22:15 / 15.10.2021
990

Masharipov OCHL bahsi oldidan intervyu berdi

Masharipov OCHL bahsi oldidan intervyu berdi
16-17 oktabr kunlari Osiyo chempionlar ligasining chorak final o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Nimchorak finalda Eronning "Traktorsozi" klubini 1:0 hisobida mag‘lub etgan Saudiya Arabistonining "Al Nassr" klubi 1/4 finalni BAAning "Al Vahda" jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Mazkur bahs ertaga Saudiya Arabistoni poyxati Ar Riyodda bo‘lib o‘tadi.

Xabaringiz bor, Jaloliddin Masharipov ayni paytda "Al Nassr" safida harakat qilmoqda. Ertaga bo‘lib o‘tadigan muhim bellashuv oldidan futbolchimiz OFK rasmiy saytiga intervyu berdi.

Masharipov o‘tgan yil "Paxtakor" tarkibida OCHL chorak finalida "Persepolis"ga qarshi maydonga tushib qizil kartochka olgandi. Mohir yarim himoyachi o‘z intervyusida o‘sha bahsni yodga oldi.

"Bu juda qiyin uchrashuv bo‘lgandi. Yarim finalga chiqish uchun astoydil harakat qilib, afsuski, yakunda mag‘lub bo‘lganmiz. Buning ustiga men qizil kartochka olib, jamoadoshlarimni qiyin ahvolga solib qo‘ygandim. O‘yindan keyin juda tushkun vaziyatda edim, lekin bundan yaxshigina saboq oldim. Maydonda qanchalik kuchga to‘lib harakat qilma, baribir hissiyotlarni jilovlashga to‘g‘ri keladi".

Masharipov shuningdek, ertangi raqib haqida ham fikr bildirdi: "Al Vahda syurprizlarni sevadigan jamoa hisoblanadi. Ular bu yilgi OCHLni yaxshi o‘tkazmoqda. Yozda "Al Vahda" bir nechta yaxshi futbolchilar bilan shartnoma imzoladi va hozirgi paytga kelib ancha kuchaygan".

"Biz ertangi bellashuvga tayyormiz. Barchaning diqqati faqat shu o‘yinga qaratilgan. Jamoamizda ajoyib futbolchilar yig‘ilgan va yigitlar bilan bemalol OCHLni yutishni uddalasa bo‘ladi".

Jalohiddin Masharipov o‘z intervyusida O‘zbekiston va Saudiya Arabistonini solishtirdi: "O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni ko‘p jihatdan bir-biriga o‘xshab ketadi: masalan, madaniyat va din. Biz hammamiz musulmonmiz. Bu ham yangi klubimga ko‘nikishda yordam berdi. Bundan tashqari jamoadoshlarim doim qo‘llab turishdi. Men tezda "Al Nassr"ga kirishib ketdim, bu yerda meni juda yaxshi kutib olishdi. Men muxlislarga har bir o‘yinda bor kuchim bilan harakat qilishga va’da beraman, shuningdek, barchamiz muxlislarimiz orzusini ro‘yobga chiqarishga intilamiz".

P.S. OCHL chorak final juftliklari quyidagicha ko‘rinish olgan:

16 oktabr. "Persepolis" (Eron) - "Al Hilol" (Saudiya Arabistoni)
16 oktabr. "Al Vahda" (BAA) - "Al Nassr" (Saudiya Arabistoni)

17 oktabr. "Chonbuk Motors" (Janubiy Koreya) - "Ulsan Xyunday" (Janubiy Koreya)
17 oktabr. "Poxang Stilers" (Janubiy Koreya) - "Nagoyya Grampus" (Yaponiya)

Chorak final bahslari bitta o‘yindan iborat bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Masharipov OCHL bahsi oldidan intervyu berdi