09:23 / 13.01.2022
2 074

“Roma” hujumchidan voz kechib, yangi futbolchi transferini e’lon qildi

“Roma” hujumchidan voz kechib, yangi futbolchi transferini e’lon qildi
“Roma” qishki transferlar davrida ikkinchi yangi futbolchini rasman tanishtirdi. Joze Mourino “Portu”dan universal yarim himoyachi Serjiu Oliveyrani olib kelishni uddaladi.

Hozircha, tajribali yarim himoyachi mavsum oxiriga qadar bir million yevro evaziga poytaxtlik “bo‘rilar” sharafini himoya qiladi. “Roma”da keyinchalik uni 13-15 million yevroga sotib olish huquqi bor.

Serjiu Pinto universal yarim himoyachi hisoblanadi.Mutaxassislar uning himoyada ham keskin hujum uyushtirishda ham alohida mahoratga ega ekanini ta’kidlamoqda.

29 yoshli futbolchi Yevropa maydonlarida katta tajriba to‘plagan. Serjiu shu paytga qadar Belgiya, Fransiya, Gretsiya va Portugaliya chempionatlarida to‘p tepgan. So‘nggi jamoasi – “Portu” safida 174 ta uchrashuvda qatnashib, jami 39 ta gol va 25 ta assistni amalga oshirgan.

Joriy mavsumda Portugaliya chempionati vakili tarkibida barcha turnirlarda 24 marotaba maydonga tushib, beshta gol va to‘rtta golli pas muallifi bo‘ldi.

Mourino Mayoraldan voz kechdi
Joze Mourino “Real”dan ijaraga olingan hujumchi Borxa Mayoral xizmatidan voz kechdi. Portugaliyalik mutaxassis ispan hujumchisiga tarkibdan joy bermasligini va u o‘ziga yangi jamoa topishi kerakligini aytgani haqida ma’lumotlar tarqatilmoqda.

“Roma” ijara shartnomasi mavsum oxirigacha davom ettishi kerak bo‘lgan futbolchini muddatidan oldin Madridga qaytaradi. Tabiiyki, “Real” bosh murabbiyi Karlo Anchelotti ham Mayoralni asosiy tarkibga jalb qilmaydi.

Ta’kidlash lozimki, “Roma” Mayoralni qaytarib yuborgani bilan bu futbolchini 20 million yevroga to‘liq transfer qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

Mayoral joriy mavsumda A Seriyada atigi besh marta maydonga tushib, gol ura olgani yo‘q.

Borxa ishsiz qolmadi
O‘tgan mavsumda “Roma”ning 24 ta golida ishtirok etib, asosiy to‘purar va yetakchi hujumchisiga aylangan Borxa Mayoral Joze Mourino qaroriga ko‘ra, Rimni tark etmoqda.

24 yoshli hujumchi ishsiz qolgani yo‘q. “Real” o‘z tarbiyalanuvchisini “Roma”dan olib Ispaniya chempionati vakili “Xetafe”ga ijaraga beradi.

Borxa Mayoral joriy mavsumda barcha turnirlar jami 11 ta uchrashuvda qatnashib, bittadan gol va assistni amalga oshirdi. Bosh murabbiy unga ishonch bildirmasligini ma’lum qildi.

Borxaning “Real” bilan shartnomasi 2023 yilning yarmigacha tuzilgan.

“Xetafe” Mayoral xizmatlaridan mavsum oxirigacha foydalanadi. Hujumchini sotib olish huquqi esa hamon rimliklarga tegishli.

“Roma” Shevchenkoga futbolchi jo‘natadi
“Jenoa” bosh murabbiyi Andrey Shevchenko jamoa himoya chizig‘ini “Roma” asosiy tarkibiga kirishga qiynalayotgan Rikkardo Kalafori bilan kuchaytiradigan bo‘ldi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Joze Mourino 19 yoshli iste’dodli futbolchi o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi va tajribasini oshirishi uchun uni Genuyaga ijaraga yuborishga qaror qilgan.

Kalafori universal futbolchilar toifasiga kiradi. Asosan chap qanot himoyachisi bo‘lishiga qaramay, bu qanotda yarim himoyada va mudofaa markazida ishonchli o‘ynay oladi.

Kalaforining “Jenoa”ga o‘tishi ortidan Genuya klubi rahbariyati jamoa himoyachisi Muhammad Faresni “Torino”ga qo‘yib yuborishga rozi bo‘lgani aytilmoqda. Turin klubi Faresni keyinchalik transfer qilish huquqi bilan mavsum oxirigacha ijaraga olmoqchi.

Kalafori esa joriy mavsumda to‘qqizta uchrashuvda qatnashdi, ikkita golga assistentlik qildi va uning o‘yini Mourinoga ma’qul keldi. Biroq, chap qanot himoyasidagi kuchli raqobatda imkoniyatni boy berib qo‘yayotgani uchun “Jenoa”ga beriladigan bo‘ldi.

Mourino Angliyaga qo‘ng‘iroq qildi
Joze Mourino anchadan beri “Tottenxem” yarim himoyachisi Tangi Ndobmelege qiziqish bildirmoqda.

Portugaliyalik mutaxassis sobiq shogirdiga shaxsan qo‘ng‘iroq qilib, undan Italiyaga kelishni so‘ragan. “Tottenxem” o‘z tarixidagi eng qimmat transfer egasi bilan xayrlashishga tayyor. Avval, Mourino “shporlar”ni boshqargan davrda fransiyalik futbolchi bilan kelisha olmay qolgandi.

O‘z vaqtida 60 million yevroga sotib olingan Tangi Ndombelening londonliklar bilan kelishuvi 2025 yilning yozigacha davom etadi. “Roma” bu o‘yinchini sotib olishga qiynaladi va shuning uchun Mourino uni ijaraga olmoqchi.

Ndombele joriy mavsumda to‘qqizta uchrashuvda bittadan gol va assist qayd etdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Roma” hujumchidan voz kechib, yangi futbolchi transferini e’lon qildi