2 378
Shota Arveladze yangi klubiga o‘zbekistonlik qaysi futbolchini olib kelmoqchiligini aytdi
Biz uchun qadrdon murabbiyga aylanib ulgurgan Shota Arveladzeni sog‘inayotganlar oramizda ko‘p. Esingizdami, O‘zbekistonga kelgan ilk paytida biroz qiynalgandi. Oqibatda “Paxtakor” bilan ko‘zlagan natijasiga erisha olmagan. O‘shanda tan olaylik, Arveladzening salohiyatiga, uning tajribasiga shubha bilan qaray boshlashdi. Lekin keyingi mavsumdan boshlab jamoa o‘yinida to‘liq murabbiyning imzosi ko‘rina boshladi. Buning uchun o‘ziga kerakli o‘yinchilarni ham qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, gruziyalik mutaxassis boshqaruvidagi jamoani O‘zbekistonda yana eng kuchli klubga aylantirdi va Osiyoda ham mavqeini tiklay boshladi. To‘g‘ri, “Paxtakor”dagi sharoitlar, moliyaviy imkoniyatlarning yaxshiligi ham natijalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan, deya fikr bildirayotganlarga qarshi bormoqchi emasmiz. Biroq Shota Yustinovich murabbiy sifatida futbolchilarni zamonaviy bilimi bilan “ilhomlantirgandi”. Uning “Paxtakor”i Osiyo Chempionlar ligasini yutish darajasidagi mavqega chiqqandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Uning ketgani yodingizda bo‘lsa kerak-a? Qanday saviyadagi murabbiyligini isbotladi va sovrinlarni yutgach, “Paxtakor”dan boshini tik qilgan holda ketishni lozim topdi. Uning ketishini hech kim istamadi, biroq u o‘z qarorini o‘zgartirmadi. Arveladzeni endi faqat iliq xotiralar bilan eslaymiz.
“Paxtakor”ning sobiq ustozi hali yangi ish joyiga ega bo‘lgani yo‘q. Biroq unga yetarli darajada takliflar bo‘lyapti. Ayniqsa, Angliyaning “Xall Siti” klubidan tushgan taklif ancha qiziqarli ko‘rindi. Bu xabar o‘zbekistonlik muxlislarni ham bee’tibor qoldirmadi.
Inglizlarning taklifi bo‘yicha tafsilotlarini Sports.uz sayti orqali kuni kecha qisman bo‘lsa-da, e’tiboringizga havola qilgandik. Bunday vaziyatda Arveladzening ushbu chaqiruv yuzasidan munosabatini bilish ham biz uchun juda qiziq edi. Shu maqsadda gruziyalik mutaxassis bilan bog‘lanishga urindik. Albatta, yangi yil arafasi bo‘lgani sababli mutaxassis ko‘pincha oila va do‘stlar davrasida ekanini ma’lum qildi. Lekin biz ham ortga chekinmadik va uning fikrlarini o‘rganish uchun kutdik. Vaqti tig‘iz bo‘lishiga qaramay, Arveladze bizning savollarimizga qisqaroq bo‘lsa-da, javob berdi.
- Shota Yustinovich, sizni avvalambor yangi – 2022 yil bilan tabriklayman. Ayting-chi, yangi yilni qayerda va kim bilan kutib oldingiz?
- Rahmat. Men yangi yilni Gruziyada, o‘z uyimda yaqinlarim bilan birgalikda kutib oldim. Axir yangi yil oilaviy bayram sifatida nishonlanib kelinadi.
- Va nihoyat, 2022 yilda yana faol murabbiylik faoliyatingizga qaytsangiz kerak-a?
- Ha, men biror-bir jamoani boshqarishni, tezroq ishga kirishishni kutyapman.
- Yaqinda Angliyaga borib keldingiz va “Xall Siti” bilan muzokara o‘tkazdingiz. Bu siz uchun qulay taklifmi? Uni qabul qildingizmi?
- Ha, menga taklif bildirildi. Angliyada ishlash imkonini beradigan vizani olish uchun ariza topshirganman. O‘sha viza kelishi bilanoq ishga kirishishni intiqlik bilan kutib qolyapman. Hozircha ish boshlashim bilan bog‘liq masala hal bo‘lmasdan turibdi. Nasib qilsa, tez orada hammasi hal bo‘ladi. Shundan umid qilib turibman.
- “Xall Siti”da oldingizga qanday vazifa qo‘yilyapti? U yerda o‘zingizni sinab ko‘rishga tayyormisiz?
- Boya aytganimdek, hozircha ish bilan bog‘liq masala uzil-kesil hal bo‘lgani yo‘q. Qachonki, barchasi aniq bo‘lgach, shunda nimadir aytishim mumkin.
- Sizni jiddiy qiziqtirayotgan yana boshqa takliflar ham bormi?
- Aytishim kerakki, menda bir qancha takliflar yo‘q emasdi. Masalan, Turkiyadan ham takliflar olgandim.
- Agar Angliyada ishlasangiz qaysidir o‘zbek futbolchilarini taklif qilish rejangizda bormi? Masalan, Jaloliddin Masharipovni yangi klubingizda ko‘rmoqchimisiz?
- Angliyada ish boshlaydigan bo‘lsam, Jaloliddin Masharipovni jon deb boshqaruvimdagi jamoaga o‘ynash uchun olib kelgan bo‘lardim.
- Murabbiy sifatidagi orzuingiz qanday?
- Premer ligada ishlash murabbiy sifatidagi orzularimdan biridir.
Mana, o‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, Arveladze Angliya klubi bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha munosabatini bildirdi. Uning o‘zida ham Angliya chempionatida murabbiylik qilish istagi yuqori. Ayniqsa, o‘z klubida Masharipovni ko‘rish istagi borligini ochiq aytgani ham e’tiborga molik. Ammo hozirgi paytda nafaqat har kuni, balki har soatda qandaydir yangilik paydo bo‘lib qolishi mumkin.
Mazkur maqolani tayyorlayotgan chog‘imizda gruziyalik murabbiyga Rossiyaning “Krasnodar” klubidan qiziqish bo‘layotgani haqida xabar tarqaldi. Shuni aytish kerakki, bu Arveladze oldida turgan variantlardan biri sifatida qabul qilindi. Ushbu xabardan so‘ng, yana bir bor unga aloqaga chiqishimizga to‘g‘ri keldi. Negaki, “Krasnodar” rostdan ham taklif bildirganmi-yo‘qmi, shuni bilishimiz kerak edi. Shota Yustinovichga yuborgan so‘rovimiz bo‘yicha u ushbu xabarni tasdiqladi.
Demak, “Krasnodar”dan taklif bo‘lgani rost. Lekin murabbiy yuqorida aytganidek, hozirda Angliyada ishlash borasidagi masala hal bo‘lishini kutyapti. Qolaversa, o‘zi ham ingliz chempionatida ishlash niyatida ekanini yashirmagan. Biroq takliflar orasida paydo bo‘lgan “Krasnodar” varianti Arveladzening rejalarini o‘zgartirib yuborishga qodirmi? Buni tez orada bilib olamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Britaniya muzeyi mamlakat tarixidagi eng qimmat sovg‘aga ega bo‘ladi