkin. Biroq, u juda ko‘p janglarda ishtirok etib, ulkan tajriba to‘plagan. Agar, Usikni jismoniy holati yetsa, u jangni yutadi. Jismoniy holati pand bersa, aksincha mag‘lubiyatni qabul qilib oladi, deb o‘ylayman.

Joshua buni biladi va ko‘proq bosim qilib, uni jismonan sindirishga harakat qiladi. Usik esa o‘zining texnikasiga tayanib, aldashga intiladi. Qisqa qilib aytganda, kim o‘zining taktikasini o‘tkaza olsa, o‘sha yutadi. Ammo, ukrainalik bokschida yosh ham biroz kattaroq. Shuning uchun uning jismoniy holati pand berib qo‘ymasmikan, degan fikrdaman. Biroq, shogirdim Bahodir Jalolov bo‘lganda Joshuani albatta yutardi. Chunki, bizda eng zo‘r maktab, eng zo‘r zarba va ajoyib harakatlar bor. Biroq, bunga biroz vaqt kerak. Professional boksda yana uch-to‘rtta jang zarur bo‘ladi.

Maqsud Jumayev – murabbiy
- Chiroyli va qiziq jang bo‘ladi. Imkoniyatlar borasida to‘xtalsak, Usik mukammal bokschi. Unda taktik, texnik jihatdan ustunlik bor. Shuningdek, har bir jangda turli taktikalarni qo‘llaydi. Ya’ni, jangga qarab, taktikani o‘zgartirib boraveradi. Chidamli ekanligini ham aytib o‘tsak, bo‘ladi. Umuman olganda ukrainalik bokschining imkoniyati yuqori.

Farruh Qilichev – murabbiy
- Bu jang tomshabop va shiddatli o‘tishi tayin. Imkoniyatlarga to‘xtalsak, izohga hojat yo‘q. Shunchaki Usik yutadi.

Bobur Najmiddinov – murabbiy
- Jangda kimning imkoniyati yuqori ekanligi borasida fikr bildirish qiyin. Ammo, Usikka muxlislik qilaman va uning g‘alaba qozonishiga tilakdoshman.

Hasanboy Do‘smatov – bokschi
- Hozirda har ikki bokschining jismoniy holati juda yuqori. Oldindan biror fikr bildirish juda qiyin. Barchasini ring ko‘rsatadi. Ikkisining ham kuchli jihatlari bor. Misol uchun Usikda texnika yuqori bo‘lsa, Joshuada kuchli zarba bor. Agar, jang 12-raund davom etadigan bo‘lsa, Usikni yutib qo‘yish ehtimoli yuqori, deb bilaman. Chunki, ukrainalik bokschi charchamaydi va Joshuaga nisbatan anchagina tezroq. Mabodo Joshua o‘zining aniq, o‘ylangan zarbasini yo‘llay olsa, jang muddatidan avval yakunlanadi. Sababi, ingliz bokschisining zarbasi juda qattiq.

Bahodir Jalolov – bokschi
- Og‘ir vazn toifasida avvaldan biror fikr bildirish qiyin. Chunki, bitta zarba jang taqdirini hal qilib qo‘yishi mumkin. Lekin Joshuada imkoniyat ko‘proq, deb o‘ylayapman. Sababi, bu vazn o‘ziniki Usik esa asosan bitta past vaznda harakat qilgan va ko‘p bo‘lmadi, bu vaznga o‘tganiga, biroq, bu boks va unda har qanday holat bo‘lishi mumkin.

Isroil Madrimov – bokschi
- Bularning jangi barcha uchun qiziq. Aslida, tahmin qilishni yoqtirmayman. Ammo, bu ikkisining o‘ziga yarasha kuchli jihatlari bor. Imkoniyatlarni 50/50 degan bo‘lardim. Joshuada og‘ir, nokautga uchratuvchi zarba bor. Usik esa, kuchli bosim qiladi va jang mobaynida juda ko‘p zarbalar yo‘llagan holda raqibini charchatadi. Agar, Joshua nokaut bilan yutmasa va jang oxiriga qadar davom etsa, Usikni g‘alaba qozonish imkoniyati bor.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Usik-Joshua jangida kim g‘olib chiqadi? O‘zbekistonlik boks olami vakillaridan javob