16:30 / 03.11.2021
1 656

Maqsad O‘zbekistonga Kubok bilan qaytish yoxud Ro‘ziqul Berdiyev safar oldidan nimani va’da berdi?

Maqsad O‘zbekistonga Kubok bilan qaytish yoxud Ro‘ziqul Berdiyev safar oldidan nimani va’da berdi?
5 noyabr kuni Bahrayn poytaxti Manamada “Al-Muharraq” va “Nasaf” ishtirokidagi o‘ta muhim o‘yin arafasidamiz. O‘zbekiston klublari anchadan beri xalqaro maydonlarda muvaffaqiyat qozonmay qo‘ygandi. Unda ham “Nasaf” 10 yil ilgari OFK Kubogi yutgani bilan maqtanardik. Bu safar qarshiliklarda yana ushbu musobaqani yutish uchun juda yaxshi imkoniyat paydo bo‘ldi.

Ayni paytda “Nasaf” klubi Qarshi xalqaro aeroportida safarga jo‘nab ketish arafasida turibdi. Sports.uz muxbirlari esa jamoaning Bahraynga ketishi oldidan aeroportda reportaj tayyorladi.

Ro‘ziqul Berdiyev: “Safardan ijobiy natija bilan qaytamiz”

- Bu sizning OFK Kubogida bosh murabbiylikdagi birinchi finalingiz. Ayni paytda qanday his-hayajondasiz?

- Albatta, biz oldindan ushbu Kubokni qo‘lga kiritishni maqsad qilgandik. Shuning uchun finalni yutishni juda istaymiz. O‘ylaymanki, yigitlar bilan har taraflama yaxshi tayyorgarlik olib bordik. Indinga bo‘ladigan hal qiluvchi o‘yinda ortimizda turgan halqimiz, muxlislarimizni qo‘llab-quvvatlashini his qilgan holda ularni xursand qilish uchun safarga yo‘l olyapmiz. Bor kuch va mahoratimizni beramiz.

- Jamoangizning kayfiyati qanday? Futbolchilar o‘yinga qanchalik tayyor?
- Barchasi a’lo darajada. Faqat raqibni u darajada chuqur o‘rganishimizga yetarlicha imkoniyat bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Biz ko‘proq o‘z o‘yinimizga jiddiy e’tibor qaratamiz. O‘ylaymanki, safardan ijobiy natija bilan qaytamiz.

- Qiziq savol: o‘z vaqtida SSKA UYEFAni yutgan-ku. Uchrashuvdan avval Valeriy Gazzayev agar jamoam yutadigan bo‘lsa, mo‘ylovimni oldirib tashlayman deya va’da bergan. “Nasaf” OFK Kubogini yutadigan bo‘lsa, siz nimani va’da berasiz?
- (Kuladi) Shaxsiy nimani va’da berishimni bilmadim. Mabodo, sochim bo‘lganida oldirardim, degan bo‘lardim (kuladi). Asosiysi, muxlislarimizni xursand qilib kelsak bo‘ldi. Maqsadimiz shu.

Xusayn Norchayev: “Biz chempion bo‘lish uchun ketyapmiz”

- Final oldidan nimalarni o‘ylayapsiz?

- Hammaning xayolida g‘alaba bilan qaytish. Biz chempion bo‘lish uchun ketyapmiz. 10 yil oldingi g‘alabani qaytarmoqchimiz. Jamoamizning kayfiyati ham a’lo darajada. Chempion bo‘lish uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz.

- “Al-Muharraq” klubini qanchalik kuchli deb o‘ylaysiz?
- Jamoani o‘rganib chiqyapmiz. Bu – final! Barchasi 50x50. Mehmon yoki mezbon jihatidan katta ahamiyati yo‘q. Barchasi bitta o‘yinda hal bo‘ladi.

- Muxlislarning sizdan umidi katta. Hal qiluvchi uchrashuvda o‘yin taqdirini belgilab beradigan gol urishingizga ishonyapsizmi?
- Bu birgina menga bog‘liq emas. Futbol jamoaviy o‘yin. Yaxshi harakat qiladigan bo‘lsak, natija ham shunga yarasha bo‘ladi.

Sherzod Nasrullayev: “Hamma raqib bilan o‘ynasa bo‘ladi”

- Final oldidan hayajon kuchlimi?
- Hammasi yaxshi. Tayyorgarligimiz ham zo‘r bo‘ldi. Maqsadimiz g‘alaba qozonish va xalqimizni xursand qilish. Bunday final oldidan barcha futbolchilarda his-hayajon bo‘ladi deb o‘ylayman, bizda ham shunday.

- Raqib to‘g‘risida fikringiz qanday?
- Bu raqib bilan o‘ynasak bo‘ladi. U qadar kuchli jamoa deb aytish qiyin. Shu sababli hamma bilan o‘ynasa bo‘ladi.

Marko Stanoyevich: “Raqibga e’tibor bermasdan o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerak”
- Final bu muhim o‘yin. Bor e’tiborimizni ushbu o‘yinga qaratganmiz. Biz har bir uchrashuvda bo‘lgani kabi bu safar ham faqat g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Umid qilamanki, hammasi biz uchun yaxshi yakun topadi. Biz “Nasaf”ning 10 yil oldingi g‘alabasini takrorlash uchun borimizni beramiz.

- Raqibning kuchli va kuchsiz tomonlari nimada?
- Albatta, raqib kuchli. Axir finalga chiqdi-ku! Agar kuchsiz bo‘lmaganida finalga chiqmagan bo‘lardi. Murabbiy kutayotgan o‘yinimizni ko‘rsatishimiz va ularga e’tibor bermasdan o‘z o‘yinimizni namoyish qilishimiz kerak. G‘alaba bilan muxlislarni xursand qilish bizning asosiy vazifamiz.

Umid Ergashev: “Hammasiga tayyor bo‘lib ketyapmiz”
- Kayfiyatimiz a’lo darajada. Final bo‘lgani bilan xalqaro o‘yinlarda birinchi marta o‘ynamayapmiz. Jamoadagi barcha tajribaga ega. Maqsadimiz O‘zbekistonga Kubok bilan qaytish.

- Finalda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Penaltilar seriyasiga tayyormisiz?
- Albatta. Biz hamma narsaga tayyor bo‘lib ketyapmiz, har tomonlama. Ruhan va jismonan tayyormiz. Tayyorgarlik yaxshi bo‘ldi.

- Ro‘ziqul Berdiyev jamoani qanday ruhlantiryapti?
- Bu birinchi finalimiz, hammamiz tarixga kirishimiz mumkin, O‘zbekiston xalqi bunday finallarni ko‘rmaganiga ham ancha bo‘lgandi. Barcha muxlislarni g‘alaba bilan quvontirishimiz lozim, deya bizni ruhlantiryapti.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maqsad O‘zbekistonga Kubok bilan qaytish yoxud Ro‘ziqul Berdiyev safar oldidan nimani va’da berdi?