21:06 / 12.09.2021
1 948

O‘zbek profisi bir oy ichida AQSH va Kolumbiyada uch bokschini nokaut qildi!

O‘zbek profisi bir oy ichida AQSH va Kolumbiyada uch bokschini nokaut qildi!
Boks – O‘zbekistonda eng yaxshi rivojlangan va ommaviy sport turlaridan hisoblanadi. Keyingi yillarda yurtimizdan muntazam ravishda kuchli bokschilar yetishib chiqmoqda. O‘zbek boks maktabi dunyoda eng zo‘rlar qatorida e’tirof etiladi.

Ayniqsa, keyingi yillarda havaskor bokschilarimiz o‘zlari ishtirok etayotgan har qanday musobaqa, xususan Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlari, turli nufuzli turnirlarda o‘zini ko‘rsatib, yuqori marralarni zabt etib kelmoqda.

O‘zbekistonlik bokschilar uchun nisbatan yangi yo‘nalish – professional janglarda ham hamyurtlarimiz o‘z mahoratini namoyish eta olmoqda. O‘z davrida, Artur Grigoryan va Ruslan Chagayev professionallar o‘rtasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ayni paytda Murod Ahamadiliyev ikki yo‘nalish kamarini o‘ziniki qilgan.

Bugungi kunda Bahodir Jalolov, Isroil Madrimov, Shohjahon Ergashev, Qudratillo Abduqahhorov, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev kabi bokschilarimiz ham jahon chempionligiga da’vogarlar sifatida tilga olinmoqda.

Ta’kidlash lozimki, professional yo‘nalishga o‘tgan bokschilarimizning aksariyati havaskorlar o‘rtasidagi musobaqalarda chiniqqan, pishgan va katta tajriba to‘plagan. Ularning barchasi kuchli texnika, mustahkam himoya va zalvorli zarbani yaxshi o‘zlashtirgani bilan ajralib turadi.

Bugungi kunda boks olamida yaxshigina nom qozongan charm qo‘lqop ustalari ortidan iste’dodli yoshlar ham yetishib chiqmoqda. O‘z o‘rnida, ular orasida oldiga katta maqsadlarni qo‘yib, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan holda professional boks olamiga kirib borayotganlari ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Garchi ular aksariyat o‘zbekistonlik boks muxlislariga yaxshi tanish bo‘lmasa ham, tez orada o‘z natijalari bilan boks ixlosmandlari mehrini qozonishiga umid qilamiz.

Nomdor bokschimlarimiz ortidan yetishib chiqayotgan yosh sharm qo‘lqop ustalaridan biri Otabek Xolmatov AQSHda shug‘ullanmoqda. O‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchisi AQSHning “Warriors Boxing Promotions LLC” kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Bu kompaniya bilan Kozimbek Mardonov va Fazliddin Meliboyev kabi bokschilarimiz ham hamkorlik qilmoqda.

Professional ringga qadam qo‘yganiga bir oy bo‘lganiga qaramay, iste’dodli sportchimiz ketma-ket uchta jangda nokaut bilan zafar quchgani mutaxassislar e’tiborini tortmoqda.

Otabek professionallar o‘rtasidagi birinchi bahsini 13 avgust kuni AQSHda mezbon bokschi Marsello Uilyamsga qarshi o‘tkazib, raqibini sof nokaut bilan mag‘lubiyatga uchratdi va ilk g‘alabasini tantana qildi.

O‘zbek bokschisi ikkinchi uchrashuvda Dominikan Respublikasi vakili Karlos Ovandoga qarshi ringga chiqdi. Keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tgan bahsda Otabek raqibini texnik nokautga uchratib, bellashuvni muddatidan oldin yakunladi.

Amerikadagi ketma-ket ikki g‘alabadan so‘ng bokschimiz uchinchi jangini o‘tkazish uchun Kolumbiyaga yo‘l oldi.Kuni kecha o‘tkazilgan navbatdagi reyting jangida ham katta ustunligini namoyish qilgan Xolmatov mezbon bokschi Roberto Lopesni sof nokautga uchratdi.

Otabek Xolmatov 25 sentabr kuni yana bir bor ringga ko‘tariladi. Iste’dodli sportchimiz AQSHda tashkil qilinadigan professional boks kechasida kim bilan raqobatlashishi hozircha noma’lum. Ayni paytda promouterlar unga munosib raqib qidirmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek profisi bir oy ichida AQSH va Kolumbiyada uch bokschini nokaut qildi!