19:43 / 23.10.2021
1 281

Viktor Jalilov: “Natijadan qoniqmadim, g‘alaba qozonishni xohlagandim”

Viktor Jalilov: “Natijadan qoniqmadim, g‘alaba qozonishni xohlagandim”
Coca Cola Superliga 23-turidan o‘rin olgan “Mash’al” va “Navbahor” (0:0) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin “lochinlar” bosh murabbiyi Viktor Jalilov o‘yin haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

- “Mash’al” jangovar, yaxshi shakllangan jamoa, ta’bir joiz bo‘lsa, “chaqilmas yong‘oq”. Bugungi durang adolatli bo‘ldi. Mezbonlar imkoniyatlarga ega bo‘lishdi, darvozabonimiz qutqardi. Biz uyushtirgan hujumlar paytida esa “Mash’al” posboni ishonchli harakat qildi. Umuman olganda, maydonda yaxshi kurash kechdi, - deydi Viktor Jalilov.

- Azimjon Ahmedov nega almashtirildi?
- U og‘ir o‘tgan kasallikdan so‘ng endi-endi avvalgi formasiga qaytmoqda, to‘liq ikki bo‘lim to‘p tepishga kuchi yetmasligi tushunarli. Shu bois, uni almashtirishga majbur bo‘ldik.

- Bugungi o‘yinda sizni qoniqtirmagan jihatlar bo‘ldimi?
- Albatta, natijadan qoniqmadim, g‘alaba qozonishimizni xohlagandim. Lekin “Mash’al” ham yutuq uchun astoydil harakat qildi. Maydon egalari tarkibida o‘zgarishlardan keyin ular faollikni oshirishdi, to‘pga ko‘proq egalik qilishdi. Bizda ham, vaziyatni o‘z tomonimizga og‘dirish uchun imkoniyatlar bo‘ldi. Meni qanoatlantirmagani – hujumlarning so‘nggi pallada yakunlanmay qolishi, gol urganimizda, g‘alaba qozonardik.

- Davron Hoshimov chetlatildi va endi keyingi o‘yinda jamoaga yordam berolmaydi...
- Afsuski, shunday. Nima ham qila olardik, hakam shunday qaror chiqargan ekan, ko‘nishdan o‘zga chora yo‘q.

- Bugungi o‘yinni diskvalifikatsiya sabab o‘tkazib yuborgan futbolchilarning yo‘qligi nechog‘li bilindi?
- Quvondiq Ro‘ziyev va Kosta Guttiner boshlang‘ich tarkib futbolchilari. Albatta, har bir futbolchi jamoa mexanizmiga o‘z ulushini qo‘shadi, agar bu ikki futbolchi hozir safimizda bo‘lganida, o‘yin boshqacha kechishi ham mumkin edi.

- 5 futbolchi almashtirish imkoni bo‘laturib, zaxiradan faqat 3 o‘yini maydonga tushirdingiz. Bu asosiy tarkibda o‘ynaganlarning harakatlaridan qoniqqaningizni bildiradimi?
- O‘yinning borishi shuni taqozo etdi, futbolchilarni almashtirishga ehtiyoj sezilmadi. Ba’zan zaxiradan tushganlarning o‘yinga kirishib ketishlari oson bo‘lmaydi.

- “Navbahor” kuchli beshlikka kira oladimi?
- Bu oson bo‘lmaydi, uchrashuvlarda ochko yo‘qotish vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Lekin kurash hali oldinda, turnir jadvalidagi zichlik saqlanib turibdi, demakki, umid bor. Buning uchun g‘alaba qozonish kerak.

Manba: "Navbahor" matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Viktor Jalilov: “Natijadan qoniqmadim, g‘alaba qozonishni xohlagandim”