21:45 / 18.02.2022
1 578

Srechko Katanes: "70 daqiqadan keyin futbolchilar charchab qolmoqda"

Srechko Katanes: "70 daqiqadan keyin futbolchilar charchab qolmoqda"
Sports.uz eksklyuziv intervyularni taqdim etishda davom etadi. Bu safar, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi - Srechko Katanetsga mikrofon tutdik. Sloveniyalik mutaxassis, yurtimiz futboliga oid eng og‘riqli savollarga batafsil javob berdi.

- Siz bir necha bor shogirdlaringizdan agressiv harakat qilishini talab qilayotganingizni ko‘rdik. Bundan avvalgi jamoangiz - Iroq shunday futbol o‘ynar edi. O‘zbekiston esa, butkul boshqacha harakat qiladi. Tajovuzkor to‘p surishni o‘rgatish uchun biroz ko‘proq vaqt sarflab yuborishdan qo‘rqmaysizmi?
- Hech kim bilmaydi bizga qancha vaqt kerak bo‘lishini. Bu ko‘proq klublarga bog‘liq. O‘zbek klublaridagi o‘yinda agressivlik bo‘lmasa, yig‘iq futbol o‘ynamasa muammo yechilmaydi. Futbolchilar maydonda bir-biriga quruq so‘z bilan emas, harakat bilan yordam bermasa, bundan natija chiqmaydi. Agar biz sal keskinroq harakat qilsak, bundan faqat yutamiz. To‘g‘ri, hali jamoani o‘zimiz istagan darajaga olib chiqishga erisha olmadik. Ba’zi arab jamoalari singari maydonda kurash olib bormayotgandirmiz, ammo barchasini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yib borishimiz shart. Aks xolda, chiroyli o‘yin va chiroyli pas bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi.

- MTJ juda ko‘p muhim o‘yinlarda chiroyli o‘ynab, yakunda mag‘lubiyatga uchragan. Balki, bu siz aytayotgan muammo bilan bog‘liqdir?
- To‘g‘risi, bilmadim. Bu muammo yoki boshqa narsami. Agar, to‘pni juda ham ko‘p o‘zimizda ushlab tursak, raqib o‘z jarima maydonchasiga qamalib oladi. Natijada, gol kiritish qiyinlashadi. Ular himoyaga yotib olishi aniq. Biz esa, gol kiritishda ikki barobar qiynalamiz. Shu bois, biz mentalitetimizni o‘zgartirishimiz lozim. To‘g‘ri, bosim qilishimiz kerak, ammo 60-70 daqiqa emas. Meni ko‘rgan xulosamga ko‘ra, biz doim o‘yinni to‘liq nazorat qilganmiz, lekin keyin birdan pasayish ko‘zga tashlanadi. Biroz boshqacharoq harakat qilish kerak.

Boshqa jamoaga ham o‘ynashga berish kerak. Bu g‘alati eshitilishi mumkin, aks xolda ularning mudofaasida bo‘sh zonalar paydo bo‘lmaydi. Bizda tezkor, chaqqon futbolchilar bor. Boshqachasiga natija qilish juda qiyin. Dunyoning eng kuchli jamoalari shunday uslubdan foydalangan bo‘lishi aniq, ammo avtobus qo‘ygan raqib himoyasini yorib o‘tishga ular ham qiynaladi. Bunday o‘yinlarda sizda Messi bo‘lsagina natijaga erishish mumkin. Bizda juda ko‘p yaxshi ijrochilar mavjud. Shu bois, mentalitetni o‘zgartirish kerak. E’tibor bering, Janubiy Sudan bilan bahsda qanday gol kiritdik. Ularga to‘p surish imkoniyatini taqdim etdik va qarshi hujumlarda raqibni jazoladik.

- O‘zbekiston superligasi tasavvur qilganingizdan kuchliroq yoki kuchsizroq?
- Men to‘g‘risini aytaman. Ichki birinchilikdan ko‘p narsa kutganim yo‘q. Avvallari chempionat yomonroq bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Sababi, chempionlik uchun faqat "Paxtakor" kurash olib borgan. Osiyo chempionlar ligasida qatnashgan. Hozirgi kunda "Paxtakor" bilan teng keladigan jamoa bo‘lmasligi mumkin. Negadir, xalqaro musobaqada bizni kuchimiz yetmay qolmoqda. Nima uchun bunday ekanligini bilmayman. Klublar ham jismoniy tayyorgarlikka e’tibor berishi kerak. Buning ustida ishlamasak, barchasi murakkablashadi.

- Bizda juda ko‘p narsa ruhiyatga borib taqalmoqda. Ko‘plab futbolchilarimizni hal qiluvchi 90 daqiqalikda ruhiyati dosh bermayapti. Bu narsani davosi bormi?
- Birinchi navbatda, siz jismoniy tayyor bo‘lmasangiz, ruhan ham muammoga duch kelasiz. Agar men sizga qaraganda yaxshiroq formada bo‘lsam, yugurganimda boshim yaxshiroq ishlaydi. Shu bois, ruhan ham bu omil ta’sir ko‘rsatadi. Charchagan futbolchi maydonni va jamoadoshlarini ko‘ra olmaydi. Bu normal vaziyat. Ha, bizda jismoniy holat a’lo darajada emas. So‘nggi 20 daqiqada gol o‘tkazib yuborishimiz shu bilan bog‘liq. Boz ustiga, birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborsak, sal bosim o‘tkazishga harakat qilamiz va yana raqib darvozamizni ishg‘ol qiladi. To‘g‘ri, mentalitet deyilmoqda, ammo hammasi noldan quriladi.

Siz g‘olibni 15-16 yoshli futbolchidan talab qilish orqali "yasash" mumkin. Bu juda oson narsa. Natijada, u doimo g‘alaba qozonishni istaydi. Biz ko‘p narsani o‘zgartirishimiz kerak. Bu mehnat, ulkan mehnat! Bu oddiy, maza qilib to‘p tepish emas. Chiroyli o‘yin, qobiliyatini ko‘rsatish, to‘pni chiroyli to‘xtatish bilan ish bitmaydi. Bugun ham (Janubiy Sudan bilan o‘yin nazarda tutilmoqda) ko‘proq gol kiritishimiz kerak edi. Afsuski, ba’zan xuddi gol kiritishni istamayotgandek harakat qilyapmiz. Ortiqcha to‘pga teginish, to‘pni o‘zimizda ko‘proq ushlab qolyapmiz. Biz ularga faqat maslahat berishimiz mumkin xolos. Ular maydonda qaror qabul qiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Srechko Katanes: "70 daqiqadan keyin futbolchilar charchab qolmoqda"