2 493
"Al-Muharraq" "Nasaf"ni to‘liq "o‘qib" chiqqan" - Final o‘yiniga mutaxassis qanday munosabatda?
Afsuski, “Nasaf” klubi OFK Kubogi finalida safarda “Al-Muharraq” jamoasiga yirik hisobda yutqazib taxminlarimizni oqlamadi.
10 yil avval OFK Kubogini yutgan “Nasaf”da yana shunday imkoniyat yuzaga kelgandi. Hamma qarshiliklarning g‘alabasiga ishonayotgandi. Shuning uchun tablodagi 3:0 ni hech kim kutmagandi.
Natija bizni ranjitgani rost. Ammo “Nasaf” futbolchilari harakat qildi. Ushbu o‘yin bo‘yicha bildirilayotgan fikr va mulohazalar ham bo‘lyapti. Ayni paytda AGMK klubi bosh direktori sifatida ishlayotgan Muxtor Qurbonov “Nasaf”ning finaldagi o‘yini haqida o‘z tahlilini bildirdi.
Final haqida
- Butun O‘zbekiston “Nasaf”ga muxlislik qildi. Bevosita o‘yinni o‘zim ham ko‘rdim. “Nasaf” jamoasi yomon taassurot qoldirmadi. Futbol shunaqa o‘yinki, agar “Nasaf” “Al-Muharraq” bilan yana ikki yoki uch marta o‘ynasa barchasida yutadi. Futbolda har bir soniya nimanidir hal qilish mumkin. Uchrashuvda tezkor gol urilgani ham ta’sir qildi. Stadionda muxlislarning jamoasini tinmay qo‘llab-quvvatlab turishi ham mezbonlarga yordam berdi. To‘g‘ri, to‘p nazorati va o‘yindagi ustunlik “Nasaf”da bo‘ldi. Afsuski, raqib 3:0 hisobida yutdi. Ikkinchi goldan keyin “Nasaf” masala hal bo‘ldi deya to‘xtab ham qoldi desak bo‘ladi. Agar tezkor gol urilmaganida o‘yin boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi.
Hisob 1:0 bo‘lib turgan paytida 15-20 daqiqada o‘tgach, “Nasaf” 100 foiz yutadi deb o‘ylagandim. “Al-Muharraq” “Nasaf”ni to‘liq “o‘qib” chiqqan. Jamoa o‘yinini yaxshi o‘rgangani ko‘rinib turibdi. Murabbiyining imzosi ham sezildi. Tezkor gol urganidan keyin o‘yinni “Nasaf”ga berib, ikkinchi raqam ostida harakat qilib, o‘zining paytini poyladi. Tajriba qayerdadir ularga qo‘l keldi deb o‘ylayman. “Nasaf” futbolchilariga e’tiroz bildirib bo‘lmaydi. Golli vaziyatlarni yaratishdi, to‘p kirmadi. Omad yuz o‘girdi. “Nasaf” bungacha o‘z maydonida “Axal”, “Li Man” kabi klublarga qarshi qiyinchiliklarga duch kelgandi. Jamoaning finalgacha borgani ham yaxshi holat. OFK Kubogi – Osiyo Chempionlar ligasidan keyingi musobaqa. “Nasaf”ning yutishiga ishongandim, afsuski, bunday bo‘lib chiqmadi.
“Nasaf” o‘z o‘yinini ko‘rsatdimi?
- To‘pni nazorat qilish bo‘yicha “Nasaf” doimgidek o‘zini ko‘rsatdi. Oybek Bozorov ham harakat qildi. Aytyapman-ku, “Muharraq” raqibini yaxshi o‘rgangan. Shu bois keyin Bozorovga ham deyarli imkon berishmadi. Norchayev ham poyladi, vaziyatlarni kutdi, afsuski bo‘lmadi. “Nasaf” o‘z o‘yinini 100 foiz ko‘rsatdi deb aytmayman. Lekin chempionatimizdagi o‘yinini 80-90 foizga bajardi, to‘pni nazorat qildi, yoshlar yugurdi. Raqib tarkibida legionerlar va mahalliy o‘yinchilari bor, tajriba qayerdadir o‘z so‘zini aytdi.
“Nasaf”ning mehmonda o‘ynagani ham mag‘lubiyatga sabab bo‘ldimi?
- Futbolda mayda-chuyda ishlar bo‘lmaydi. “Nasaf” o‘z uyida o‘ynab yutib finalga chiqdi. “Al-Muharraq” hal qiluvchi o‘yinni o‘z maydonida o‘tkazdi. Masalan, ular Qashqadaryoga kelganida “Nasaf” yutardi. Raqib o‘yinchilari tajovuzkor, to‘p bilan muomala qilishi, hammasi tajriba bilan bog‘liq. Bir qarashda hamma aytyapti, kecha “Nasaf” yutishi kerak edi, ammo yutolmadi. Hisob 3:0! Qaytaraman: tajriba o‘z so‘zini aytdi.
Mag‘lubiyat jamoaning Superligadagi ishtirokiga ta’sir ko‘rsatadimi?
- Finaldagi mag‘lubiyat ichki chempionatda “Nasaf”ga qanchalik ta’sir qilishini vaqt ko‘rsatadi. Hozir bir narsa desam noto‘g‘ri gapirib qo‘yishim mumkin. Mavsum tugashiga hech qancha qolmadi. 20 kun ichida “Nasaf”ning qanchalik tayyorligi, kayfiyati qanaqa, hammamiz bilib olamiz. Osiyo Chempionlar ligasi uchun ikkinchi yo‘llanmani kim olishini oxirida ko‘ramiz. AGMKni ham maqsadi ikkinchi o‘rinni olish va chempionlar ligasiga chiqish. Hozir shu maqsadimiz yo‘lida ketyapmiz. Ijobiy natijalarni ko‘rsatib, Xudo xohlasa ikkinchi yo‘llanmani biz olamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
O‘zbekistonlik MMAchilar jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallashdi
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan toshkentlik o‘qituvchi 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
AQSH Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
Turkiya klubi sobiq prezidenti hakamga hujum qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi