10:49 / 24.12.2021
1 418

Futbolimizdagi eng katta muammo va Livanga qarshi o‘yindagi mish-mishlar haqida Timur Kapadze bilan intervyu

Futbolimizdagi eng katta muammo va Livanga qarshi o‘yindagi mish-mishlar haqida Timur Kapadze bilan intervyu
"Olimpik" klubi va O‘zbekiston OTJ bosh murabbiyi Timur Kapadze SPORTS.uz studiyasida mehmon bo‘ldi. Suhbat davomida qahramonimiz muxlislarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob berdi.

- Sizning "Bunyodkor"ga o‘tishingiz ancha katta mash-mashalarga keltirib chiqargan. "Paxtakor"ni tark etishingiz nega bunday sodir bo‘lgan?
- To‘g‘risi, bu o‘zgacha tarixga ega voqea. Men 6 yil davomida "Paxtakor" sharafini himoya qildim. Mavsum yakunida rahbariyatga ketmoqchi ekanligimni aytdim. Samvel aka klub uchun yordam qilishimni, tekinga ketib qolmasligimni so‘radi. O‘sha paytlari Turkiyaning "Gaziantepspor" jamoasidan taklif bor edi. Bizni davrda agentlar yo‘q bo‘lgani bois, xorijda to‘p tepish borasida takliflar har doim ham bo‘lavermagan.

Samvel aka meni Rossiyaning "Kuban" jamoasida harakat qilishimni istadi va Turkiyaga klub ko‘rigida bo‘lishim uchun yubordi. Borgach, bir qancha muddat Tarxanov qo‘l ostida shug‘ullandim. 2-3 kundan so‘ng, klubda meni kutishmayotganini tushundim. Bu orada "Gaziantepspor" ko‘rigida ham bo‘ldim. Keyin yana bir turk klubi aloqaga chiqdi. Qishki transfer oynasida vaqt kamligi bois, hammasini tezroq hal qilishim kerak edi. Transfer oynasi yopilishiga 3-4 kun qolganida, Mirjalol Qosimov bilan uchrashdim. U paytlari jamoa "Quruvchi" deb nomlanardi.

Mirjalol aka meni jamoaga taklif etdi. Bu orada Server Jeparov ham xuddi men singari Rossiyaning boshqa bir jamoasi ko‘rigida edi. Uning transfer summasini tomonlar kelisha olmadi. Natijada, ikkimiz bir paytda "qaldirg‘ochlar" safiga borib qo‘shildik. Afsuski, men tanlov qilishda ikkilangan paytim "sherlar" rahbariyati men bilan aloqaga chiqmadi. Hech kim qo‘ng‘iroq qilgani yo‘q. Shartnoma imzolashim bilan Samvel aka qo‘ng‘iroq qilib ranjiganini aytdi. Menda o‘sha paytda boshqa variant yo‘q edi. O‘ylashimcha, "Bunyodkor" safidagi 3 yil kareramda katta qadam bo‘ldi. "Paxtakor"ga faoliyatimning eng zo‘r yillarini berdim. Qalbimni tubida ushbu klubga hurmat saqlanib qolgan.

- O‘zbekiston terma jamoasining Livanga qarshi o‘yinida futbolchilar "sabotaj"ni amalga oshirgani haqidagi mish-mishlar tarqagani yo‘q. Aytingchi, bu voqea aslida qanday bo‘lgan?
- Hech bir futbolchi Vatan sha’ni turgan paytda, o‘z manfaatlarini ustun qo‘ymaydi. "Sabotaj" bo‘lmagan gap. To‘g‘ri, tushunmovchilik bo‘lgan. Vadim Abramov davrida terma jamoa chinakam bir oila bo‘lib shakllangan edi. Biz saralash o‘yinlarida JCH yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga kuchimiz yetishiga ishondik. Eron bilan Toshkentdagi bahs esa, alamli mag‘lubiyat bilan yakunlandi. Ertasi kuni Vadim Abramov ishdan olinganini rasman e’lon qilishdi. Bu futbolchilar uchun shok xabar bo‘ldi. Men Mirjalol Qosimovni o‘z akamdek ko‘raman. Ular bilan juda ko‘p birga ishlaganmiz. Shunga qaramay, o‘sha davrda bu qaror noto‘g‘ri edi. Butun saralash bosqichiga tayyorlagan murabbiy birdaniga ishdan olingani natijaga ta’sir ko‘rsatdi. Yodimda bor, qaror e’lon qilingach, Server (Jeparov) bilan birgalikda Futbol federatsiyamiz ofisiga bordik. Bir necha kundan so‘ng, Livan bilan mehmonda o‘yinimiz bor edi. Hech bo‘lmasa, shu o‘yinda Abramov bizni boshqarishini so‘ramoqchi edik.

Afsuski, eshik tagidan qaytdik. Bizni ichkariga kiritishmadi ham. Tushkun kayfiyatda Beyrutda o‘yin o‘tkazdik. Natijada, durang qayd etildi. Yakunda, aynan o‘sha uchrashuvda qo‘lga kiritilmagan 3 ochko bizga pand berdi. Vaholanki, barcha JCHga urilmagan 2 ta gol sababli bora olmaganmiz, deb hisoblaydi. Menimcha, Bayrutdagi bahsda g‘alaba qozonganimizda, hammasi boshqacha bo‘lar edi. Gap shundaki, Mirjalol akada ham jamoaga moslashish uchun yetarlicha vaqt bo‘lmagan. Qanday qilib MTJni Jahon chempionati saralash o‘yiniga 4-5 kunda tayyorlash mumkin? Livandagi o‘yinda Abramov ishlab, keyin postni topshirganida, balki hozir barchasi boshqacha yakun topgan bo‘larmidi?! Afsuski, endi bu gap-so‘zdan hech qanday naf yo‘q.

- "Olimpik" va O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyining bir oylik maoshi 15 million so‘mdan ko‘pmi?
- Ha. Menimcha, bu normal holat. Sababi, agar murabbiylar yetarlicha ta’minlanmasa, ular ish paytida xotirjam fikrlay olmaydi. Miyada moliyaviy kamchiliklar haqidagi o‘ylar bo‘lsa, qanday qilib yosh avlodga futbol sir-asrorlarini 100 foiz o‘rgatish mumkin. Hozirda "Olimpik" futbolchilari 2 million so‘m maosh oladi. Ularga bu pullar kelajakda 2 million dollarga aylanishi mumkinligi va barchasi ularning o‘z qo‘lida ekanligini ko‘p bor ta’kidlaganman.

- Murabbiy sifatida qaysi mutaxassisni o‘zingizga ustoz deb hisoblaysiz?
- To‘g‘risi, qaysidir murabbiyni alohida qayd etishim mushkul. Sababi, ularning barchasidan nimadir o‘rganganman. Insonning tabiati shunaqa. O‘ziga kerakli bo‘lgan barcha narsani olib qoladi va kerak pallada ishga soladi. Men ham futbolchilik davrimda birga ishlagan murabbiylardan o‘rganganlarimga suyanaman.

- Terma jamoa bosh murabbiyi sifatida Urugvayga qarshi bahs o‘tkazdingiz. Aytingchi, bunday muhim o‘yinda maydonga eksperimental tarkib tashlanganiga qaramay, muxlislar o‘yindan nimaning evaziga xursand bo‘ldi?!
- To‘g‘risi, bu juda murakkab davrlar edi. Terma jamoa omadsizlikka uchragach, birorta murabbiy taklifni qabul qilishni istamadi. Muxlislar norozi, barcha g‘azabda. Shu vaziyatda MTJ uchun yordam berishni istadim. O‘zi bizda omadsizlikdan so‘ng muxlislarning keskin tanqidlari ko‘payib ketadi. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda "futbolchilar xalqni pulini yemoqda" qabilidagi gap-so‘zlar urchib ketdi. Bu so‘zlarda hech qanday mantiq yo‘q. Xo‘p, pullar xalqniki ekan, ammo bu futbolchilar kimni bolasi? Ular shu xalqning farzandi emasmi? Biz ularni chet eldan olib kelganimiz yo‘q. O‘ylashimcha, nafaqat maydondagi, balki uning tashqarisidagi ko‘plab yomon illatlarga qarshi kurash olib borishimiz shart.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Futbolimizdagi eng katta muammo va Livanga qarshi o‘yindagi mish-mishlar haqida Timur Kapadze bilan intervyu