09:27 / 30.10.2021
1 871

Saudiya Arabistoni futboli nimani evaziga o‘zbek futbolidan o‘zib ketdi?

Saudiya Arabistoni futboli nimani evaziga o‘zbek futbolidan o‘zib ketdi?
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni (U23) jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan so‘ng, "sahro lochinlari" ustozi - Saad Ali Ash-Shehri bilan suhbat uyushtirdik. Shoshilib turganiga qaramay, o‘sha kungi raqibimiz bosh murabbiyi SPORTS.uz jurnalistlari uchun vaqt ajratdi. Suhbat asosan ikki davlat futbolining rivojlanish modeli borasida bordi. Intervyu so‘nggida, Ash-Shehri bizning terma jamoaga omad va zafarlar tiladi. Biz esa, ularga Toshkentdagi musobaqada zafarli yurishlar yor bo‘lishini aytib xayrlashdik.

— Saudiya futbolidagi o‘sish nima bilan bog‘liq?
— Aslida, bu juda katta mavzu. Savolingizga javob berishim uchun soatlab fikr bildirishimga to‘g‘ri keladi. Shunga qaramay, soddaroq tushuntirishga urinib ko‘raman. Biz birinchi bo‘lib futbol akademiyalariga e’tibor qaratganmiz. U yerda yoshlar kunning 24 soatini qanday o‘tkazishini to‘liq murabbiylar belgilab beradi. Har bir mashg‘ulotdan tortib, kunlik taomnomasigacha professionallar tomonidan kuzatuvda.

Aytishim mumkin bo‘lgan narsa bizda e’tibor berilayotgan yoshlar futboliga bo‘lgan e’tibor. Bolalar futbolning ertasi. Bizda deyarli barcha yosh toifasida ligalar bor va bu juda kichik yoshdan boshlanadi. Misol sifatida 6 yoshli futbolchilar chempionatini keltirib o‘tishim mumkin. Bu yoshdagi bolalar o‘rtasidagi chempionat tashkil etilgach, iqtidorli bolalarni ajratib olish yanada osonlashadi. Umuman olganda, bugungi Saudiya Arabistoni terma jamoasining qudrati bolalar futbolida olib borilayotgan islohot bilan chambarchas bog‘liq.

— Nima deb o‘ylaysiz, futbolni rivojlantirish uchun katta mablag‘ bo‘lishi shartmi?
— Albatta! Pul bu - juda muhim omil hisoblanadi. Nafaqat sport, istalgan sohada rivojlanish uchun katta mablag‘ zarur. Agar pulingiz bo‘lmasa, hech narsaga erisha olmaysiz. To‘g‘ri, katta pullar hamma narsani hal etmaydi. Uni to‘g‘ri sarflashni ham bilish kerak, biroq pul bo‘lmasa katta ishlarni amalga oshirishning imkoni yo‘q.

Yuqorida aytib o‘tganimdek, har qanday sohada rivojlanish uchun ulkan kapital bo‘lishi va uni to‘g‘ri yo‘naltirishni biladigan professionallar kerak. boshqachasiga, puldan naf chiqarib bo‘lmaydi.

— Sizningcha, Osiyoning ayni paytdagi eng kuchli 5 jamoasi qaysilar? Ular ichida O‘zbekiston bormi?
— Milliy terma jamoalar miqyosida olsak, Saudiya Arabistoni qit’aning eng kuchli jamoasi deb hisoblayman. So‘zlarim sizga erish tuyulmasin. Men Jahon chempionati saralashida o‘z yurishini davom ettirayotgan jamoalar haqida gapiryapman. Har holda, terma jamoalar kuchini shu mezonda o‘lchash adolatdan bo‘ladi. Qit’amizdagi barcha kuchli jamoalar hozir mundial yo‘llamasi uchun kurash olib bormoqda. Saudiyaga ayni damda teng keladigan raqib yo‘q!

Agar qit’aning boshqa grandlari haqida so‘z borsa, birinchi navbatda, Janubiy Koreya, Yaponiya, Avstraliyani alohida e’tirof etaman. Kuchli beshlikni katta ehtimol bilan Eron termasi yakunlab beradi. Bu mamlakatlar terma jamoasi hozir Osiyo qit’asidagi boshqa termalardan ancha zamonaviyroq futbol namoyish etmoqda.

— O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining bugungi uchrashuvdagi kuchli va kuchsiz tomonlari nimada bo‘ldi?
— O‘yin haqida ortiqcha to‘xtalib o‘tirmayman. Bu bahsda ikki tomon ham o‘z bor kuchini ko‘rsatgani yo‘q. Biz O‘zbekiston Osiyo chempionati yo‘llanmasini hal etib qo‘ygani uchun ortiqcha kuch sarflamasligini bilar edik. Shu bois, tarkibimizdagi asosiy futbolchilarni ularga qarshi o‘yinda "berkitdik". Jamoa haqida to‘liq fikr bildirishim biroz noo‘rin bo‘ladi. Har holda, kuchlar maydondagi o‘yindan so‘ng o‘lchanadi. Shunga qaramay, tarkibingizda bir necha yaxshi darajadagi futbolchilar bor ekanligini tan olish lozim. O‘ylashimcha, jamoaning kelajagi porloq. Bu yigitlar kelajakda terma jamoa darajasiga ko‘tarilishiga umid qilaman.

— Qaysi o‘zbek futbolchilarini taniysiz?
— Birinchi navbatda Jaloliddin Masharipov ko‘z oldimizga keladi. U bizning "Al-Nassr" klubimizda to‘p suradi. Texnikasi kuchli, maydonni yaxshi ko‘ra oladigan futbolchi. U haqida boshqa futbolchilaringizdan ko‘ra ko‘proq ma’lumotga egaman. Shuningdek, Olimpiya terma jamoasi a’zosi - Jasur Jaloliddinov ham menda iliq taassurot qoldirdi. Biz bilan o‘yinda ham u qolganlardan yaqqol ajralib turdi. Umid qilamanki, u o‘sishdan to‘xtab qolmaydi. Qolgan o‘zbek futbolchilarini kuzatib bormaganim uchun fikr bildira olmayman.

Javohir Azimov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Saudiya Arabistoni futboli nimani evaziga o‘zbek futbolidan o‘zib ketdi?
ePN