“So‘g‘diyona” jamoasining mavsumni “Paxtkor”dan keyin 2-o‘rinda tugatgani e’tiborga molik voqealaridan biri bo‘ldi.
Tan olish kerak, chempionat boshida ko‘pchilik jizzaxliklarning bunday natijasini kutmagandi. Ammo Ulug‘bek Baqoyev va uning jamoasi buni uddaladi. Jamoa hujumchisi Shoxruz Norxonov esa 10 ta gol bilan “So‘g‘diyona”ning to‘purariga aylandi.
- Shoxruz, avvalambor sizni va jamoani chempionatda kumush medal qo‘lga kiritilgani bilan tabriklayman. Bu “So‘g‘diyona” uchun katta sakrash bo‘ldi. Rostini ayting, mavsum avvalida ushbu natijani ko‘rsatishinglarga ishonganmidingiz?
- Mavsum boshida oldimizga sovrinli o‘rinni olishni bosh maqsad qilib qo‘ygandik. Niyatimiz xolis bo‘lgan ekan, oxirida o‘zingiz ko‘rdingiz, maqsadimizga erisha oldik. To‘g‘ri, chempionat oxirlarida qimmatli ochkolarni boy berib qo‘ydik. Lekin shunda ham biz kurashdan to‘xtamadik.
- Birinchi davrada gol urish borasidagi sermahsulligingiz ancha salmoqli bo‘ldi. Ammo ikkinchi davrada adashmasam uchta gol urdingiz. Bunga nima sabab bo‘ldi yoki ishtiyoqingizga nimadir ta’sir ko‘rsatdimi?
- To‘g‘ri aytdingiz, mavsum boshi men uchun juda yaxshi boshlangan edi. Keyin esa o‘rtalariga kelib biroz pasayish kuzatildi. Buning sababi esa faqat o‘zimda deb o‘ylayman.
- “So‘g‘diyona” klubi ikkinchi o‘rinni egallaganidan keyin Osiyo Chempionlar ligasi saralashida ishtirok etishi kutilayotgandi. Ammo buning uchun O‘zbekiston Kubogi finalida “Paxtakor” “Nasaf”ni mag‘lub etishi kerak edi. Biroq bunday bo‘lmadi. Shuni hisobga olganda, “Nasaf”ning kechagi g‘alabasidan xursandmisiz yoki aksincha?!
- “Nasaf” klubi kecha haqli ravishda g‘alaba qozondi. “Nasaf”ning xalqaro maydonda to‘p surish tajribasi yuqoriroq. Men bu jamoaning finaldagi g‘alabasidan xafa bo‘lganim yo‘q. Ularga pley-off o‘yinida ham omad tilayman.
- Endi vaziyat shundayki, “So‘g‘diyona” OFK Kubogida ishtirok etishi mumkin. Ammo buning uchun “Nasaf” Osiyo Chempionlar ligasi saralashidan o‘tib guruh bosqichiga chiqishi kerak. Shunda “So‘g‘diyona” OFK Kubogida o‘ynaydi, aks holda bundan ham quruq qolishi mumkin. Bu jihat kayfiyatingizga ta’sir qilyaptimi?
- “Nasaf”ning pley-offda qanday natija ko‘rsatishidan qat’iy nazar ularga omad tilayman. Balki g‘alaba qozonib, O‘zbekistonga yana bir kvota taqdim etar.
- Yodimizda, sizga chempionat boshida ham yaxshi takliflar bor edi. Ammo bir yil yana Jizzaxda qolishni ma’qul topdingiz. Mana, o‘sha muddat ham tugadi va yanglishmasam, shartnomangiz ham tugayapti. Endi rejangiz qanday? “So‘g‘diyona”da qolasizmi yoki ketasizmi?
- Ha, to‘g‘ri. Yil boshida boshqa klublardan takliflar bor edi. Lekin “So‘g‘diyona”da qolishni ma’qul ko‘rgandim. Jamoa bilan tarixga kirganimizdan xursandman. Klubda qolamanmi? Hali bu haqida gaplashmadim, hozircha noma’lum.
- Eshitishimcha, sizga chetdan ham yaxshi takliflar bor ekan. Sir bo‘lmasa, qayerdan va qanday takliflar bo‘lyapti?
- To‘g‘ri, men uchun xorij klublaridan takliflar yo‘q emas. Lekin hali hech nima aniq bo‘lmagan. Hammasi ma’lum bo‘lganida bilib olarsiz.
- Shoxruz, mavsum yakunlari bo‘yicha eng yaxshi uch nafar murabbiy va futbolchilarni ayta olasizmi?
- Murabbiylardan Ulug‘bek Baqoyev, Ro‘ziqul Berdiyev va “Lokomotiv”ni boshqargan Mikael Sekeyra. Futbolchilardan ea Dragan Cheran, Xusayn Norchayev va Muhammadanas Hasanov.
- “So‘g‘diyona” tarkibida bu yil eng yaxshi o‘yinchi deb kimni aytgan bo‘lardingiz?
- “So‘g‘diyona” safida ushbu mavsumda eng yaxshi futbolchi – bu Milan Mitrovich bo‘ldi.
- Ulug‘bek Baqoyevga qanday ta’rif berasiz? U maydonda va maydondan tashqarida qanday?
- Baqoyev agressiv murabbiylar qatoriga kiradi. Bu murabbiyni oxirigacha kurashish xususiyati bor. O‘zining taktikasini ham o‘yinchilariga juda yaxshi singdira oladi. Uning shu jihatlari ham kuchli deb o‘ylayman.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi