AGMK klubi kecha o‘z maydonida “Andijon”ga qarshi uchrashuvda sal qolsa mag‘lubiyatga uchrashi mumkin edi. Biroq Mirjalol Qosimov jamoasi yakunda nafaqat mag‘lubiyatdan qutulib qoldi, balki g‘alabani ham ilib ketdi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilganlar – Martin Boake bilan Shoxruh Gadoyev o‘z so‘zini aytishdi. Ayniqsa, qo‘shimcha daqiqalarda Gadoyevning goli AGMKni 3:2 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Yana bir necha soatdan keyin OFK Kubogi finalida “Nasaf” “Al-Muharraq” bilan o‘ynaydi. Qizig‘i, Gadoyev ikkala klubda ham to‘p surgan. Shu boisdan Gadoyev Sports.uz muxbiri bilan suhbatda bir qator savollarga javob qaytardi.
- AGMK “Andijon”ga qarshi uchrashuvda kambek ko‘rsatib 0:2 ni 3:2 ga aylantirdi. Jamoa buni qanday uddaladi?
- Chempionat oxirlab boryapti. “Andijon” jamoasiga ham bu muhim o‘yin va ochkolar kerak edi. Biz buni bilardik. Raqib qarshi hujumlardan foydalanishini ham sezgandik va shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rganmiz. Birinchi bo‘lim oxirlarida darvozamizdan to‘p o‘tkazib yubordik. Ikkinchi bo‘lim boshida qarshi hujumda ular ikkinchi golni urib ketishdi. To‘g‘risini aytganda, ikkinchi golni umuman kutmagandik. Viktor Kumikov jamoasi qarshi hujum hamda standartlardan foydalanishini bilardik. Lekin boya aytganimdek, hisob 0:2 bo‘lishini kutmagandik, bu paytda biz zaxirada edik. Albatta, “Andijon”dan bunday shiddatni ham u qadar kutgandik deya olmayman. Raqib yaxshi shakllangan. Ayniqsa, qarshi hujumlarda yaxshi harakat qila oladi. Baribir bor kuchimizni ishga soldik va maqsadimizga erishdik.
- 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatni o‘yin oxirigacha 3:2 ga aylantirishinglarni kutganmidingiz?
- To‘g‘risini aytaman, iloji boricha oxirigacha kurashib hech bo‘lmasa hisobni tenglashtirishga harakat qilgandik. Raqibdan bir ochko olish haqida o‘ylagandik. Yakunda omadimiz kelib kambekni amalga oshirdik.
- Zaxiradan maydonga tushib oxirgi daqiqalarda uchinchi golni urishga erishdingiz. O‘sha vaziyatda o‘yin qahramoniga aylanishingizga ishonganmidingiz?
- Yo‘q. O‘yin qahramoni bo‘lish haqida o‘ylamagan bo‘lsam-da, zaxiradan maydonga tushib jamoam uchun hech bo‘lmaganda bir ochko olishida yordam berish niyatida tushgandim, to‘g‘risi. Amalda omadimiz kelib, uch ochkoni qo‘lga kiritdik.
- Tez orada sobiq klublaringiz – “Al-Muharraq” bilan “Nasaf” OFK Kubogi finalida to‘qnash kelishadi. Bu jamoalarning finalda to‘qnash kelishiga qanday munosabatdasiz?
- Yo‘q, bu men uchun kutilmagan holat bo‘lmadi. “Al-Muharraq” jamoasida o‘ynagan paytimda ham har doim ularning oldiga aniq maqsad qo‘yilardi. Agar OFK Kubogida qatnashsa, o‘sha musobaqani yutish yoki Osiyo Chempionlar ligasi saralashida qatnashsa, guruh bosqichiga chiqish vazifasi yuklatilardi. O‘shanda men o‘ynagan paytda ham “Al-Muharraq”ning oldiga OFK Kubogini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan. Biz yarim finalgacha borganmiz. Iordaniya jamoasiga uyda yoki safardami, esimda yo‘q, har holda yutqazib qo‘ygandik. “Nasaf”ning OFK Kubogi finaligacha yetib kelishining ajablanarli joyi yo‘q. Bu klub ushbu musobaqadagi kuchli jamoalardan biri. Shu bois “Nasaf” finalgacha borishga haqli edi.
- “Al-Muharraq” tarkibida birga to‘p surgan futbolchi do‘stlaringiz hozir ham klubda bormi?
- Bor. Yoshi katta darvozabon jamoa sardori. O‘sha paytda ham sardor edi, Bahrayn terma jamoasida ham o‘ynaydi. Bundan tashqari, chap qanot himoyachisi o‘ynardi, hozir ham to‘p suryapti va terma jamoaga ham chaqiriladi. U yaxshi himoyachi. Men bilgan ayrim futbolchilar bor. Lekin ko‘pi ketibdi. Tarkibni yoshartirishga harakat qilishgan.
- Demak, u yerdagilar bilan aloqangiz yo‘q ekan-da?!
- Boshqa klubga o‘tib ketgan futbolchi bilan aloqam bor. “Al-Muharraq”ning 11-raqamli Ismoil Abdullatif degan hujumchisi bo‘lardi. Shu o‘yinchi bilan gaplashib turaman. U Bahrayn terma jamoasida ham o‘ynaydi. Hozir boshqa jamoaga o‘tib ketgan.
- “Nasaf” finalda nimaning evaziga yutishi mumkin?
- “Nasaf” menimcha tartibli o‘yin o‘tkazadi. Ro‘ziqul Berdiyev jamoasini qanday o‘ynatishni biladi. Ancha tajriba to‘plagan. O‘yinchilarida ham OFK Kubogida to‘plangan tajriba bor. O‘ylashimcha, “Nasaf” g‘alaba qozonadi.
- Ko‘proq qanday hisobni kutyapsiz?
- Taxminim yo‘q. Chunki raqib jamoa ham o‘z uyida yaxshi o‘ynaydi va yaxshi himoyalanadi. Masalan, o‘z maydonida kuchli jamoa – “Quvayt SK”ni musobaqadan chiqarib yubordi. Aniq hisobni ayta olmayman. Lekin, menimcha, katta hisob bo‘lmasa kerak. “Nasaf” tartibli o‘yin evaziga g‘alaba qozonsa kerak.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
O‘zbekistonlik MMAchilar jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallashdi
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan toshkentlik o‘qituvchi 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
AQSH Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
Turkiya klubi sobiq prezidenti hakamga hujum qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi