00:25 / 30.10.2021
1 910

"Albatta, Eshmurodov bilan alohida gaplashamiz" - Ro‘ziqul Berdiyev “So‘g‘diyona” bilan o‘yindan keyingi mojaro haqida

"Albatta, Eshmurodov bilan alohida gaplashamiz" - Ro‘ziqul Berdiyev “So‘g‘diyona” bilan o‘yindan keyingi mojaro haqida
Bugun “Nasaf” klubi mehmonda O‘zbekiston Kubogi chorak finalida Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasiga qarshi o‘ynadi. Bellashuvda kiritilgan yagona gol evaziga “Ajdarlar” yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bahs yakunlangach, “Nasaf” ustozi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- “So‘g‘diyona” jamoasi kurashni taklif qiladi. Shuning uchun yigitlarga kurashda yutqazmasligimiz kerakligi xususida ko‘rsatma bergandik. Bugun tartibli o‘ynadik. Standartlar “So‘g‘diyona”ning kuchli tomonlaridan biri. Biz bu vaziyatlarda juda e’tiborli o‘ynadik. Kurashlarga va xissiyotlarga boy o‘yin bo‘ldi. Oxirgi paytlarda “So‘g‘diyona” – “Nasaf” uchrashuvi keskin kurashlar ostida o‘tyapti. Raqib standartlar va qarshi hujumlarga tayanib o‘ynaydi. Himoyada yaxshi va jips harakat qildik. Natijada raqibga standart vaziyatlarda imkon qoldirmadik. Bugungi g‘alabamizga asosiy omil bo‘ldi deb o‘ylayman.

- O‘yin oldidan tarkib e’lon qilinganida “Nasaf” asosiy tarkibini OFK Kubogi finaliga asradi, degan gaplar ham bo‘ldi. Aslida maqsad qanaqa edi?
- Albatta, buni ham o‘ylagandik. Asosiy e’tiborimiz OFK finaliga qaratilgan. Ko‘p o‘yinchilarimizni zaxirada qoldirgandik. Kuchimizni taqsimlagan holda bugungi uchrashuvga e’tibor qaratishimiz talab qilinadi. O‘ylaymanki, amalda buni to‘g‘ri bajara oldik. Keyingi o‘yinni esdan chiqarmagan holda bugun 3-4 nafar yoshlarga ham imkoniyat berdik. Ular ishonchimizni oqladi. Mazmunli o‘ynamagandirmiz, ammo futbolchilarimiz kurashni boy berishmadi. Maydonning har bir qarich yeri uchun juda yaxshi kurashishdi. Shu bois yigitlarga minnatdorchilik bildirdim. Mazmunli o‘yin uchun emas, “So‘g‘diyona” jamoasiga qarshi turib bergani uchun rahmat aytdim.

- Umar Eshmurodov zaxiradan maydonga tushib Bahodir Nasimovga boshi bilan zarba berdi. Maydonni janjal bilan tark etdi. Uni jarimaga tortasizmi?
- Bu – futbol, xissiyotlarga boy. Bilgan bo‘lsanglar, o‘tgan o‘yinda ham shu ikkalasini orasida kelishmovchilik bo‘lgandi. Men bunga juda chuqurlashmadim. Faqat ikkisi ham ozgina qizishdi. Ular yosh futbolchilar emas, tajribali o‘yinchilar. Mag‘lubiyatni ham, g‘alabani ham to‘g‘ri qabul qilishadi, degan umiddaman. Chunki Nasimov ham, Eshmurodov ham ikkala jamoa uchun kerakli futbolchilar. Albatta, Umar bilan alohida gaplashamiz. Har qanday holatda ham futbolchi o‘zini yaxshi tutishni bilishi kerak. To‘g‘ri, xissiyotlarga berilishadi, ammo bugun o‘ylashimcha, chegaradan chiqib ketmadi. O‘ylaymanki, vaziyat yomonlashgani yo‘q.

- Eshmurodovni ahvoli yaxshimi?
- Yaxshi, hammasi joyida. Futbolchilar bilan gaplashib, xissiyotlarga berilmasliklarini yana bir bor uqtirdim. Har qanday holatda ham o‘yin tugaganidan keyin o‘zini yaxshi tutishi kerak.

- “Nasaf” asosiy kuchini OFK Kubogi finaliga saqlashini ko‘pchilik bilgandi. Chempionatda ham sovrindor bo‘lishga harakat qilyapti. O‘zbekiston Kubogida ham finalga chiqish imkoniyati bor. Jamoaning ruhiy va jismoniy holatidan kelib chiqib, maqsadlariga erishishi mumkinmi?
- Albatta, oldimizda shu vazifalar turibdi. Tan olishimiz kerak, asosiy e’tiborimiz OFK Kubogiga qaratilgan. Shu bois bir qator o‘yinchilarga jarohat olmasliklari uchun dam bergandik. Bugun maydonga chiqqan yigitlarga strategiyamizni aniq ko‘rsatganimiz va buni bajargani yaxshi bo‘ldi. Jamoa o‘yinini tashkil qilish juda muhim. Har bir o‘yinga jiddiy yondashamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Albatta, Eshmurodov bilan alohida gaplashamiz" - Ro‘ziqul Berdiyev “So‘g‘diyona” bilan o‘yindan keyingi mojaro haqida