
Foto: Boks federatsiyasi matbuot xizmati
Belgrad shahri mezbonligida o‘tayotgan boks bo‘yicha Jahon chempionatining final bahslari 5 noyabr, juma kuni bo‘lib o‘tdi.
-60 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Abdumalik Halokov finalda fransiyalik Sofian Oumiyaga qarshi ringga ko‘tarildi. Halokov uchala raundda faol harakat qilgan fransiyalik bokschiga imkoniyatni boy berdi va musobaqani kumush medal bilan yakunladi.
Halokov avvalgi bosqichlarda esa makedoniyalik Jasin Lyama, sloveniyalik Tadey Chernoga va rossiyalik Vsevolod Shumkov ustidan g‘alaba qozongandi. 1/2 finalda Abdumalik jang qilmasdan final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. U eronlik Daniyal Shohbaxshga qarshi ringga ko‘tarilishi kerak edi. Ammo eronlik bokschi jarohat sabab jangga chiqmadi va Halokov finalga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston delegatsiyasining 13 nafar ishtirokchisidan faqat bir nafari finalga qadar yetib keldi. Hasanboy Do‘stmatov, Shohjahon Abdullayev, Mirazizbek Mirzaxalilov, Shahram G‘iyosov, Shahobiddin Zoirov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Odiljon Aslonov, Nodirjon Mirzahmedov, Saidjamshid Ja’farov, Lazizbek Mullajonov, Mujibillo Tursunov va Madiyor Saidrahimov esa Jahon chempionatini erta tark etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar