22:35 / 24.11.2021
2 188

Lyubinko Drulovich Serbiya bilan mundialga chiqqani va o‘zbek futbolidagi asosiy muammo haqida nima deganini bilasizmi?

Lyubinko Drulovich Serbiya bilan  mundialga chiqqani va o‘zbek futbolidagi asosiy muammo haqida nima deganini bilasizmi?
Yaqinda Serbiya milliy terma jamoasi orzusiga erishib, 2022 yili Qatar mamlakatida o‘tkaziladigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi va baxtli terma jamoalar qatoridan joy oldi.

Biz uchun qizig‘i shundaki, ushbu terma jamoada ilgari O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga ustozlik qilgan Lyubinko Drulovich ishlayapti. Shu bois u ham endi baxtli murabbiylardan biriga aylandi.

Yodingizda bo‘lsa, Drulovich olimpiya terma jamoamiz bilan Olimpiada musobaqasiga chiqa olmagandi. Ammo endi u Serbiya terma jamoasi bilan Qatardagi mundial ishtirokchisiga aylangani Lyubinkoning faoliyatida yangi sahifa ochishi aniq. Kuni kecha Sports.uz muxbiri Drulovich bilan suhbatlashdi.

- Avvalo, sizni va Serbiya terma jamoasini jahon chempionatiga chiqqaninglar bilan tabriklayman. Bu ishni qanday uddaladinglar?
- Tabrigingiz uchun kattakon rahmat. Serbiya uchun bu rostdan ham juda qadrli yutuq. Yevropaning eng yaxshi 10 jamoasi orasida jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish albatta biz uchun o‘ta muhim g‘alaba hisoblanadi. Biz birinchi o‘yindan to oxirgi o‘yingacha o‘zimizning eng kuchli taraflarimizni namoyish etishga harakat qildik. Ayniqsa, Lissabonda Portugaliyaga qarshi so‘nggi bellashuvda jamoamiz o‘zining eng chiroyli o‘yinlaridan birini namoyish eta oldi va tarixga kirdi.

- Serbiya terma jamoasida qachondan ish boshladingiz va u yerdagi asosiy vazifangiz nimadan iborat?
- Men Serbiya milliy terma jamoasidagi ishimni avgust oyida boshlaganman. Meni milliy jamoa bosh murabbiyi – Dragan Stoykovich yordamchi murabbiylikka taklif qildi. Dragan Stoykovich ko‘plab nashrlarning talqiniga ko‘ra, Serbiya tarixidagi eng zo‘r futbolchi sifatida qaraladi. Men esa avgust oyida ushbu taklifni qabul qilganman. Katta mamnuniyat bilan yordamchi murabbiy sifatida o‘z faoliyatimni boshladim.

- To‘g‘risi, Serbiya terma jamoasi bosh murabbiy masalasida bizda ikkita variant bor edi...
- Bundan oldin ham ta’kidlab o‘tganimdek, bu milliy terma jamoa tarixidagi eng kuchli futbolchilaridan biri. Unda doimiy tarzda yetakchilik xususiyati bor. Unda katta xarizma ham bor deb ayta olaman. Futbolchi bo‘lgan davrida o‘zini haqiqiy sardorlardek tuta olardi. Bugungi kunda esa murabbiy. Terma jamoaning g‘alabasidagi eng katta hissa aynan Dragan Stoykovich zimmasiga to‘g‘ri keladi deb hisoblayman.

- Serbiya hal qiluvchi o‘yinda Portugaliyani mag‘lub etdi. Siz u yerda ko‘p yillar davomida to‘p surgansiz va milliy jamoasini yaxshi bilasiz. Demak, siz raqibni qanday yengishni bilgansiz?!
- Biz juda yaxshi o‘yin namoyish etdik. Portugaliya bilan bahsda statistikaning har bir qismida raqibdan ustun keldik va haqli ravishda g‘alabaga erishdik deb o‘ylayman. 14 noyabr Serbiya futboli tarixiga katta, oltin xarflar bilan yozib qoldiriladigan bo‘ldi.

- Serbiya prezidenti terma jamoaning jahon chempionatiga chiqqani munosabati bilan futbolchilarga bir million yevrodan bonus beribdi. Ammo o‘yinchilar bu pullarni kasal bolalarga berganini eshitdim. Bu rostmi va nima uchun?
- Ha, aytib o‘tgan gapingiz to‘g‘ri. Prezident jamoa a’zolariga katta sovg‘alarni taqdim etdi. Lekin futbolchilar ushbu mablag‘ni to‘liqligicha Serbiyaning kasalxonalarida yotgan bolalarga sarflashni, xayriya qilishni afzal ko‘rishdi. O‘ylaymanki, bu milliy jamoa hisobidan ushbu bolajonlarga katta sovg‘a va xayriya bo‘ldi.

- Siz bizga ham jahon chempionatiga qanday borishni o‘rgating! Chunki O‘zbekistonga bu borada sira omad kulib boqmayapti. Bu vaziyatda nima deb o‘ylaysiz?
- Bilasizmi, milliy jamoaga kelganimda bu yerda katta o‘zgarishlar jarayoni boshlangandi. Butun tarkib almashtirib yuborildi. Yangi jamoada ajoyib muhit hukmronlik qilmoqda. Shu tomonlama jamoa ruhiy va jismoniy jihatdan barcha kurashga tayyor. Shuning uchun ishimizda sifat ko‘zga tashlanmoqda. Aynan mana shu sifatlar sabab biz ajoyib bo‘lgan natijaga erisha oldik.

- O‘zbek futbolidagi asosiy muammo sifatida nimani aytgan bo‘lardingiz?
- Men O‘zbekistonda bir qator iqtidorli futbolchilar borligini bilaman. Olimpiya terma jamoasini boshqargan davrimdan buyon u yerda qanday salohiyatli futbolchilar borligi haqida yaxshi ma’lumotga egaman. Hozir o‘sha futbolchilarning ko‘pchiligi asosiy jamoada o‘ynayapti. Ular uchun men juda xursandman. Ular o‘zbek futbolining ravnaqi uchun o‘z hissalarini qo‘sha olishyapti. O‘zbek futbolini rivojlantirish uchun mening nazarimda yaxlit baza – ya’ni, milliy jamoalar bazasini shakllantirish kerak. Alohida bir sport markazi qurish kerak, milliy jamoalar uchun. Millat jamoasining rivojlanishida kelajakka katta yordam bergan bo‘lardi. Asosiy baza mavjud bo‘lmas ekan, nazarimda u qadar katta o‘sish bo‘lmaydi.

- Qatardagi jahon chempionatiga tayyorgarlik rejasi qay tariqa amalga oshiriladi?
- Endi bizda bir yil jahon chempionatiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt bor. Buning uchun o‘rtoqlik o‘yinlari, millatlar ligasi va nazorat o‘yinlari orqali imkon qadar tayyorlanamiz. Ishonamanki, Qatardagi jahon chempionatiga biz haqiqiy kuchli jamoa sifatida katta natijalarni ko‘zlab bora olamiz. O‘zbekistondagi barchaga salomlarimni yetkazasiz, ayniqsa, mening do‘stlarimga.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Lyubinko Drulovich Serbiya bilan mundialga chiqqani va o‘zbek futbolidagi asosiy muammo haqida nima deganini bilasizmi?