1 099
"Navbahor"dagi anshlag hozirdanoq boshlanib ketdi. Muxlislar Babayandan "mo‘’jiza" kutishyapti...mi?
Bugun Namanganda “Navbahor” navbatdagi nazorat uchrashuvida ishtirok etdi. Raqib Qirg‘izistonning “Alay” jamoasi. Qishki tayyorgarlik uchun yaxshi raqib. “Navbahor” yaqinda “Turon” bilan ham o‘z maydonida o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazganini bilasiz. O‘shanda 2:1 hisobida raqibidan ustun kelgan Samvel Babayan jamoasi bu safar qirg‘izistonliklarni 4:1 hisobida tor-mor keltirdi. Agar chetdan kelgan biror kishi bu bellashuvni ko‘rib qolsa, albatta chempionat o‘yini deb o‘ylaydi.
Bu aslida oddiy o‘yin, chempionatga tayyorgarlik jarayonining bir qismiga kiradi xolos. Ammo stadiondagi muhitni ko‘rdingizmi? O‘yinni ko‘rish uchun “Navbahor” markaziy stadioniga kamida 7 mingdan ziyod ishqiboz to‘plandi. Qoyilmisiz?! Endi o‘ylang, hozirdanoq oddiy o‘rtoqlik o‘yiniga shuncha muxlis kirib tursa, ertaga chempionat boshlanganda qanday anshlag bo‘lishini tasavvur qilyapsizmi? Namanganlik muxlislar katta futbolni qanchalik sog‘inishganini yaqqol ifodasi, bu. Rasmiy o‘yindan qolishmaydigan bahsga aylanib ketdi. Futbol baribir muxlislar bilan go‘zal. Hatto, Superligada shunday jamoalar borki, ularning rasmiy o‘yinlariga ham shuncha muxlis kirmaydi!
Rostini aytganda, ishqibozlar sevimli jamoasining hozirgi holatiga haddan ziyod qiziqayotganlariga bir nechta sabablar bor. Birinchisi, bu Samvel Babayan. “Navbahor”ga rasman bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyin jiddiy ravishda ishga kirishdi. U “Lokomotiv”da ishlayotganidayoq “Navbahor”ga befarq emasligini va bu klub sha’niga juda iliq so‘zlarni aytgani albatta namanganlik ishqibozlarni befarq qoldirmagan. Taqdir taqozosi bilan o‘sha murabbiy endi Namanganda ishlayapti va undan ta’bir joiz bo‘lsa, “mo‘’jiza” kutishyapti, ishonavering! Shuning uchun ishqibozlar Babayan jamoasiga katta qiziqish bilan qarashmoqda.
Ikkinchi sababi esa tarkibdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Jamshid Iskanderov, Yovan Jokich, Zoran Marushich, Elguja Grigalashvili, Islom Kenjaboyev, Yegor Krimes, Nurillo To‘xtasinov, Stanislav Andreyev, Jamshid Boltaboyev, Xurshid Muxtorov...Yaxshi ijrochilar! Klubning seleksiyadagi amalga oshirayotgan transferlari ishqibozlarni xursand qilayotganini anglash qiyin emas. Yangi futbolchilarni ko‘rish, ularning o‘yinidan zavq olish ishtiyoqidagi ishqibozlarning holatini tushunsa bo‘ladi. Ular mavsum boshlanishini sabrsizlik bilan kutishmoqda. Babayan ular uchun balki syurpriz tayyorlayotgandir-a?! Axir uni “Navbahor”ga shunchaki kelgan deb o‘ylaysizmi? Shuncha harakat, shuncha xarajat va shuncha mehnat. Bularning zamirida albatta aniq va jiddiy maqsadlar yashiringan.
Mana ko‘rasiz, bu yil “Navbahor” stadioni “yonadi”. Klubning bunday tayyorgarligiga javoban ishqibozlar ham jim qarab turmaydi. “Navbahor”ning asosiy kuchi – bu uning jonkuyar va o‘ta talabchan muxlislaridir. Shuning uchun hozirdanoq klubni bu mavsumda juda qaynoq sarguzashtlar kutayotganiga ishonamiz.
Babayan yuqori darajadagi muhitga ega bo‘lgan klubda ishlashga ishtiyoqmand bo‘lib yurgani uchun o‘zini juda talabchan muxlislari bor jamoaga bag‘ishladi. Bu tavakkalchilikmi yoki hammasi aniq reja asosida qilinganmi, bunisini hozir aytish qiyin. Mavsum oxirida hammasi ma’lum bo‘ladi. To‘g‘ri, “Navbahor”da shunday odat borki, chempionat boshlanishidan avval doim maqsad katta aytiladi-yu, biroq mavsum yakunida bu klubni o‘sha aytilgan pog‘onada topa olmay qolamiz. Lekin bu safar qanday bo‘ladi? Yangi murabbiy omadsizlikka chek qo‘ya oladimi? U Namangan xalqining orzusini ro‘yobga chiqara oladimi?
Aftidan, klubdagi o‘zgarishlar shunga qarab ketyapti. To‘g‘ri, mavsum oldidan hammaning imkoniyati ham, kuchi ham teng. Og‘izda har qancha gapirsak bo‘laveradi, ammo hammasini amalda ko‘rsatish kerak. Hozircha shuni aytish mumkinki, Babayan va uning jamoasini ko‘pchilik Superliganing favoritlari qatoriga qo‘shishyapti. Faqat shuni aniq ayta olamizki, yangi mavsumda “Navbahor” chempionatdagi intrigani ancha qizitadi. Darvoqe, jamoa oxirgi kuchaytirilgan rejimdagi tayyorgarlik bosqichini yana bir bor Turkiyada o‘tkazib qaytadi. Xullas, hozircha barchasi Babayanning rejasi asosida ketyapti, chempionatda ham uning rejasi o‘xshaydimi-yo‘qmi, buni birgalikda kuzatamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Toshkentda vafot etgan rossiyalik jurnalist ishiga doir qo‘shimcha ma’lumot