21:55 / 15.01.2022
1 692

"Dinamo"ning yangi bosh murabbiyi ilk intervyusida nimalar haqida gapirdi?

"Dinamo"ning yangi bosh murabbiyi ilk intervyusida nimalar haqida gapirdi?
“Dinamo” klubi ustozi sifatida ish boshlagan serbiyalik Predrag Rogan biz uchun yangi murabbiy. Chunki u birinchi marta yurtimizda faoliyatini boshladi.

Hozircha 48 yoshli murabbiyning nimalarga qodirligini yaxshi bilmaymiz. U murabbiylik faoliyati davomida Serbiyaning bir qancha klublarini boshqargan. Qolaversa, Quvayt hamda Vengriya chempionatlarida ham ishlab kelgan.

“Dinamo”da uni nimalar kutmoqda? Albatta, buni chempionat davomida bilib olamiz. Ammo Predrag O‘zbekistonga o‘zidan yaxshi nom qoldirish maqsadida kelgani aniq. Mutaxassis yangi klubida ishga kirishganidan keyin o‘zining ilk intervyusini Sports.uz muxbiriga berdi.

- Janob Rogan, sizni “Dinamo” klubi bosh murabbiyi vazifasiga tayinlanganingiz bilan tabriklayman. Adashmasam, dekabrda ham Samarqandga kelgandingiz. Umuman olganda, hammasi qay tarzda ro‘y berdi?
- Tabrik uchun katta rahmat! Gapingiz rost, shartnoma imzolashdan oldin biroz muddat Samarqandda bo‘lishimga to‘g‘ri kelgan. Ammo bu dekabr emas, balki noyabrda yuz bergandi. O‘shanda klub rahbariyati, shahar va bu yerdagi shart-sharoit va umumiy holat bilan tanishish payida bo‘lgandim. Mana, nihoyat, joriy yil 11 yanvar kuni bu yerga keldim. Hammasi uzil-kesil hal bo‘lganidan juda mamnunman. Dastlabki taassurotlarim ajoyib darajada. Lekin yangi mavsum uchun tayyorgarlik ishlari juda ko‘p ekanligini ham ta’kidlab o‘tishni istagan bo‘lardim. Bu yo‘lda avvalo o‘yinchilarni tanlab olgan holda jamoani mavsumga tayyorlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Boya aytganimdek, ish juda ham ko‘p. Lekin shu bilan birga yakuniy natija ham yaxshi bo‘lishi mumkinligidan umid qilib qolaman.

- Yangi klubingizda ishni nimadan boshladingiz?
- Yuqorida aytib o‘tganimdek, oldimizda mas’uliyatli ishlar ko‘p. Shak-shubhasiz, jamoani mos o‘yinchilar bilan shakllantirish eng dolzarb vazifa sanaladi. Bunda ishni to‘g‘ri tashkil qilish, ijobiy muhitni yaratish juda qo‘l kelishi tayin. Biz shu yo‘lda astoydil harakat qilmoqchimiz. Eng muhimi, ish asnosida zimmamizda turgan mas’uliyatli vazifani to‘g‘ri bajarish, muxlislar ko‘z o‘ngida uyalib qolmaslik darkor bo‘ladi.

- “Dinamo” pro ligadan Superligaga chiqishga erishgan. Rahbariyat yangi mavsumda klub oldiga qanday vazifani qo‘ymoqda?
- Hammasidan ham muhimi “Dinamo”ning Superligada mustahkam o‘rnashib olishi va maksimal kuch bilan to‘p surgan holda ishqibozlarini quvontirishi asosiy planga qo‘yilgan. Albatta, so‘z bilan amal o‘rtasida katta farq bo‘ladi. Reja amalga oshishi uchun esa jamoa yaxshi shakllanishi kerak. Bunday paytda o‘yinchilarni tanlashda yanglishmaslik o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, yaxshi jamoa, hamfikrlar bilan hamnafas bo‘lish, ishni tashkil etishda bir qator qulayliklar bunday masalani hal etishda muhim ahamiyatga egadir. Zero, yaxshi natija shunga mos ravishda tanlab olingan o‘yinchilardan iborat jamoaga mos tushadi.

- O‘tgan mavsumdan keyin garchi “Dinamo” Superligaga ko‘tarilgan bo‘lsa ham jamoani bir qator yetakchilar tark etishga ulgurdi. Shunday ekan, klub transfer bozorida faol bo‘ladimi?
- Albatta, Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishda muhim rol o‘ynagan o‘yinchilar jamoada qolishini istagan bo‘lardik. Afsuski, bunday bo‘lgani yo‘q. Bo‘lar ish bo‘lib o‘tdi. Endi klubdagi bor futbolchilar va imkon qadar chetdan o‘yinchilarni olib kelgan holda mavsumga hozirlik ko‘rishga kirishmoqchimiz. O‘z navbatida klubdagi vaziyat bunday o‘tish davrida bizdan faol bo‘lishni talab qiladi. Yangi futbolchilarni tanlashda talabchanlik muhim ahamiyat kasb etmasdan qolmaydi. Chunki ijrochilar talabingizga javob bersagina ular bilan birga nimanidir amalga oshirishning iloji bo‘ladi.

- Murabbiylar shtabida sizga kimlar yordam berishadi?
- Men uchun professional sheriklar juda muhim. Men o‘z shtabimdagilarni har doim diqqat bilan tanlashga odatlanganman. Chunki sizni to‘g‘ri tushunadigan yordamchilaringiz o‘z navbatida jamoada ijobiy muhitni yuzaga keltirishda va bunday muhit yordamida yaxshi natijalarga erishish mumkinligida qo‘l keladi. Hozir mening shtabimda Ivan Yevich yordamchi, Dilshod Sharofutdinov fitnes bo‘yicha murabbiy, Mixali Naumov esa darvozabonlar ustozi hamda tahlilchi Alijon Bobomurodov ishlashadi.

- Ayting-chi, bunga qadar o‘zbek futboli haqida qanday ma’lumotlarga ega edingiz?
- Ilgari o‘zbek futbolini sinchkovlik bilan kuzatmagan bo‘lsam-da, u haqida harqalay o‘ziga yarasha tushunchaga ega edim. “Dinamo” Samarqand bilan shartnoma imzolaganimdan keyin o‘zbek futboli haqidagi qiziqishlarim keskin ortdi va uni ichidan yaxshi biladigan Boyan Miladinovich bilan darhol bog‘landim. Chunki u ancha vaqt o‘zbek futbolining yetakchi klubi sanaladigan “Paxtakor”da to‘p surgan. Keyinchalik o‘zbek chempionatida u kabi to‘p surgan va hozirda ham faoliyatini davom ettirayotgan serbiyalik bir qator hamyurtlarim bilan bog‘landim. Srechko Katanes bilan ham ushbu masala yuzasidan suhbatlashganimni aytib o‘tmog‘im darkor. Katanetsning yordamchisi Vlado Radmanovich menga o‘zbek chempionatida sifatli futbol o‘ynalishini gapirib berdi. O‘z navbatida men o‘zbek futbolchilari orasida iqtidor egalari talaygina ekanligini bir qancha o‘yinlarni tomosha qilish orqali anglab yetdim.

- Siz “Bavariya” bilan katta g‘alabalarga erishgan, endilikda Germaniya terma jamoasini boshqarayotgan Xans Diter Flikka o‘xshashib ketasiz. O‘zingizga ham shu haqda gapirishganmi?
- Bunday yoqimli o‘xshatishni birinchi marta sizdan eshitib turibman (kuladi). Albatta, Flik “Bavariya”da juda katta natijalarga erishgani kabi men ham o‘zbek chempionatida muvaffaqiyatli faoliyat olib borishdan umid qilib qolaman. Axir orzuga ayb yo‘q.

- Ilgari ham o‘zbek klublaridan sizga takliflar bo‘lganmi?
- Yo‘q, “Dinamo”ga qadar menda o‘zbek klublaridan takliflar bo‘lmagan. Bu birinchi chorlovdir. Men klub rahbariyati o‘zimni o‘zbek chempionatida sinab ko‘rish imkoniyatini yaratib bergani uchun barcha mutasaddilardan minnatdorman va “Dinamo”ning bir bo‘lagiga aylanish men uchun yuksak sharafdir. Men bu gapni o‘z va shu yerga birga kelgan yordamchim Ivan Yevich nomidan gapiryapman. Shuningdek, buni murabbiylar shtabidagi qolgan sheriklarim nomidan deb ham qabul qilishingiz mumkin. O‘z navbatida men va yordamchilarim “Dinamo”ning yangi boshlanadigan mavsumda jiddiy natijaga erishishi yo‘lida bor kuch-g‘ayratim va bilimimni ishga solishga va’da beraman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Dinamo"ning yangi bosh murabbiyi ilk intervyusida nimalar haqida gapirdi?