Eldor Shomurodov bugungi kunda eng kuchli futbolchimiz. O‘zbekiston milliy terma jamoasining sardoriga ishonchimiz baland. Aynan u tufayli aksariyatimiz “Roma” muxlisiga aylandik va rimliklarning har bir o‘yinini o‘zgacha ishtiyoq bilan kuzatib boryapmiz.
O‘z navbatida, o‘zbek futbolining eng yorqin yulduzi Joze Mourino jamoasining boshlang‘ich tarkibiga kira olmayotgani barchamizni birdek xavotirga solyapti. Chunki, Shomurodov mamlakatimiz bosh jamoasini muvaffaqiyat sari yetaklashi uchun doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi kerak.
Mourino ketma-ket muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng “Roma”ni grand klublar qatorida ko‘rishni istayotgan xo‘jayinlarni katta transferlarga ko‘ndirdi. Kuni kecha rimliklar “Manchester Yunayted” hujumchisi Edinson Kavanini qishda olish uchun muzokara boshlagani ma’lum qilingan edi.
Endi Joze Mourino klub mutasaddilaridan “Napoli” va Italiya milliy terma jamoasining yetakchi hujumchisi Lorenso Insineni olishni talab qilmoqda. Bu hujumchi mavsum yakunlanishi bilan erkin agentga aylanadi. Uning o‘zi ham muhitni o‘zgartirish uchun Neapol klubi bilan yangi bitim imzolagani yo‘q.
2009 yildan beri “Napoli” sharafini munosib himoya qilib kelayotgan Insinening o‘zi ham Mourino taklifini rad eta olmasligi mumkin.
Mourino kutayotgan jahon miqyosidagi yulduzlarning hammasi ham Rimga kelishi dargumon. Biroq, ulardan biri “Roma” taklifiga ko‘nsa ham, bu o‘z o‘zidan Eldor Shomurodovning faoliyatiga ta’sir qiladi.
E’tibor bering, Shomurodov Mourino taklifiga ko‘ra “Jenoa”dan rimliklar safiga o‘tganida yangi jamoasida asosiy hujumchi maqomiga ega bo‘ldi va har bir uchrashuvda o‘zini ko‘rsatib kelayotgandi. “Chelsi” hujumchisi Temmi Abraxam Rimga kelishi bilan Mourino asossiz ravishda Eldorni zaxiraga mixladi va o‘zbek futbolchisidan transferi ikki baravar qimmat bo‘lgani uchun o‘yinni birinchi bo‘lib boshlash imkonini angliyalik yulduzga tortiq qildi.
Chetga chiqib qolgan legionerimizning ko‘rsatkichlari sekin-asta pasaya boshladi. Avvaliga Shomurodov Abraxamning birinchi raqamli o‘rinbosari edi. Vaqt o‘tishi bilan uning o‘rnini Stefan El-Shaaravi egalladi.
Mana oxiriga kelib, “Kalyari” bilan bahsda Mourino Eldorni o‘yinga qo‘shmadi. Yana Stefan El-Shaaraviga ishonch bildirdi. Shomurodovning o‘rniga 17 yoshli ganalik hujumchi Feliks Afena-Gyan o‘yinga qo‘shildi.
Hozir portugaliyalik mutaxassis qo‘llayotgan o‘yin sxemalarida birgina hujumchi vazifasini bajarish uchun Temmi Abraxam bilan Eldor Shomurodov, Stefan El-Shaaravi, Karles Peres, Borxa Mayoral raqobatlashmoqda. Ular qatoriga debyut o‘yinida murabbiylar shtabida yaxshi taassurot qoldirgan Feliks Afena-Gyan qo‘shildi. Endi tasavvur qilavering, Kavani va Insine yoki ular darajasidagi boshqa hujumchi olib kelinsa, hozirgi hujumchilarning ko‘piga “non” qolmaydi. Abraxam kelishi bilan asosiy tarkibdagi joyni unga shundoq berib yuborgan Mourino o‘yin amaliyoti yetmagani uchun “Manchester Yunayted”dek klubni tark etishga qaror qilgan Edinson Kavani yoki Italiya terma jamoasi yetakchi hujumchisi Lorenso Insineni zaxiraga o‘tqazib, ularning o‘rniga Shomurodov yoki Karles Peresni o‘ynatishini kutmasa ham bo‘laveradi.
“Roma” hujumida raqobat haqiqatan kuchli. Joze bu bilan chegaralanib qolmaydi. “Real”dan ijaraga olingan Borxa Mayoral o‘ziga Rimda navbat tegmasligini tushunib yetdi. U qishda Madridga qaytib ketadi. Rimliklar uni 20 million yevroga sotib olish huquqidan foydalanmaydigan bo‘ldi. Unga bo‘lgan munosabat xuddi Eldor duch kelgan vaziyatga o‘xshaydi. Ya’ni, Shomurodov kelgunga qadar ispaniyalik hujumchi ham “Roma”ning asosiy to‘purari edi. Joze unga raqobatga kirishish imkonini ham bermadi va shundoq zaxiraga mixlab qo‘ya qoldi va qisqa fursat bo‘lsa-da, Shomurodovni asosiy hujumchi sifatida o‘ynatdi.
Endi Mayoral Madridga qaytib, “Real”ni boshqarayotgan Karlo Anchelotti e’tibori va ishonchini qozonishga harakat qiladi. U tajribali murabbiy sinovidan o‘ta olmasa, “Qirollik klubi” boshqa jamoaga ijaraga beradi. Hozirda “Fiorentina” Borxani olishga tayyor.
“Roma” bundan buyon yanada kuchaytirilishi aniq. Bu vaziyatda Eldor Shomurodov bor imkoniyatini ishga solib, “bo‘rilar” orasida o‘z luqmasini ayirib olishiga umid qilishda davom etamiz. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Yaponlar qishda uylarini qanday isitadilar?
AQSH va Rossiya Isroil hamda “Hizbulloh” o‘rtasidagi kelishuvda vositachi bo‘ladi
Andijonda Tez tibbiy yordam markazi direktor o‘rinbosari o‘z ishiga tiklandi
Tramp AQSH bosh prokurori lavozimiga kongressmen Gets nomzodini ilgari surdi