11:55 / 04.02.2022
929

Elguja Grigalashvili: "Ochig‘i, bu yerda futbolni shunchalik yoqtirishadi, deb sira o‘ylamagandim"

Elguja Grigalashvili: "Ochig‘i, bu yerda futbolni shunchalik yoqtirishadi, deb sira o‘ylamagandim"
“Navbahor” klubiga qo‘shilgan yangi o‘yinchilar orasida gruziyalik Elguja Grigalashvilini siz o‘quvchilarga ortiqcha tanishtirishning hojati bo‘lmasa kerak. Shundoq ham uni yaxshi bilasizlar.

Gruziya hamda Kipr chempionatlarida o‘ynagan futbolchi 2018 yildan buyon yurtimizda to‘p surib kelmoqda. Bunga qadar u “Qizilqum” va AGMK klublarida faoliyat olib bordi. Bu yil esa “Navbahor” sharafini himoya qiladi. Bosh murabbiy Samvel Babayan gruziyalik legionerni tarkibga bejizga taklif qilmagan. Golga chanqoq futbolchining harakatlari murabbiyning uslubiga ham mos tushadi va jamoaga shunga o‘xshash o‘yinchi ham kerak edi.

Gruziyalik legioner yangi klubi tarkibida gollar urishni boshlab yuborgan. Kecha Namanganda “Navbahor” Qirg‘izistonning “Alay” klubi bilan kuch sinashib 4:1 hisobida g‘alaba qozongani haqida xabar bergandik. Ushbu uchrashuvda Grigalashvili o‘z hisobiga 2 ta gol yozib qo‘ydi. Uchrashuvdan so‘ng, futbolchining fikrlari bilan qiziqib ko‘rdik.

- Elguja, “Alay”ga qarshi o‘yin qanday kechdi? Sizningcha, raqib kuchsizmidi?
- O‘yinni g‘alaba bilan tamomladik, bu juda zo‘r. Raqib shunchaki kuchsiz jamoa emasdi. Aftidan, bugun biz kuchliroq o‘ynadik.

- Sizningcha, bu uchrashuv “Navbahor” uchun qanchalik foyda beradi?
- Bu o‘yinni o‘tkazish juda foydali bo‘ldi. Chunki “Navbahor” tayyorgarlik ko‘rishga kirishgan. Tayyorgarlik jarayonida esa rejaga ko‘ra o‘yinlar biz uchun juda muhim. Asosiysi, biror-bir futbolchimiz jarohat olmasin.

- “Navbahor”ning o‘rtoqlik o‘yiniga 7 mingga yaqin muxlis stadionga keldi. Chempionat boshlanganida qanday bo‘lishini tasavvur qilyapsizmi?
- Ha, buning uchun ishqibozlarga kattakon rahmat. Axir futbol muxlislar uchun o‘ynaladigan o‘yindir. Bizning omadimiz chopgan. Chunki shuncha muxlislarimiz bor.

- Umuman aytganda, stadiondagi muhitga qanday baho berasiz? Bunday anshlagni kutganmidingiz yoki...
- Biz bunga qadar 27 yanvar kuni ham o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, o‘shanda ham shunday muhitda to‘p surgandik. Juda yoqimli. Ochig‘ini aytsam, bu yerda futbolni shunchalik yoqtirishadi, deb sira o‘ylamagandim.

- Namanganlik muxlislarga qanday ta’rif bergan bo‘lardingiz?
- Bilasizmi, ko‘plab muxislar ko‘z o‘ngida to‘p surish o‘z-o‘zidan kayfiyatni ko‘tarib yuboradi. Bunday holat futbol va o‘yinchilar uchun juda yoqimli.

- Endi yig‘in Turkiyada o‘tadi. U yerda asosiy e’tibor nimaga qaratiladi?
- Bilmayman, bu masalani faqat murabbiy hal qiladi.

- O‘rtoqlik o‘yinida dublga erishdingiz va olqishlarga sazovor bo‘ldingiz. Sizdan ko‘p narsa kutayotgan ishqibozlarga nimani va’da berasiz? Misol uchun chempionatda nechta gol urishni rejalashtiryapsiz?
- Bu borada oldindan biror va’da bera olmayman. Chunki va’da bajarilmay qolsa, muxlislar ko‘z o‘ngida yuzim shuvut bo‘lib qoladi. Futbolchi qancha gol kiritishi mumkinligini faqat Yaratgan biladi xolos. Shuni aytishim mumkinki, iloji boricha ko‘p gollar kiritishga harakat qilmoqchiman.

- Maqsadingiz qanday?
- Bu savolingizga javob bermasam ham klub oldiga qanday vazifa qo‘yilishi mumkinligini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Ko‘ramiz, hammasi qanday kechishini vaqt ko‘rsatadi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Elguja Grigalashvili: "Ochig‘i, bu yerda futbolni shunchalik yoqtirishadi, deb sira o‘ylamagandim"