12:12 / 12.02.2022
1 780

“Roma”da mojaro: futbolchilar murabbiydan norozi, rahbariyat esa Joze tomonda

“Roma”da mojaro: futbolchilar murabbiydan norozi, rahbariyat esa Joze tomonda
“Roma”da kelishmovchiliklar kelib chiqmoqa boshladi. Ko‘p narsaga Joze Mourino hissiyotlarini bosolmay, tiliga erk berishi sabab bo‘lyapti. Jsingizda bo‘lsa, Konferensiyalar ligasida “Budyo-Glimt” rimliklarni 6:1 hisobida mag‘lub etganidan keyin portugaliyalik mutaxassis shogirdlariga qattiq gaplar qilgan, uchrashuvdan keyin aybni Gonsalo Vilyar, Borxa Mayoral, Amadu Diavara kabi o‘yinchilarga to‘nkagan edi.

Yaqinda “Yuventus”dan alamli mag‘lubiyatni qabul qilib olganidan keyin javobgarlikni Eldor Shomurodovga yukladi. O‘sha uchrashuvdan keyin legionerimiz gol urib, yo‘q aybni yuvgan bo‘lsa-da, Mourino hamyurtimizni o‘yinga tushirmay qo‘ydi. “Roma”ning oxirgi ikki uchrashuvida Shomurodov zaxirada qoldirildi.

Italiya kubogi chorak finalida sobiq jamoasi – “Inter”dan “kaltak yegan” rimliklar bosh murabbiyi kiyim almashtirish xonasida o‘z shogirdlarini haqorat qildi.

Mourinoning “Birinchi o‘n daqiqada sinib qolganlaringni sababini bilmoqchiman. Hech qaysing eplolmading. Oxirgi ikki mavsumda katta klublar oldida yaroqsiz matohga aylanib qolganlaring sababini bilmoqchiman. Agar o‘zimizni zaif his qilsak, boshqalarga ham bizga shunaqa munosabatda bo‘ladi.

“Inter” superklub, unga qarshi ishtiyoq bilan kurashish o‘rniga 10 daqiqadayoq taslim bo‘ldilaring. Erkak kishining eng katta kamchiligi o‘zligini yo‘qotishida. Katta uchrashuvlardan qo‘rqsangiz, chempionlar bo‘lmagan, katta stadionlari yo‘q va bosimdan xoli S Seriyada o‘ynang", degan tanqidlari matbuotda ovoza bo‘ldi.

Bosh murabbiy futbolchilarning “po‘stagini qoqqan” ana shu majlis kiyim almashtirish xonasida bo‘lgan va unda faqat o‘yinchilar hamda murabbiylar shtabi vakillari bo‘lgan. Futbolchilar bu sharmandali holat matbuotga olib chiqilganidan norozi. Hozir hamma bu ma’lumotlarni kim jurnalistlarga sizdirganiga qiziqmoqda.

O‘z navbatida, “Roma” futbolchilari ham bosh murabbiydan norozi ekani oshkor bo‘la boshladi. Il Messaggero nashrining xabar berishicha, o‘yinchilar bosh murabbiyga bo‘lgan ishonchni yo‘qotgan. Ular Mourinoning ish uslubi eskirgan va samarasiz, deb hisoblamoqda. Shuningdek, futbolchilar yanvarda amalga oshirilgan transferlar jamoa o‘yinini kuchaytirishiga ishonmayapti.

Bundan tashqari, S Seriyada ishtirok etayotgan “Chittadella” klubi sardori Romano Pertikone ham portugaliyalik mutaxassis gaplariga o‘ziga xos javob qaytardi, deb xabar bermoqda Football Italia nashri.

- S Seriya o‘yinlarida betimga tupirishdi, ko‘zimga barmoqlarini tiqishda, o‘lim bilan tahdid qilishdi. A Seriyada bunaqasi bo‘lmaydi. Janob Mourino, agar solishtirsangiz, faqat texnik ko‘rsatkichlarga e’tibor qarating, ular aniq farq qiladi, - dedi Romano Pertikone.

Romano Pertikone o‘z davrida mashhur klublarda o‘ynagan. “Milan” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan tajribali himoyachi o‘zini tarbiyalagan klubdan tashqari turli ligalarda “Verona”, “Kremoneze”, “Livorno”, “Sampdoriya”, “Modena”, “Novara”, “Empoli”, “Trapani”, “Chezena”, “Salernitana” kabi jamoalar sharafini himoya qilgan.

Ayni paytda Joze Mourino o‘z oldiga qo‘yilgan uchta – Chempionlar ligasiga chiqish, Konferensiyalar ligasida g‘olib chiqish va Italiya kubogini qo‘lga kiritish vazifasidan ikkitasini bajara olgani yo‘q.

Hozir hech kim “Roma”ning A Seriyada kuchli to‘rtlikka kirishiga ishonmayapti. Italiya kubogi ham armon bo‘lib qoldi. Mourino joriy mavsumda Konferensiyalar ligasida g‘olib chiqib, biroz xotirjam tortishi mumkin.

Shunga qaramay, klubga egalik qiluvchi Fridkinlar oilasi Joze Mourinoga ishonch bildirishda davom etishini ma’lum qildi. Den Fridkin o‘z ishonchini tasdiqlash uchun murabbiyga yozda yangi o‘yinchilar olish uchun mablag‘ ajratishni maqsadga muvofiq, deb topdi.

Portugaliyalik mutaxassis uch yillik loyihani muvaffaqiyatli tarzda yakunlashi talab etiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Roma”da mojaro: futbolchilar murabbiydan norozi, rahbariyat esa Joze tomonda