2 933
"Nasaf"da qancha muddatga qolishi va futboldagi kumiri haqida Husayn Norchayev bilan suhbat
Qarshining "Nasaf" jamoasi hujumchisi Husain Norchayev bilan SPORTS.uz sayti suhbat uyushtirdi. Suhbat davomida futbolchi muxlislarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob berib o‘tdi.
- "Nasaf" finalda bir kishi kam bo‘lib "Paxtakor" ustidan g‘alaba qozondi. Buning siri nimada, deb o‘ylaysiz? Aynan qaysi omil sababli "ajdarlar" bir kishi kam bo‘lib kambekni amalga oshirdi?
- Buning asosiy sabablaridan biri sifatida finalga ko‘rilgan tayyorgarlikni e’tirof etmoqchiman. Shuningdek, g‘alaba qozonishga bo‘lgan kuchli ishtiyoq ham o‘z so‘zini aytdi. Hatto, bir kishi kam bo‘lib qolgan paytlarimiz ham hamjihatlikda to‘p surishda davom etdik. Kuchli jamoaviy o‘yin evaziga maydonda bir kishi kam bo‘lib qolganimizi sezdirmaslikka urindik. Bu bahs mavsumni "qutqarib" qolish uchun so‘nggi imkoniyatimiz ekanligini bilar edik. Yaratganga shukur, xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
- Ro‘ziqul Berdiyev finalning birinchi bo‘limidan so‘ng qanday ko‘rsatma berdi? "Nasaf" nima evaziga "Paxtakor"ga qarshi o‘yinning ikkinchi bo‘limini bunday kuchli o‘tkazdi?
- Yarim finalda ham bir kishi kam bo‘lib to‘p surganimizni, bugun ham g‘alaba qozonish uchun barcha imkoniyatimiz bor ekanligini tushuntirdilar. Shuningdek, ayrim o‘zgarishlar ham bizga qo‘l keldi. Ikkinchi taymda kuchliroq bo‘lishimizni asosiy sababi birinchi taymdayoq hisobni tenglashtirib olganimiz bo‘ldi. Bu bizni yanada ruhlantirdi. O‘ylashimcha, yakunda aynan shu omil g‘alabamizni ta’minladi.
- Siz juda tez omma e’tiboriga tushdingiz. Aytingchi, yil boshida OFK va Superliga to‘purarlari qatorida bo‘lish va MTJda gol kiritishingizni tasavvur qilganmidingiz? Yakunlangan mavsum haqida fikringiz qanday?
- To‘g‘risi, mavsum boshida imkon qadar ko‘p gol kiritishni rejalashtirgan edim. Yaratganga shukr, maqsadimga yetdim. Ustozimiz Ro‘zi aka va jamoadagi akalarim meni butun mavsum davomida qo‘llab-quvvatladi. Bu gollarda ularning xizmati katta. Erishgan barcha yutuqlarim uchun ulardan minnatdorman. Kelasi mavsumda ham menga bildirilgan ishonchni oqlashni niyat qilganman.
- Eshitishimizcha, siz Eldor Shomurodovning agenti bilan hamkorlik qilasiz. Ayni damda keyingi rejalar borasida agentingiz bilan maslahatlashdingizmi?
- Yo‘q, bu mish-mish. Hozirda, hech qanday agent bilan ish olib bormayapman. Bunga hali erta, deb hisoblayman. Boz ustiga, "Nasaf" bilan 3 yillik shartnomam bor. O‘ylashimcha, bu masala borasida fikr bildirishga hozir erta. Birinchi navbatda, "Nasaf" jamoasiga foyda keltirishni istayman. Legioner bo‘lish vaqti-soati bilan nasib qiladi, degan umiddaman. "Ajdarlar" safida o‘zimni baxtiyor his qilyapman. Bu men uchun eng muhimi.
- Qaysi futbolchi kumiringiz bo‘lgan?
- Krishtianu Ronaldu! Uni chinakam professional sportchi, desam, adashmagan bo‘laman. Shu yoshda ham super formani to‘liq saqlab turish oson emas. U buning uchun nimalardan voz kechganini tasavvur qilish ham mushkul. Portugaliyalik futbolchining o‘yinlarini tomosha qilib katta bo‘lganman.
- MTJda debyut qildingiz va gol kiritishga ham muvaffaq bo‘ldingiz. Katanes qanday murabbiy ekan? U haqidagi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
- Har qanday futbolchi uchun o‘z terma jamoasidan chaqiruv olish katta baxt. Bu menga ham nasib etganidan juda xursandman. O‘rtoqlik uchrashuvida bo‘lishiga qaramay, gol urganimdan juda ham xursandman. Srechko Kantanes borasidagi fikrim ijobiy. U birinchi navbatda, tartib-intizomga urg‘u beradi. Barchasi o‘z vaqtida bo‘lishini talab qiladi. Nafaqat maydonda, hayotda ham o‘z shogirdlaridan ishga mas’uliyat bilan yondashishni so‘raydi.
- Bugungi kundagi "Nasaf" kelasi mavsumda O‘zbekiston chempionligi uchun kurash olib borishga qodirmi?
- Jamoamiz yaxshi shakllangan. Tarkibga yangi futbolchilar ham qo‘shilishi kutilmoqda. O‘ylashimcha, kelasi mavsumda bemalol chempionlik uchun kurash olib borishimiz mumkin. Biz doim o‘z oldimizga ulkan maqsadlar qo‘yishga odatlanganmiz. Keyingi mavsumda muxlislar yanada kuchliroq "Nasaf"ni maydonda ko‘radi, degan umiddaman. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"