22:17 / 04.10.2021
1 744

Superligadagi tanaffusdan kim qanday foydalanmoqchi?

Superligadagi tanaffusdan kim qanday foydalanmoqchi?
FIFA kunlari boshlangani bois chempionatlarda tanaffus e’lon qilindi. Shu jumladan O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini boshladi. Srechko Katanes ustozligidagi bosh jamoamiz Iordaniyada tayyorgarlik rejasini olib boradi va u yerda mezbonlarga hamda Malayziyaga qarshi o‘ynaydi. Bu vaqt davomida esa Superliga klublari nima qiladi? Tabiiyki, o‘z rejalariga binoan navbatdagi – 22-turga hozirlik ko‘radilar. Mazkur maqola orqali klublarimizning tayyorgarlik rejalariga oydinlik kiritamiz.

“Paxtakor”
“Paxtakor” vodiyga ikki marta safar uyushtirib, har ikkalasidan ham quruq qo‘l bilan qaytishga majbur bo‘ldi. Avvaliga “Andijon”ga, so‘ngra “Qo‘qon-1912”ga mag‘lubiyatga uchradi. O‘rtada esa vodiyning yana bir klubi – “Turon”ni o‘z uyida mag‘lub etdi. Chempion jamoaning mag‘lubiyatsiz seriyasiga birin-ketin vodiyda barham berilgani e’tiborga molik. Balki “Paxtakor” futbolchilari ta’qibchilaridan ancha ilgarilab ketgani uchun chempionlikka erishdik deya, xotirjam bo‘lib qolgandir. Lekin bosh murabbiy Piter Xyuistra jamoasini tezroq o‘ziga keltirmasa bo‘lmaydi. Balki yuzaga kelgan tanaffus ularga asqotishi mumkin. Klub matbuot xizmatining Sports.uzga ma’lum qilishicha, jamoa a’zolari ikki kunlik xordiqdan so‘ng, 4 oktabr, ya’ni, bugundan yana mashg‘ulotlarga kirishishgan. Ha, demak, Xyuistra jamoa bilan tanaffus paytida jiddiyroq ishlamoqchiga o‘xshaydi.

“So‘g‘diyona”
“Paxtakor”dan keyin “So‘g‘diyona” 39 ochko bilan ikkinchi o‘rinda kelyapti. Ulug‘bek Baqoyev jamoasi iloji boricha kuchli uchlikdan tushib qolmaslik va ayniqsa, hozirgi egallab turgan o‘rnini saqlab qolishni o‘ylamoqda. 2 oktabr kuni “Andijon”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin jamoa a’zolariga qisqa muddatli ta’til berilgan. Tez orada Baqoyev futbolchilarni yana bir joyga to‘playdi va mashg‘ulotlarga kirishadi. Ularning oldida jiddiy vazifa turibdi.

AGMK
“So‘g‘diyona”dan ikki ochko kam jamg‘argan AGMK 3-o‘rinda. 21-turda “Bunyodkor” maydonida 1:1 hisobidagi durangga rozi bo‘lgan Mirjalol Qosimov jamoasi ham hozir kichik ta’tilda. Ma’lum bo‘lishicha, futbolchilar 6 oktabrda yana mashg‘ulotlarga qaytishadi. Bu klub ham mavsumni sovrinli o‘rinlardan birida yakunlashni maqsad qilgan. Ayniqsa, “Paxtakor”dan keyin ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritishni juda xohlashyapti.

“Nasaf”
“Nasaf”ning hisobida bitta zaxira o‘yini mavjud bo‘lib, agar o‘sha o‘yinda yutsa AGMKdan o‘tib, “So‘g‘diyona”ga yetib olishi mumkin. Oxirgi paytlarda Ro‘ziqul Berdiyev jamoasining o‘yini ancha yaxshilanib qoldi. Raqiblari darvozasiga o‘zi istagancha gollar uryapti. Srechko Katanes bu klubdan besh nafar futbolchini milliy terma jamoaga chaqirdi. Shu bois keyingi turga ko‘riladigan tayyorgarlikni “Nasaf” ularsiz o‘tkazib turadi. Yaqinda saytimiz orqali xabar berganimizdek, qarshiliklar 7 oktabr kuni ta’tildan qaytishadi.

“Bunyodkor”
Shuhrat Maqsudov boshchiligadagi “Bunyodkor” ham medallar uchun kuchi boricha kurashyapti. 2 oktabrda o‘z maydonida AGMKga qarshi o‘yindan keyin futbolchilar kichik ta’tilga chiqishgan va chorshanba kuni qaytishadi. Aynan 6 oktabrdan boshlab 22-tur doirasida Namanganda “Navbahor”ga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘ta muhim uchrashuvga tayyorgarlikni olib boradilar.

“Lokomotiv”
Natijalari bir tekis ketmayotgan “Lokomotiv” ham hozir ta’tilda. Bu borada klub matbuot xizmati shunday xabar berdi:
Xabaringiz bor, 3-13 oktabr kunlari Srechko Katanes boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Iordaniyada yig‘in o‘tkazadi va u yerda Iordaniya hamda Malayziya termalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi.

Shu sababli yuzaga keladigan tanaffusdan unumli foydalangan holda 1 oktabr kuni Bekobodda “Metallurg” bilan bahs olib borgan asosiy jamoamiz 5 oktabrga qadar kichik ta’til oldi
”.

“Loko”dan Islom Qobilov bilan Aziz Amonov milliy termaga jalb qilingan.

“Qizilqum”
Navoiyliklar nihoyat, 21-turga kelib o‘zining yettita o‘yinlik g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘ydi. Aniqrog‘i, ikkinchi davraga start berilganidan buyon “Qizilqum” g‘alaba qozonishni uddalay olmayotgandi. Qachonki, Navoiyga “Turon” kelganidagina bu yoqimsiz an’ana barham topdi. Unda ham Hamidjon Aktamov jamoasi jiddiy qiyinchilikka duch keldi. 3 oktabr kuni o‘yin o‘tkazilgani bois futbolchilarga dam berildi. Ma’lum bo‘lishicha, shu hafta oxiriga qadar “Qizilqum” mashg‘ulotlarga qaytadi.

“Navbahor”
Viktor Jalilov boshchiligidagi “Navbahor” kecha Termizda “Surxon”ga yutqazib muxlislarining xafsalasini pir qildi. Jalilov o‘yindan keyin aytganidek, chindan ham “Navbahor” mavsumdagi eng yomon o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. Endi jamoa a’zolari bir necha kun davomida xordiq chiqaradilar. So‘ngra, yana mashg‘ulotlarga kirishadilar. Oldinda namanganliklarni jiddiy o‘yinlar kutib turibdi.

“Qo‘qon-1912”
Baxtiyor Ashurmatov bosh murabbiyligidagi qo‘qonliklar o‘z maydonida “Paxtakor”ni 4:2 hisobida dog‘da qoldirib amaldagi chempionni yengishga qodir ekanini isbotlay oldi. Bunday ajoyib g‘alabadan keyingi xordiq juda maroqli bo‘lsa kerak-a? Klubning keyingi rejalari borasida “Qo‘qon-1912” matbuot xizmati shunday xabar beradi:

“FIFA kunlari mnosabati bilan Coca Cola Superligasida biroz tanaffus yuzaga keldi. Sretsko Katanes boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Malayziya hamda Iordaniya terma jamoalariga qarshi ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi.

Shu munosabat bilan bosh murabbiyimiz Baxtiyor Ashurmatov o‘z shogirdlariga 4 kunlik ta’til e’lon qildi. Jamoa a’zolari navbatdagi tur o‘yinlariga tayyorgarlikni 6 oktabr kunidan Qo‘qon shahrida boshlashadi.

“Qo‘qon-1912” jamoasi Coca Cola Superligasining navbatdagi tur o‘yinini 16 oktabr kuni, Jizzax shahrida, peshqadamlardan yana biri bo‘lgan "So‘g‘diyona" jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Bu o‘yinga qadar esa "shunqorlar" Superliga jamoalaridan biri bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi reja qilingan”.

Ma’lumotlarga qaraganda, qo‘qonliklar 10 oktabrga o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishi kutilmoqda.

“Metallurg”
Hamon mag‘lubiyatlar girdobidan qutula olmayotgan “Metallurg” uchun balki chempionatdagi tanaffus asqotishi mumkin. Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ustidan jiddiy ishlash uchun imkoniyat. Agar bu ketish bo‘lsa, “Metallurg” ligada jon saqlab qolish uchun kurashadiganlar qatorida bo‘ladi. 1 oktabr kuni o‘z uyida “Lokomotiv”ga alamli tarzda yutqazganidan keyin “Metallurg” futbolchilari ta’tilga chiqqan bo‘lib, 5 oktabrdan jamoa ixtiyoriga qaytishadi. O‘sha uchrashuvda bosh murabbiy Jasur Abduraimov betobligi sababdan uchrashuvda ishtirok etmagandi. Balki endi u ham jamoaga qaytib qolar.

“Mash’al”
2 oktabr kuni o‘z maydonida “Nasaf”ga imkoniyatni boy bergan muborakliklar to‘rt kunlik ta’tilga chiqishgan. Oktabrning 7-sanasida klub qarorgohida mashg‘ulotlarga kirishiladi. “Mash’al”ning asosiy maqsadi Superligadagi o‘rnini saqlab qolish. Beshta turdan beri g‘alaba qozona olmay kelayotgan jamoa uchun chempionatdagi tanaffus ayni muddao bo‘lishi mumkin. Bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov bu vaqt davomida kamchiliklar ustida ishlashi shubhasiz.

“Andijon”
“Andijon” uchta turdan beri yutqazmayapti. O‘z maydonida “Paxtakor”ni mag‘lubiyatga uchratgach, safarda “Qo‘qon-1912” va o‘z maydonida “So‘g‘diyona” bilan durang natija qayd etdi. Ungacha jadvalda oxirgi o‘ringa tushib qolganini inobatga olsak, uchta o‘yinda besh ochko jamg‘arib “Turon”dan ilgariladi. Demak, jamoaning qilayotgan mehnati ko‘zga tashlana boshladi. Navbatdagi turni 17 oktabrda Toshkentda “Lokomotiv”ga qarshi o‘tkazadi. Andijonliklar ustozi Viktor Kumikovning Sports.uzga ma’lum qilishicha, futbolchilarga to‘rt kunlik dam berilgan bo‘lib, mashg‘lotlar 7 oktabrdan davom ettiriladi. Qolgan beshta o‘yin “Andijon” uchun xuddi hayot-mamot kabi kechadi.

“Surxon”
Kecha, 3 oktabrda “Surxon” o‘z maydonida “Navbahor”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, o‘ta qimmatli ochkolarni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Natijada 17 ochko bilan “Andijon”ga tenglashdi va “Turon”dan biroz uzoqlashdi. Bosh murabbiy Bahrom Haydarovning aytishicha, 7 oktabrdan futbolchilar klub ixtiyoriga qaytishadi. 22-tur doirasida 16 oktabr kuni “Surxon” asosiy raqobatchisi “Turon” maydonida o‘ynaydi. Bu qanday o‘yin bo‘lishini ortiqcha ta’riflash shart emas.

“Turon”
Oltita turdan beri faqat mag‘lubiyatga uchrab kelayotgan Superliga debyutanti endi yaqqol autsayder rolida. Klub hisobida 12 ochko bor. Undan yuqorida turgan “Surxon” bilan “Andijon” hisobida 17 tadan ochko mavjud. Ketma-ket mag‘lubiyatlar tufayli Superligada qolish imkoniyatini sezilarli pasaytirib yuborgan Igor Shkvirin jamoasi hech bo‘lmasa pley-offga “ilashib” qolish uchun kurashadi, endi. Mag‘lubiyatlardan charchagan “Turon” uchun chempionatdagi tanaffus asqotib qolishi mumkin. Faqat bundan qanday xulosa chiqarishi o‘zlariga havola.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superligadagi tanaffusdan kim qanday foydalanmoqchi?